Ukrainaga qarshi jangga tashlangan KXDR askarlari: ekspertlar qanday fikrda?
Janubiy Koreya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, 23 oktyabrga qadar KXDRning 3 ming askari Rossiyaga keltirilgan, umuman Shimoliy Koreya Ukraina bilan urushga 12 ming askarini jo‘natishni rejalashtirmoqda.
Bu orada Ukraina tomoni Uzoq Sharqdagi «Sergeyevskiy» poligonida shug‘ullanayotgan shimoliy koreyalik askarlarning videosini e’lon qildi.
«Mediazona» nashri KXDR bo‘yicha eskpertlar Andrey Lankov va Fyodor Tertitskiy bilan bu borada suhbatlashdi. Ular KXDR rahbariyatining bu qarori nega kutilmagan bo‘lgani va Shimoliy Koreya armiyasi qanday tuzilganini so‘zlab berishdi.
Izolyatsiyaga qaramasdan
«KXDR tarixida bunaqasi bo‘lmagan», — deydi koreyashunos, Seuldagi Kukmin universiteti o‘qituvchisi Andrey Lankov.
Shimoliy Koreya avval ham bir necha marta o‘z harbiylarini xorijdagi mojarolarda ishtirok etish uchun jo‘natgan, biroq ular kichikroq kontingent bo‘lgan: shimoliy koreyalik uchuvchilar 1960-yillarda Viyetnamdagi urushda qatnashgan, 1967 va 1973 yillardagi arab-isroil urushlarida ishtirok etishgan. Bundan tashqari, KXDR harbiylari texnika yetkazilishini kuzatib borishgan.
«KXDR har doim sezilarli qurol-yarog‘ yetkazib beruvchi bo‘lgan. Ular asosan qashshoq xaridorlar uchun arzon tizimlarga ixtisoslashgan, shu sabab shimoliy koreyalik harbiylar Fiji va Ruanda kabi mutlaqo ekzotik joylarda ham paydo bo‘lishgan», — deydi Lankov.
Seuldagi Kukmin universiteti katta ilmiy xodimi, KXDR armiyasi bo‘yicha mutaxassis Fyodor Tertitskiyning qo‘shimcha qilishicha, ilgari KXDR xorijga askarlar emas, ofitserlar jo‘natganida, ular «biror zararli narsani o‘rganib kelishi»dan cho‘chib, ularni shaxsan dohiyning o‘zi yoki vorisi tasdiqlagan.
Rossiyaga askarlar jo‘natilishi KXDRning o‘zi so‘nggi yillarda og‘ishmay amal qilib kelayotgan izolyatsionistik kursiga ters, deydi Lankov.
«Hozir Shimoliy Koreya maksimal izolyatsiya siyosatini yuritmoqda va men shunday degan bo‘lardim: agar ular ishchilarni chetga jo‘natishni cho‘zishayotgan bo‘lsa, harbiy xizmatchilarni jo‘natish siyosiy jihatdan yanada xavfliroq tadbir, — deydi Lankov. — Shimoliy Koreya rahbariyati mamlakat aholisi undan tashqaridagi hayot bilan tanishishini umuman istamaydi. Ular azaldan shunaqa, biroq avval qandaydir yon berishlarga tayyor bo‘lishgan bo‘lsa, hozir butunlay yopilib olishgan. So‘nggi yillarda Shimoliy Koreya o‘z tarixida misli ko‘rilmagan darajada yopiq davlat. Rasmiy bahona sifatida, albatta, koronavirus pandemiyasi ishlatilmoqda, biroq, tabiiyki, bu sabab emas, aynan bahona».
19 iyun kuni Vladimir Putin va Kim Chen In (Kim Jong Un) strategik hamkorlik to‘g‘risida shartnoma imzolashdi.
The Wall Street Journal nashri ma’lumotiga ko‘ra, bu shartnomada maxfiy punkt bo‘lgan va u Ukrainaga minglab shimoliy koreyalik askarlarni jo‘natishni nazarda tutgan. Bu haqda nashrga Rossiya razvedkasining shartnoma detallaridan boxabar sobiq zobitlaridan biri so‘zlab bergan. Uning qo‘shimcha qilishicha, KXDR yana qo‘shin jo‘natishda davom etadi. Zobitning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda shimoliy koreyalik harbiylar front chizig‘idan xavfsiz masofada ushlab turilibdi. Ular logistika, taktika, frontning old chizig‘ida pilotsiz parvoz qurilmalarini ishlatishga o‘rgatilmoqda.
Rand Corp. tahliliy markazi yadroviy xavfsizlik masalalari bo‘yicha ilmiy xodimi Benjamin R. Yangning taxmin qilishicha, KXDR hukumati holdan toydiruvchi urushda g‘alaba qozonishga o‘rganish va artilleriyadan samarali foydalanish imkoniyatidan foydalanib ko‘rmoqchi. «Hech qanday o‘quv mashqlari va mashg‘ulotlar harbiy harakatlarda jamg‘arilgan real tajriba o‘rnini bosa olmaydi va bu Koreya yarimorolida kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan mojarolarda asqatadi», — degan u.
Janubiy Koreya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya KXDRga har bir odami uchun oyiga 2 ming dollardan to‘lab beradi.
Ekspertlar bu qaror Shimoliy Koreya rahbariyati uchun oqibatlar keltirib chiqaradi, degan umumiy fikrga kelishgan.
«Chegaradan tashqarida hamma ham, ayniqsa bu ishlar ustidan kuzatuv olib borishi kerak bo‘lganlar — harbiy politsiya va butun siyosiy tarkib qiziq g‘oyalarga ega bo‘lishi mumkin, — deydi Tertitskiy. — Ba’zan bu qiziq oqibatlar keltirib chiqarishi ham mumkin, chunki bu insonlar va ularning harbiy tayyorgarligi dohiyni o‘ldirishdek jangovar vazifa uchun ham juda mos keladi. Dohiyning tansoqchilari hisobga olinmasa, ular binoni shturm qilib, tansoqchilarning qarshiligini sindirib, semizlikning og‘ir darajasi bilan og‘rigan birgina insonni yo‘q qilish uchun hammadan ham munosib nomzodlar».
Lankov esa askarlar frontdan qaytgach, harbiy davlat to‘ntarishi yuz berishi mumkinligiga ishonmaydi: «Men, to‘g‘risi, bu ssenariyga ko‘p ham ishonmayman, biroq bunday bo‘lishining ehtimoli o‘ta past darajadan past darajaga ko‘tariladi. Shimoliy Koreya elitasi o‘zaro jangga kirishishdan manfaatdor emas. Ularda yo‘l yo‘q. Shimoliy Koreya ekzistensial tahdidga duch keladigan, ya’ni mamlakatning mavjudligi savol ostida qoladigan dunyoning kam sonli davlatlaridan biri hisoblanadi. Agar tizim qulasa, u o‘z vayronalari ostida ayni paytdagi shimoliy koreyalik hukmron qatlamni bosib qoladi. Men Kimlar oilasi haqida emas, yuz minglab odamlar haqida gapiryapman. Bu odamlar ham u yoki bu daraja buni tushinishadi va keskin harakatlar qilishdan tiyilishadi. Lekin dunyo ko‘rib kelgan zobitlar korpusi hokimiyatga nisbatan tanqidiyroq munosabatda bo‘lishi ham bor gap».
Risklarga qaramasdan KXDR hukumati nega bunday qadam bosgani hozircha tushunarsiz. «Menimcha, Shimoliy Koreya rahbariyati birinchidan bu orqali katta pulga ega bo‘lishni maqsad qilgan, ikkinchidan, qandaydir olish qiyin bo‘lgan muhim harbiy texnologiyani qo‘lga kiritishdan umidvor, chunki Rossiya bunday texnologiyalarni bekordan bekorga bermaydi», — deya taxmin qiladi Lankov.
Shimoliy Koreya rahbariyati «butun dunyoni potensial dushman deb qabul qiladi», shu sabab harbiy texnologiyalar ularga har doim zarur. Ular hozir «zaruriyat tug‘ilganida istalgan davlatga zarba bera olish uchun» qit’alararo ballistik raketasini ishlab chiqib, qurollanishga qabul qilishni ko‘zlamoqda.
Xudkushlar otryadi
Janubiy Koreya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaga KXDRning 11-armiya korpusi harbiylari jo‘natilgan. «Bu avval yengil piyodalar deb atalgan, keyinroq maxsus operatsiyalar kuchlari deb nomlangan. Ya’ni, kolxozlarga yordam beruvchi va bo‘sh vaqtlarida dohiyning asarlarini o‘rganuvchi oddiy piyodalarga taqqoslanganda bular maxsus askarlar va shturmchilar», — deydi Tertitskiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya armiyasi juda eskirgan va «XIX asrning klassik armiyasi va sovuq urush davri armiyasi omixtasiga o‘xshaydi». KXDR armiyasida hanuz siyosiy rahbar (politruk)lar instituti saqlanib qolgan, ular qo‘mondonlarning buyruqlarini tasdiqlab berishi kerak.
«Siyosiy rahbar — bu qandaydir masalalarda qo‘mondonga tenglashtirilgan shaxs. Shartli qilib aytganda, qo‘mondon «Rota, manavi joyga otlan», deb buyruq bersa, askar «O‘rtoq, siyosiy rahbar, siz bu buyruqni tasdiqlaysizmi?» deb so‘rashi kerak. Agar siyosiy rahbar tasdiqlamasa hech qanaqa siljish bo‘lmaydi», — deb tushuntiradi ekspert.
Ba’zi masalalarda harbiy politsiya vakili, kadrlar bo‘limi boshlig‘i va qo‘mondonning ort chiziq bo‘yicha o‘rinbosarining ma’qullovi ham kerak bo‘ladi. Jangovar sharoitlarda bu qanday ishlashi mutlaqo tushunarsiz. Samarali jang qilish uchun shimoliy koreyaliklar bu tizimni o‘zgartirishi kerak bo‘ladi. «Bu ayyorliklarning barchasi davlat to‘ntarishining oldini olish uchun qilingan», — deydi Tertitskiy.
Shuningdek, frontda paydo bo‘lgan shimoliy koreyaliklar rossiyalik harbiylar bilan buyruqlar zanjirini qanday o‘rnatishi ham tushunarsiz — eng avvalo ular til to‘sig‘iga duch kelishadi. Tertitskiyning so‘zlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya armiyasidagi kam sonli ofitserlar ingliz tilini bilishi mumkin, «rus tili ikkinchi o‘rinda, lekin uni o‘zlashtirish juda ortda qolgan».
KXDRdagi muddatli xizmat nima?
Tertitskiy shimoliy koreyalik yigitning tipik yo‘lini tasvirlab berdi: 16 yoshida u harbiy hisobga qo‘yiladi, ikki yildan so‘ng agar universitetga kira olmasa, uni armiyaga chaqirishadi. Mamlakatda aholining faqat 10 foizi oliy ma’lumot olishi mumkin.
Chaqiruv bilan armiyada xizmat yetti-sakkiz yil davom etadi. Dastlabki ikki-uch oyda Rossiya armiyasidagidek, chaqiriluvchi o‘quv qismida tayyorgarlikdan o‘tadi, yosh askar kursini o‘taganidan so‘ng uni doimiy xizmat manziliga jo‘natishadi. Unda «kundalik tashvishlar» boshladi: askarlar birga yashashadi, doim «mashg‘ulotlar va mafkuraviy darslar»da qatnashishadi, shuningdek, harbiy matbuot bilan tanishishlari mumkin. Ularni uylariga qo‘yib yuborishmaydi, ota-onalari bilan deyarli ko‘rishishmaydi.
Xizmatning uchinchi yilida xizmat qilayotgan askarga fuqarolik hayotiga qaytish — universitetga hujjat topshirish yoki zobitlik unvonini qo‘lga kiritib, professional harbiy bo‘lish uchun harbiy o‘quv yurtiga yo‘l olish imkoniyati taqdim etiladi. Biroq, askarlarning ko‘pchiligi xizmat qilishda davom etishadi va oradan to‘rt yil o‘tgach, «fuqarolik hayotiga mutlaqo tayyor bo‘lmagan holda» demobilizatsiya qilinadi.
Ekspertlar fikricha, hokimiyat harbiylarga Rossiyaga borib urushishni so‘rab, tushuntirib ham o‘tirmagan. «Harbiy kishining ishi — siyosiy rahbariyat buyurgan joyga borib jangga kirishish, — deydi Lankov. — Bu shunchaki harbiy xizmatning bir qismi. Shu sababli, bu yerda vaziyat juda oddiy. Harbiylar qayerdadir jang olib borishga buyruq olishgan va yo‘la tushishgan. Bu urush nega bo‘layotgani, qanday siyosiy sabablar tufayli yuzaga kelgani ularni aslo tashvishlantirmaydi, shuning uchun ularning pozitsiyasi mutlaqo yagona: bunday masalalarni siyosiy rahbariyat hal qilishi kerak».
Lankovning aytishicha, KXDR armiyasining reputatsiyasi yaxshi, lekin uni faqat jangovar sharoitda sinab ko‘rish mumkin bo‘lgan. «Shimoliy Koreya armiyasi 70 yildan buyon chinakamiga urushib ko‘rgani yo‘q, — deydi u. —Kichik, mikroskopik guruhlarning to‘qnashuvlari hisob emas. Shuning uchun har qanday syurprizni kutsa bo‘ladi. Ular o‘zlarini 300 spartalik oldlarida ip esholmay qoladigan jangchilar sifatida namoyon qilishi ham mumkin, aksincha, birinchi portlash ovozidan qochib ketishlari ham mumkin».
Shimoliy Koreya armiyasida asirga tushib qolish xavfi yuzaga kelganda, ular o‘zlarini o‘ldirishi kerakligi askarlarning qulog‘iga quyiladi. Lankovning so‘zlariga ko‘ra, Janubiy Koreya va Yaponiyada kichik miqyosli operatsiyalar o‘tkazgan shimoliy koreyalik razvedka guruhlari «asirga tushishdan ko‘ra o‘zini o‘ldirishni ma’qul ko‘rishgan», biroq «yirik kontingentlar uchun mutlaqo boshqa vaziyat yuzaga kelishi mumkin».
Ko‘zni qamashtiruvchi boy Rossiya
Shimoliy koreyaliklarda Rossiya obrazi «ancha ko‘zni qamashtiruvchi», deydi Tertitskiy. Lankov ham buni tasdiqlaydi: KXDR aholisi Rossiyani «ko‘zni qamashtiradigan darajada boy, juda erkin, qiziq madaniyatga ega va nisbatan do‘stona davlat» deb bilishadi. Shimoliy koreyaliklar uchun erkinlik bu — «prezident haqida latifalar aytish imkoniyati, gubernatorni hattoki gazetada so‘kish, hech qanday ruxsatnomasiz mamlakatning istalgan nuqtasiga bora olish, bolasi bilan Misrning arzon kurortlarida dam olib kela olish, Shimoliy Koreyada taqiqlangan kitoblarni o‘qiy olish va internet titkilash», — deb sanaydi u.
Hozir KXDRning rasmiy ommaviy axborot vositalari Ukraina bilan urush haqida Russia Today bilan bir xil mazmundagi lavhalar uzatmoqda, deydi Tertitskiy. O‘tgan yozgacha ichki auditoriyaga mo‘ljallangan OAV umuman bosqin haqida yozmagan. Rossiyaning sobiq mudofaa vaziri Sergey Shoygu KXDRga kelib ketganidan so‘ng vaziyat o‘zgargan.
«Hozir esa Ukrainaning ayni paytdagi hukumati AQShning qo‘g‘irchog‘i ekani, Rossiya esa Kiyevdagi amerikaparast agressiv rejimdan himoyalanish uchun hamda ukrain xalqini o‘sha amerikaparast reaksion rejimdan qutqarish uchun urush olib borayotgani haqida so‘zlanmoqda, — deydi Lankov. — Bu rasmiy liniya. Unga aholi nechog‘lik ishonayotganini aytish qiyin. Menimcha, chippa-chin ishonmoqda, chunki ko‘pchilikda boshqa muqobil axborot manbasining o‘zi yo‘q».
Mavzuga oid
09:30
RF TIV Ukrainaning NATOga a’zoligi bo‘yicha «nemis modeli»ni rad etdi
08:50
AQSh: KXDRning 8 mingga yaqin askari Ukrainada jang qilishga tayyor
02:02
KXDR qit’alararo ballistik raketa sinovini o‘tkazdi
23:08 / 31.10.2024