Jahon | 18:10 / 14.01.2018
9596
2 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an Suriya shimoliga harbiy yurish bilan tahdid qildi

Foto: Anadolu

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Tokat viloyatidagi chiqishi vaqtida Turkiya mamlakat ichkarisida ham, tashqarida ham terrorizmga qarshi jiddiy kurash olib borajagi haqida gapirdi. U Turkiya janubini terrorizm tahdididan himoya qilish uchun turk armiyasi yaqin kunlar davomida Suriya shimoli-g‘arbida joylashgan Manbij va Afrin mintaqalaridagi Suriya kurdlari hududida «Frot qalqoni» amaliyoti kabi harbiy amaliyot boshlanishi mumkinligini ma'lum qildi.

«Bizga berilgan va'dalar bajarilmasa, Manbij bir haftadan so‘ng nima qilishimizni ko‘radi», degan Erdo‘g‘an.

Shuningdek, u AQSh bu borada Turkiya bilan hamkorlik qilishiga umid bildirishini aytib o‘tgan.

«Anqarani va Turkiya bilan strategik hamkorlik doirasidagi qadamlarni qo‘llab-quvvatlash vaqti keldi. Biz Vashington Turkiyani qo‘llashini kutmoqdamiz. Umid qilamizki, do‘st davlatlar Ankaraning pozitsiyasini yoqlaydi. Afrindagi amaliyotlar davomida ittifoqchilarimiz xato qadam tashlamasligi va terrorchilar tarafini olmasligiga ishonch bildiramiz», degan prezident.

Turkiya Suriya kurdlarini terrorchilik tashkiloti deb hisoblaydi.

Anqara Suriya kurdlarini harbiy qo‘llab-quvvatlagani uchun Vashingtonni bir necha marta qoralagandi. 

«Frot qalqoni» aksilterror amaliyoti Suriya shimolida Turkiya qurolli kuchlari tomonidan 2016 yilning avgustidan 2016 yil martiga qadar o‘tkazilgandi IShID va PYD tashkilotlariga qarshi harbiy amaliyotlar natijasida 1200 kvadrat kilometr maydon ozod qilingan, jumladan 200dan ortiq aholi punkti, 3 mingga yaqin jangari yo‘q qilingandi.

Mavzuga oid