Jahon | 09:44 / 21.12.2017
41730
2 daqiqa o‘qiladi

Ramzon Qodirov AQShning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilganiga izoh berdi

Foto: TACC

Checheniston rahbari Ramzon Qodirov “Magnitskiy ro‘yxati”ga kiritilishiga izoh berdi va “AQShning butun valyuta zaxiralari” evaziga ham AQShga bormagan bo‘lishini aytdi.

20 dekabrda AQSh moliya vazirligi sanksiyalar ro‘yxatiga 5 nafar rossiyalikni, jumladan, Ramzon Qodirovni kiritgan. Ular AQSh ma'muriyati tomonidan “suddan tashqari jazolash, qiynoqlar va inson huquqlarining qolgan qo‘pol qoidabuzarliklarida” ayblanganlar.  

“Meni uyqusiz tun kutmoqda. Uyqu dorilar ham foyda bermaydi! Men avval ham gapirgandim va xotirasi chatoqlar uchun yana bir bor qaytaraman, agar menga mukofot puli sifatida AQShning butun valyuta zaxirasini ham va'da qilishganda AQShga bormasdim”, deb yozgan Qodirov Instagram’da.

“Butun dunyoga mashhur bo‘lgan amerikaliklar menikiga mehmonga keladilar, ba'zilari esa hattoki Chechenistonda qo‘nim topmoqchilar. Sizlarning sanksiyalaringizga tupurganlari bor. Aytishlaricha, sanksiyalar inson huquqlari buzilishlari bilan bog‘langanmish. Unda Oq uy va Pentagonda bunday huquqbuzarlar yetarlicha topilganda, ularni dunyoning bir burchagidan qidirishga ne hojat?”, deb kinoya qilgan Qodirov.  

“Aslida, AQSh men o‘z hayotimni xorijiy terrorchilarga qarshi kurash uchun bag‘ishlaganimni kechira olmaydi. Ular orasida AQSh maxsus xizmatlari yetishtirgan “tarbiyalanuvchilar” bor”, deb yozgan Qodirov.     

Magnitskiy ro‘yxatiga Qodirovdan tashqari, Ayub Katayev, Yuliya Mayorova, Andrey Pavlov va Aleksey Sheshenya ham kiritilgan. Hozirda bu ro‘yxatda 49 rossiyalik bor. 

Mavzuga oid