Sport | 14:34 / 07.04.2018
14607
2 daqiqa o‘qiladi

«Lokomotiv» futbolchisi Ikrom Aliboyev O‘FA tomonidan qattiq jazolandi

Foto: championat.asia

O‘FA Tartib-intizom qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishida Superliganing bir qator uchrashuvlaridagi bahsli vaziyatlar o‘rganib chiqildi.

31 mart kuni 4-tur doirasida OKMK hamda «Lokomotiv» klublari o‘zaro to‘qnash kelgandi. Mezbonlarning 1:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakuniga yetgan uchrashuvning hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarida har ikki jamoa futbolchilari o‘rtasida janjal kelib chiqqan. Ishni o‘rganish jarayonida, uchrashuv referisi Akobirxo‘ja Shukurillayevning yozma arizasi hamda bergan ko‘rsatmalari, «Sport» telekanalidagi translyatsiya videosi va OKMK tomonidan PFLga taqdim etilgan videosidan foydalanildi. Shuningdek, PFL komissari ham bo‘lib o‘tgan voqea yuzasidan o‘z ko‘rsatmasini berdi.

Natijada, tajovuzkor hatti-harakati uchun o‘yinning 94-daqiqasida maydondan chetlatilgan Aliboyev O‘FA tartib-intizom qo‘mitasi tomonidan 4 ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi. Endi u «Qo‘qon-1912», «Nasaf», «So‘g‘diyona» va «Bunyodkor» klublariga qarshi o‘yinlarda jamoasiga yordam bera olmaydi. Shuningdek, unga 10 million so‘m jarima ham solindi.

Komissiya a'zolari mazkur holat uchun faqatgina Ikrom Aliboyevning o‘zi aybdor emas, degan qarorga keldi. Boisi, janjalda har ikki klub vakillari ham ishtirok etgan. Shundan kelib chiqib, qo‘mita Tartib-intizom kodeksining 2-bob 5.36 bandiga asosan OKMK va "Lokomotiv" klublarini 25 million so‘mdan jarimaga tortdi.

Mavzuga oid