Jamiyat | 13:49 / 05.04.2018
18926
3 daqiqa o‘qiladi

“Do‘stlik” chegara bojxona kompleksida taqiqlangan mahsulot to‘xtatib qolindi

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi

Amaldagi tartiblarga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi hududida havo kemalari parvozlarining xavfsizligini ta'minlash va lazerli nur tarqatgichlarni noqonuniy ishlatishning oldini olish maqsadida bu kabi mahsulotlarni chetdan olib kirish va sotish taqiqlangan.

Ammo ayrim shaxslar lazerli nur tarqatgichlarni qayta sotish yo‘li bilan mo‘may daromad orttirish maqsadida qonunbuzarlikka qo‘l urmoqda, deb xabar bermoqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati.

Yaqinda Andijon viloyati bojxona boshqarmasi “Do‘stlik” chegara bojxona kompleksiga Qirg‘izistondan kirib kelgan fuqaro, 1988 yilda tug‘ilgan M.I.ning qo‘l yuklari rentgen apparati yordamida ko‘zdan kechirilganda shu kabi qonunbuzarlik fosh etildi.

Natijada, ushbu ayolning yonida bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovida ma'lum qilinmagan qiymati 2 040 000 so‘mlik, xorijda ishlab chiqarilgan jami 408 dona lazerli nur tarqatuvchi mahsulotlar borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olindi.

Shuni ta'kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy Javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksi 22719-moddasiga muvofiq iqtisodiy siyosat choralari va boshqa cheklovlar qo‘llaniladigan tovarlarni ana shu choralar va cheklovlarni qo‘llanishning belgilangan tartibini buzgan holda O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali olib o‘tish, O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksida nazarda tutilgan hollardan tashqari, agar jinoyat alomatlari bo‘lmasa, fuqarolarga tovarlarni musodara qilib, eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yetti baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, mazkur Kodeksning 116-1-moddasi talablariga  muvofiq havo kemasidan foydalanish vaqtida havo kemasiga lazer nurini yo‘naltirish orqali xalaqit berish — huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, eng kam ish haqining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma'muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

 

Mavzuga oid