Jamiyat | 21:00 / 15.01.2018
72557
9 daqiqa o‘qiladi

Dabdabali yashashni taqiqlab bo‘lmaydi: «chiroyli» raqamlar uchun Markaziy Osiyodagilar qancha to‘lashga tayyor?

2017 yilning 1 sentabridan O‘zbekistonda katta pul evaziga, jumladan, auksion savdolar orqali ma'lum bir kombinatsiyadagi harflar va raqamlarni tanlash imkoniyati taqdim etildi. «Ochiq Osiyo onlayn» O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistondagi «elita» avtoraqamlari bozorini o‘rganib chiqdi.

O‘zbekiston

Chiroyli avtoraqamlarning onlayn-auksioni O‘zbekiston Respublikasi tovar-xom ashyo birjasi ko‘magida avtoraqam.uzex.uz saytida o‘tkaziladi. U yerga istalgan kishi kirishi mumkin, auksionda ishtirok etish uchun qandaydir qog‘oz hujjatlar talab etilmaydi. Ham shaxsiy kompyuter, ham mobil qurilmalar orqali qayddan o‘tsa bo‘ladi. Savdo platformasi mamlakat hukumatining 2017 yil 31 avgustidagi «Avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ularga ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini berish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori asosida ishga tushirilgan. Shunday qilib, endi chiroyli avtomobil raqamini qonuniy yo‘l bilan ochiq xarid qilish mumkin.

Foto: Kun.uz

Savdolarda qatnashish uchun avtomobilchilarga qayddan o‘tish zarur bo‘ladi. Buning uchun plastik kartani akkauntga bog‘lab, boshlang‘ich bahoning 10 foizi miqdorda garov puli kiritish kerak. Savdo tugagach, summa faqat auksion g‘olibidan yechib olinadi, qolganlar garov pulini qaytarib olishadi.

Savdo ishtirokchilari butun auksion mobaynida barcha takliflarni olishlari mumkin. Eng katta narxni e'lon qilgan g‘olib avtomatik tarzda tanlanadi. 5 ish kuni ichida u tuzilgan bitim bo‘yicha barcha moliyaviy majburiyatlarni yopishi va keyingi 10 kun ichida o‘z davlat raqamini O‘zbekiston Respublikasi IIV yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmalarida rasmiylashtirib olishi mumkin.

Avtoraqamlar bilan onlayn savdo 4 toifaga bo‘lingan: «Platina», «Oltin», «Kumush» va «Bronza». Har kuni «Avtoraqam» elektron tizimida o‘rtacha 10ta bitim tuziladi.

Foto: Kun.uz

Yangi savdo platformasining ishga tushirilishi avtomobil egalarining katta qiziqishiga sabab bo‘ldi. O‘tgan yilning sentabr oyidan buyon 700 ga yaqin avtoraqam sotilgan bo‘lib, ularning 470 dan ortig‘i jismoniy shaxslar, 215 tasi yuridik shaxslar tomonidan xarid qilingan. Savdo ortidan 14,4 milliard so‘m (1,78 million dollar) tushum qilingan.

Xaridorlar tuzilmasida Toshkent shahri va viloyati xaridorlari yetakchilik qilishmoqda — ularning ulushi 46 foizni tashkil etgan. Keyingi pozitsiyalarni Farg‘ona (11 foiz), Samarqand (10 foiz), Xorazm va Andijon (6 foizdan), Namangan va Sirdaryo viloyatlari (4 foizdan) egallab turishibdi. Qolgan viloyatlarning umumiy ulushi 13 foizga teng.

14 sentabr kuni soat 15:24 da O‘zbekiston respublika tovar xom ashyo birjasi axborot tizimi orqali ilk xarid amalga oshirildi: Jizzax viloyatida yashovchi kishi 7.563.637,5 so‘m (934 dollar) ga 25 E 070 EA raqamini xarid qildi.

Foto: Kun.uz

Keyinchalik savdo qatnashchilari yanada saxiy bo‘lib ketishdi. Bugungi kunga kelib auksionda sotilgan eng qimmat raqam «oltin» seriyaga mansub raqam hisoblanadi — 30 777 AAA. Uni 2017 yilning 1 noyabr kuni Samarqandda istiqomat qiluvchi ishbilarmonga 287 mln so‘m (35.500 dollar) ga sotishgan.  Qayd etish joizki, avtoraqamning boshlang‘ich bahosi 14.977.500 so‘m (1873 dollar) edi va auksion savdo jarayonlarida 20 barobarga o‘sgan. Bu pulga 6 ta Matiz, yoki 4 ta Spark, 3 ta Nexia, 2 ta Lacetti yoki Malibu va Captiva avtomobillaridan bittasini sotib olsa bo‘ladi!

Bu bitim ilgariroq 01 777 WEA avtoraqamini 97.653.300 so‘m (qariyb 12.000 dollar) ga xarid qilgan toshkentlik ishbilarmonni ikkinchi o‘ringa tushirib yubordi.

Bundan tashqari, birinchi toifadagi bir talay avtoraqamlar jismoniy shaxslarga sotilgan. Masalan 01 S 777 AV avtoraqami auksion savdolarida 81.926.925 so‘m (10.100$) ga sotilgan. Poytaxtlik yana bir kishi 01 Ye 777 AV raqami uchun 73.839.075 so‘m (9.120$) to‘lagan. Ayni paytda bular onlayn auksionlar orqali realizatsiya qilingan eng qimmat lotlardir. Poytaxtda jami bo‘lib 82 ta avtoraqam sotilgan.

Tizimda eng mashhur raqam — «777». Bunday kombinatsiya elitali hisoblanadi, chunki hududlardagi harflar va raqamlar variatsiyasiga ko‘ra jami 560 ta shunday raqam chiqarish nazarda tutilgan.

Onlayn savdolarda qo‘yilganidan tashqari, avtosevarlar tizimda yo‘q bo‘lgan raqamlarni ham xarid qilishlari mumkin. Buning uchun ular raqamni o‘zlari tanlab, o‘z yashash joyi bo‘yicha YHX boshqarmasiga ariza tashlashi kerak. Ariza uch kun ichida ko‘ib chiqiladi, avtoraqamni tayyorlashga esa bir oy ketadi. Bunday xizmat evaziga 150 minimal ish haqi — 25.836.000 so‘m (3200$) to‘lash kerak bo‘ladi.

 

Qirg‘iziston

Qirg‘izistonda «chiroyli» avtomobil raqamlarini rasman sotish o‘tgan yildan e'tiboran joriy qilindi. Ilgari raqamlar tartibi muvaffaqiyatli joylashgan avtoraqamlarni «tasodifan» olish mumkin edi. Endi ma'lum bir kombinatsiyaga ega avtoraqamni maxsus saytda xarid qilish mumkin. Davlat qaydga olish xizmatidagilar auksionning paydo bo‘lishini avtoraqamlar berishdagi korrupsiyani yo‘q qilish bilan tushuntirishdi.

Foto: Skrinshot

001 raqamli alohida harflar kombinatsiyaga ega avtoraqamning boshlang‘ich narxi 70 ming so‘m (1000 dollar) turadi. Harflari kombinatsiyasi turlicha bo‘lgan (masalan, 001 AAA, 001 AAV) xuddi shu avtoraqamning narxi 60 ming so‘m (860 dollar). 777 raqamining harflar kombinatsiyasi bir xil bo‘lgani 60 ming so‘m (860 dollar), harflari turlicha bo‘lgani — 54 ming so‘m (774 dollar).

Savdolar faqat onlayn rejimida o‘tkaziladi, ishtirokchining har bir qadami tizimda o‘rnatilgan qoidalar bo‘yicha amalga oshiriladi. Davlat raqami uchun eng yuqori baho bergan kishi g‘olib deb topiladi.

«Chiroyli raqamlar»ni asosan 25–30 yoshli yoshlar xarid qilishadi. Talabgir avtoraqamlar asosan Lamborghini va Bentley kabi avtomashinalar uchun xarid qilinmoqda, deydi davlat qaydga olish xizmatidagilar.

Auktsion tarixida eng qimmat lot — 01 777 AAA davlat avtomobil raqamidir. U 1 million 716 ming so‘m (25.200 dollar) ga sotilgan. Buncha pulga yangi xorijiy avtomashina xarid qilish mumkin. Uning savdodagi boshlang‘ich narxi 60 ming so‘m (860 dollar) bo‘lgan. Savdodan tushgan pulning katta qismini (91 foizini) davlat byudjyetiga yo‘naltirishgan. Auktsion faoliyat ko‘rsatayotganidan buyon 21 million so‘m (301 ming dollar) lik avtoraqamlar sotilgan.

 

Tojikiston

Avtomobillar uchun oltin raqamlar sotiladigan auksion Tojikistonda 2010 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. O‘tgan to‘liq yetti yil ichida eng qimmat raqam 01-01 AR 01 bo‘ldi va uni 2012 yilda qariyb 12 ming dollarga xarid qilishgan.

O‘sha yili Tojikiston huquqni muhofaza qiluvchi organlariga «yuqoridan» va 7777 va 8888 raqamlarini iste'moldan olib tashlash haqida og‘zaki buyruq kelgan, bunday raqamlardan faqatgina mamlakatning oliy mansabdorlarining qarindoshlari foydalanishi mumkin. Bunday raqamlar oddiysiga almashtirilgan; o‘shanda IIV vakillari jurnalistlarga bu holni shunday tushuntirishgan: «oltin» raqam egalari tomonidan yo‘llarda harakat qoidalariga bepisandlik fuqarolarning g‘azabini keltirgan.

Foto: tj.news

Dushanbeda oltin raqamlarning sotuvi bo‘yicha so‘nggi auksion 2017 yilning avgustida o‘tkazilgan. O‘shanda VA va VV-07 seriyasidagi davlat avtoraqamlari savdoga chiqarilgan. Bitta lotning bahosi 630 somoniy (71 dollar) bo‘lgan 224 ta raqam chiqarilgan. Qimmatbaho avtoraqamlar qanday narxlarga sotilgani oshkor etilmagan.

Darvoqe, Tojikistonda bunday savdolardan tushgan pullarning barchasi Rog‘un GESini qurishga yo‘naltiriladi.

Mavzuga oid