Jahon | 16:07 / 03.04.2018
5522
3 daqiqa o‘qiladi

Mark Tsukerberg Apple rahbari tanqidiga e'tiroz bildirdi

Foto: AP

Apple korporatsiyasi rahbari Tim Kukning Facebook kompaniyasi va unga qarashli shu nomli ijtimoiy tarmoqqa nisbatan tanqidi asossiz deb topildi. Facebook rahbari Mark Tsukerberg Vox internet-saytiga bergan intervyusida shunday bayonot berdi.

Mart oyi oxirida Tim Kuk MSNBC telekanaliga bergan intervyusida Apple hech qachon Facebook kabi mojarolar (50 million foydalanuvchi ma'lumotlari tarqalishiga doir mojaro) markazida qolmasligini aytgandi. O‘shanda Kuk Apple korporatsiyasi Facebook'dan farqli o‘laroq, hech qachon tijorat maqsadlarida foydalanuvchilar ma'lumotlarini yig‘masligiga va o‘z mijozlariga "xuddi tovardek" munosabatda bo‘lmasligiga ishontirgan.

"Menimcha, "siz pul to‘lamasangiz ham biz nima uchundir siz haqingizda qayg‘uramiz" qabilidagi dalil juda yuzaki va mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, - dedi Tsukerberg Kukning bayonotiga izoh berar ekan. - Real hayotda esa, agar siz butun dunyo kishilarini birlashtiruvchi servis yaratmoqchi bo‘lsangiz, pul to‘lashga qurbi yetmagan odamlar ham ko‘p bo‘ladi. Shu bois aksariyat mediada bo‘lgani kabi, reklamaga asoslangan model barcha odamlarni qamrab olishi mumkin bo‘lgan servis qurilishi uchun yagona ratsional yo‘l hisoblanadi". 

"O‘ylashimcha, men sotuvlar bo‘yicha mutaxassislarimiz fikriga yetarlicha quloq tutmay, eng avvalo jamiyat uchun qulay jihatlarga asoslanib, qaror qabul qilaman va biznesimizning reklama bilan bog‘liq qismiga kam e'tibor qarataman, chog‘i", - qo‘shimcha qildi Tsukerberg. 

Bundan avval u Facebook ijtimoiy tarmog‘i orqali butun sayyora aholisini birlashtirishga harakat qilishi va unda ro‘yxatdan o‘tganlik uchun to‘lov olinmasligini bir necha marta takrorlagan. Facebook kompaniyasi daromadlarining katta qismi reklama tushumlariga to‘g‘ri keladi.

 

Mavzuga oid