Jamiyat | 17:00 / 27.11.2017
37190
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda keksa ayoldan yo‘l haqi olmagan konduktorga mukofot berildi

Foto: Toshshahartransxizmat

Toshkent avtoparki rahbariyati keksa ayol yo‘lovchidan yo‘l haqini olishdan bosh tortgan konduktorni mukofotladi, hamda ijtimoiy tarmoqlardagi foydalanuvchilar tomonidan maqtovlarga sazovor bo‘ldi.

"Potrebitel.uz" (Facebook) guruhidagi foydalanuvchining kuni kecha Toshkent shahrida faoliyat ko‘rsatuvchi konduktor Shuhrat Shertoyev haqidagi posti 10 mingdan ortiq laykni yig‘di, 80 ming marta ko‘rildi va qariyb mingta izohga sabab bo‘ldi.

Foydalanuvchining xabar berishicha, Shuhrat ishlagan yo‘nalishli avtobusga keksa yoshdagi hassali onaxon chiqqan. U tartib bilan o‘ralgan pullarni olib, yo‘l haqi uchun to‘lamoqchi bo‘lganida, Shuhrat ayolni to‘xtatgan va shunday degan: “Onaxon kerak emas. Bugun biz onaxonlardan yo‘l haqi olmaymiz”.

Keksa ayol avvaliga pulni olishni talab qilgan, so‘ng esa ko‘ziga yosh kelgan. Avtobus yo‘lovchilari ham voqeadan ta'sirlangan. Guruh foydalanuvchilari Shuhratga 800 marta eng yaxshi tilaklarni bildirishgan, va ota-onasiga rahmat deyishgan.

Toshkent shahrining 5-avtoparki rahbariyati Shuhrat Shertoyevga mukofot bergani xabar qilingan.

Mavzuga oid