O‘zbekiston | 22:29 / 07.11.2017
13544
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiyalik top-menejyer «O‘zbekiston havo yo‘llari»ga ishga o‘tdi

Turkiyalik ekspert O‘rxon Sivrikiy "O‘zbekiston havo yo‘llari"ning strategik rivojlanish bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlandi. Bu haqida milliy aviakompaniya (MAK) matbuot xizmatida xabar berildi.

Foto: uzairways.com

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi delegatsiyaning oktabr oyida Turkiyaga tashrifi davomida "O‘zbekiston havo yo‘llari" MAK tomonidan fuqarolik aviatsiyasi bo‘yicha turkiyalik ekspertni maslahatchi sifatida jalb etish masalasi ko‘rib chiqilgandi.

Turkiyadagi uchrashuvlar natijasida MAK fuqarolik aviatsiyasi bo‘yicha mashhur top-menejyer O‘rxon Sivrikiyni hamkorlikka jalb etishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Janob Sivrikiy 1991 yilda Bosfor universitetini tugallagandan so‘ng o‘z hayotini aviatsiya bilan bog‘ladi. O‘tgan yillar ichida u Turkiya, Yevropa va Shimoliy Amerikada mas'uliyatli lavozimlarni egallab kelgan va o‘zini aviayo‘nalishlarni rejalashtirish, yangi biznes-modellarni yaratish, shuningdek marketing va daromadlarni boshqarish bo‘yicha yetuk mutaxassis sifatida namoyon qilgan.

Texnika fanlari doktori O‘rxan Sivrikiy "O‘zbekiston havo yo‘llari" milliy aviakompaniyasining strategik rivojlanish bo‘yicha maslahatchi lavozimiga 6 noyabrdan kirishdi.

Ma'lumot uchun:

  • 1967 yilda tug‘ilgan;
  • 1991 yilda Bosfor universiteti bakalavriatini tugallagan;
  • 1997 yilda Okan universiteti magistraturasini tugallagan;
  • 2012 yilda Okan universitetida "Aviatashuvlarga bo‘lgan talablarni prognoz qilish" mavzuida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan;
  • 2015 yilda Turkiyada "Yilning eng yaxshi marketing direktori" deya tan olingan;
  • Ingliz va nemis tillarini biladi;
  • Dunyoning 100dan ortiq mamlakatida bo‘lgan;
  • Oilali, ikki farzandning otasi.

Mavzuga oid