Iqtisodiyot | 09:16 / 09.12.2017
54526
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston oltin konlarini qidirish uchun to‘rtta investorni jalb etdi

Foto: Country Detail

O‘zbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar bo‘yicha davlat qo‘mitasi 2017 yilda o‘nta oltin qazib olinuvchi konlar hududlarini o‘zlashtirish istiqbollarini o‘rganish uchun to‘rtta xorijiy kompaniyani jalb etdi, deb xabar berdi RIA Novosti qo‘mita raisi Bobir Islomovga tayangan holda.

Bu haqda u Toshkentda bo‘lib o‘tgan Uzgeoinvest-2017 xalqaro konferensiyasi davomida ta'kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u Kanadaning B2Gold, Britaniyaning NordGold, Turkiyaning TUMAD va Janubiy Koreyaning Shindong Resources’si bilan shunday shartnomalarni imzolagan.

Qo‘mita rahbari taklif etilgan hududlardagi oltinning ehtimoliy zaxiralarini ma'lum qilmadi, biroq, ularning tadqiqotlari uchun jami investitsiyalar miqdori taxminan 8 mln dollarni tashkil qilishi mumkinligini aytib o‘tgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ikki yilga mo‘ljallangan shartnomalar bo‘lib, undan so‘ng investorlar o‘z tadqiqotlari asosida loyihaning keyingi bosqichlari - konlarni o‘zlashtirish, qazib oluvchi va qayta ishlash quvvatlarini qurish haqida qaror qabul qilishi kerak.

«Investorlar dastlabki tadqiqotlarni litsenziyasiz o‘tkazishi mumkin, bu texnologiyalar va xorijiy kompaniyalarni jalb qilish bo‘yicha ishlarni tezlashtiradi», - deya ta'kidlab o‘tgan Islomov.

Davlat qo‘mitasining ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati qimmatbaho metallar bo‘yicha 31 ta istiqbolli hudud va 12 ta kondan iborat ro‘yxatni tasdiqladi. Zaxiralar bo‘yicha prognoz - 151 tonna oltin va 1,2 ming tonna kumush.

Mavzuga oid