O‘zbekiston | 17:07 / 14.02.2018
28391
8 daqiqa o‘qiladi

Hukumat soya yetishtirish bo‘yicha yangi qaror qabul qildi

Foto: NaturalON

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Respublikada soya yetishtirish hajmlarini yanada ko‘paytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori e'lon qilindi.

Hujjat bilan 2017 yilda soya yetishtirishda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan:

a) soya ekinini ilmiy asoslangan holda joylashtirishga e'tibor berilmaganligi, soyaning yangi navlarini yaratish, birlamchi urug‘chiligini tashkil etish, uni yetishtirish bo‘yicha ilmiy tavsiyalarni ishlab chiqish yo‘nalishida ilmiy muassasalar faoliyati qoniqarsiz tashkil etilganligi uchun O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi direktori B.Xoliqovga hamda Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti direktori R.Siddiqovga “hayfsan” e'lon qilindi;

b) “O‘zpaxtayog‘” AJ (Salixov) tomonidan yog‘-moy korxonalarida soya yetishtiruvchi xo‘jaliklar bilan kontraktatsiya shartnomalarini tuzish ishlari to‘liq tashkil etilmaganligi,  xo‘jaliklarga zarur miqdorda urug‘lik yetkazib berilmaganligi, soya yetishtirish va agrotexnika tadbirlarini o‘tkazish uchun avans mablag‘lari o‘z vaqtida ajratilmaganligi va bu borada tizimli nazorat o‘rnatilmaganligi uchun “O‘zpaxtayog” AJning Ishlab chiqarish va investitsiyalar bo‘yicha direktori G‘.Pardayevga hamda tizimdagi yog‘-moy korxonalari - “Surxonoziqovqatsanoati” AJ (Nurmatov), “Guliston yog‘ ekstrakt” AJ (Allanazarov), “Agroxizmat Shindong” MChJ (Radjabov), “Toshkent yog‘-moy kombinati” AJ (Roziqov) rahbarlariga “hayfsan” intizomiy jazo chorasi e'lon qilish masalasi ko‘rib chiqiladi;

v) yer unumdorligi past, suv bilan yetarli darajada ta'minlanmagan maydonlarda soya ekini joylashtirilishi natijasida belgilangan hosil olinmaganligi, soyani yetishtirishda agrotexnika tadbirlarini o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazish ta'minlanmaganligi bo‘yicha kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi Andijon (Abduraxmonov), Buxoro (Barnoyev), Navoiy (Tursunov), Namangan (Bozorov), Sirdaryo (Mirzayev), Toshkent (Ibragimov), Xorazm (Sobirov) viloyatlari hokimlariga, Qo‘rg‘ontepa (Ergashev), Shofirkon (Tursunov), Xatirchi (Aliyev), Guliston (Ibodullayev), Bekobod (Isroilov), Shovot (Ataxonov), Zarbdor (Anqayev), Uzun (Normatov), Pop (Sultanov), Dang‘ara (Abdusalomov) tumanlari hokimlariga ko‘rsatib o‘tiladi;

2018 yilda soya yetishtirish prognoz ko‘rsatkichlari bajarilishi ta'minlanmagan taqdirda yuqorida qayd etilgan rahbarlar ularga nisbatan vazifasidan ozod qilishgacha bo‘lgan intizomiy jazo choralari ko‘rilishi to‘g‘risida qat'iy ogohlantirildi.

Quyidagilar:

2018 yil hosili uchun asosiy maydonlarda soya ekinini navlar bo‘yicha joylashtirish 1-ilovaga muvofiq;

2018 yilda soya doni yetishtirish uchun talab etiladigan avans mablag‘lari, yoqilg‘i-moylash mahsulotlari va mineral o‘g‘itlar hajmi 2-ilovaga muvofiq;

soya urug‘ligi yetishtirishga ixtisoslashtirilgan urug‘chilik fermer xo‘jaliklari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklariga:

bir oy muddatda mazkur qarorga 1-ilovada keltirilgan soya ekini ekiladigan maydonlarni fermer xo‘jaliklari va konturlar (eng kamida 5 gektar va suv bilan ta'minlangan maydon) bo‘yicha joylashtirish;

“O‘zpaxtayog‘” AJ tizimidagi yog‘-moy korxonalari bilan soya yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari o‘rtasida kontraktatsiya shartnomalari tuzilishini tashkil etish;

soyani optimal muddatlarda ekish, parvarish qilish, soya hosilini tashkiliy ravishda o‘rib-yig‘ib olish tadbirlarining o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishini ta'minlash vazifalari yuklandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisiga, viloyatlar va tumanlar hokimlariga soya ekinini to‘liq hajmlarda ekish, o‘z vaqtida va sifatli parvarish qilish hamda mo‘ljallangan hosilni yig‘ib olish masalalarining nazorat qilinishi yuzasidan shaxsiy mas'uliyat yuklandi.

2018 yil hosili uchun asosiy maydonlarda soya ekinini joylashtirish, yetishtirish va doimiy monitoring olib borish bo‘yicha respublika ishchi guruhi tarkibi (keyingi o‘rinda Respublika ishchi guruhi deb ataladi) 4-ilovaga muvofiq tasdiqlandi.

Respublika ishchi guruhi (Z.T.Mirzayev):

hududlarning tuproq-iqlim sharoitlariga mos ravishda suv ta'minoti yaxshi bo‘lgan, unumdor yer maydonlariga soya ekinini joylashtirishda;

fermer xo‘jaliklariga yog‘-moy korxonalari tomonidan avans mablaglarini o‘z vaqtida ajratish, urug‘lik, mineral o‘g‘it, yoqilg‘i-moylash materiallari, kimyoviy vositalarni yetkazib berish, agrotexnika tadbirlari muddatida, sifatli o‘tkazilishini tashkil etish, yetishtirilgan mahsulotlarni belgilangan narxlarda xarid qilish va yakuniy hisob-kitoblarni amalga oshirishda;

soya yetishtiruvchi rivojlangan davlatlar bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, yangi zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, soya yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari va soha mutaxassislari malakasini doimiy ravishda oshirib borishni tashkil etishda amaliy yordam berilishini ta'minlasin.

Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi hududlarning iqlim sharoitlariga mos, serhosil, kasallik va zararkunandalarga chidamli soya urug‘ligini xorijiy mamlakatlardan olib kelish yuzasidan soya navlari va talab etiladigan hajmi bo‘yicha “O‘zpaxtayog” AJga o‘z takliflarini 20 kun muddatda kiritadilar.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Mikrobiologiya instituti bir oy muddatda mahalliy tuproq-iqlim sharoitida soya urug‘lariga ishlov beradigan biopreparatlar ishlab chiqarishni tashkil etadi.

“O‘zpaxtayog‘” AJ, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Adliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda tumanlar hokimliklarining:

2018 yil 1 aprelgacha soya yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari va buyurtmachilar o‘rtasida tuzilgan kontraktatsiya shartnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazish va soya yetishtiruvchi xo‘jaliklarga yuqori sifatli urug‘liklarni sertifikatlangan holda avans mablag‘i hisobidan yetkazib berilishini ta'minlash;

soya yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari “O‘zpaxtayog‘” AJ tizimidagi yog‘-moy korxonalari o‘rtasida tuzilgan kontraktatsiya shartnomalariga muvofiq mahsulot yetishtiruvchilarga agrotexnika tadbirlarini o‘tkazish uchun beriladigan soya urug‘ligini hisobga olgan holda shartnoma qiymatining 50 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda avans mablag‘larini bosqichma-bosqich to‘lab berish choralarini ko‘rish;

“O‘zpaxtayog‘” AJning ijro etuvchi apparati boshqaruv xodimlarining cheklangan soni doirasida yog‘-moy korxonalari ilmiy-texnika markazlari faoliyatini muvofiqlashtirish hamda xomashyo bazasini rivojlantirish bo‘limini, shuningdek, tizimdagi barcha yog‘-moy korxonalarida mutaxassis agronom lavozimini joriy etish haqidagi takliflariga rozilik berildi.

Tijorat banklariga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga bir oy muddatda “O‘zpaxtayog‘” AJ tizimidagi yog‘-moy korxonalariga soya yetishtiruvchilarni avans berish uchun zarur bo‘ladigan kreditlarni belgilangan tartibda ajratish tavsiya etildi.

Belgilab qo‘yilishicha, soyani ekish va parvarish qilish ishlari fermer xo‘jaliklariga ushbu maqsadlar uchun ochilgan maxsus hisob raqami orqali amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi 2018 yil 15 maygacha, hududiy boshqarmalarni jalb etgan holda, soya ekilgan maydonlarni nazorat o‘lchovidan o‘tkazadi va amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga axborot beradi.

Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Z.T.Mirzayev zimmasiga yuklandi.

Mavzuga oid