Jahon | 01:10 / 21.04.2018
9861
6 daqiqa o‘qiladi

Chiqindining bahosi: biz foydalanayotgan buyumlar Yerga qanday zarar yetkazmoqda?

© REUTERS/Dinuka Liyanawatte

TASS Greenpeace bilan hamkorlikda odatiy plastik buyumlardan voz kechish atrof-muhitga qanday yordam qilishi mumkinligini erinmasdan hisoblab chiqdi.

Ko‘pchiligimiz plastik buyumlar atrof-muhitga katta ziyon yetkazishini, polietilen paketlar — balo ekani, plastik idishlardan ham tezroq qutilish kerakligi haqida ko‘p va xo‘p eshitganmiz. Biroq, barchamiz o‘rganib qolgan bu buyumlardan voz kechish aynan qanday qilib Yerni saqlab qolishi mumkinligi biroz tushunarsiz. 22 aprel kuni nishonlanadigan Yer kuniga TASS Greenpeace bilan birgalikda bir savolni o‘rtaga tashladi: bir insonning kundalik maishiy odatlaridan voz kechishi Yerga nimalar beradi? Natijalar bizni hayratlantirdi. Faqatgina faktlar va quruq raqamlarni keltiramiz.

Ekosumka va ekoxalta vs polietilen paket

Polietilen paket turmushimizning eng ko‘p qarg‘algan narsasi bo‘lsa ajab emas. Biz supermarketga yo bozorga kiramiz, narsalar xarid qilamiz va albatta ularni nimagadir solish zaruriyati tug‘iladi. Supermarketlarda ko‘pincha 30X60 sm o‘lchamdagi, 5 kilogacha yuk ko‘tara oladigan paket taklif qilishadi. Greenpeace ma'lumotlariga ko‘ra, o‘rtacha rossiyalik inson 1 yilda 181ta paket ishlatadi, bu esa Rossiyada yiliga 26,5 milliard paket ishlatiladi, degani. Buncha paket bilan Baykal ko‘lining uchdan bir qismi yoki Moskva shahrini to‘rt marta to‘liq yopib chiqish mumkin.

Paketlarning ishlatilishi Rossiyada har yili 133 ming tonna plastik chiqindixonaga kelib tushishiga sabab bo‘ladi. Agar har bir rossiyalik do‘konga ekosumka bilan borsa chiqindixonalarga yiliga 133 ming tonna zararli plastik kelmaydi, degani.

Bundan tashqari, ekosumkani ishlatish Yerning suv resurslarini ham saqlashga xizmat qiladi. 5 gramm og‘irlikdagi bir dona polietilen paket ishlab chiqarish uchun 225 ml suv ketadi. Bir yil davomida ishlatiladigan 181 dona paket uchun 40 litr suv ketadi.

Ekosumka (meva-sabzovotlarni solib ko‘tarish uchun matodan tikilgan xalta) ham 5 gramm chiqadi. Uni ishlab chiqarishga ham 225 ml suv zarur bo‘ladi. Ekoxaltani kiyimlar bilan birga yuvish mumkin. O‘rtacha olganda kir yuvish mashinasi 5 kg narsalar uchun 59 litr suv ishlatadi. Ekoxaltani yuvish uchun 60 ml suv ketadi. Agar uni har hafta, yiliga 52 marta yuvishga qaror qilinsa ham bor-yo‘g‘i 3 litr suv kerak bo‘ladi. Xullas, polietilen paketlardan voz kechilsa, 37 litr suv ham iqtisod bo‘ladi.

Tambler vs qahva uchun bir martalik stakan

Tadqiqotlarga ko‘ra, rossiyaliklarning 78 foizi qahva ichadi. Tambler deb ataluvchi issiqlik saqlovchi krujka 1000 marta foydalanishga mo‘ljallangan.

Agar qahvasevar inson har kuni o‘z krujkasida qahva ichsa, yiliga 365ta bir martalik qog‘oz stakanni iqtisod qiladi. Bu 21 kg yog‘och, 339 l suv, 2,5 kg chiqit degani.

Agar Rossiyadagi jami qahvasevarlar termokrujkalarga o‘tsa, yiliga 41 milliard qog‘oz stakandan voz kechiladi. Bu esa 2,5 mln tonna yog‘och, 39 mlrd litr suv tejaladi, 292 ming tonna chiqindi esa chiqindixonadan joy olmaydi.

Flyaga vs suv uchun plastik idishlar

Rossiyada o‘rtacha har yili 40 litr qadoqlangan suv ichadi. Tadqiqotlarga ko‘ra so‘ralganlarning 91,6 foizi mineral suv ichadi.

Rossiyada 147 million kishi yashashi hisobga olinsa, plastik idishga qadoqlangan suvni 134,5 million kishi xarid qiladi, ulardan 44 millioni oyiga ikki bor, 37 millioni haftasiga ikki bor xarid qiladi, qolgan 53 million kishi suvni har kuni iste'mol qiladi.

Greenpeace hisob-kitoblariga ko‘ra, bir rossiyalik yiliga o‘rtacha 166 shisha suv xarid qiladi, umuman, Rossiyada yiliga 24,3 milliard plastik idish sotib olinadi.

Agar o‘rtacha idishning massasi 30 gramm deb olinsa, yiliga 166 dona idishda suv xarid qilib ichgan odam, 5 kilo chiqindi paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi, jamiki rossiyaliklar ichayotgan suvdan ortib qolayotgan plastik chiqindilar yiliga 730 ming tonnani tashkil etadi.

Mimikaka vs paxta o‘ralgan cho‘plar

Ko‘pchilik cho‘milib chiqqanidan so‘ng uchiga paxta o‘ralgan plastik cho‘pdan quloqlarini tozalashda foydalanadi. Uning o‘rniga qog‘oz cho‘plardan foydalanish mumkin, biroq paxta nechog‘lik organik modda bo‘lmasin, baribir uni yetishtirishga suv talab qilinadi, shu sababli Greenpeace boshqa muqobillarni tanlashni tavsiya etadi. Masalan, bir martalik bambuk cho‘pchalaridan foydalanishni. Bambuk cho‘pchalari ham paxta cho‘plari kabi ko‘p funksionalli. Uni ishlab chiqarishga suv resurslari talab etilmaydi, boz ustiga, bambuk tabiatda chirib, iz qoldirmaydi. Ikkinchidan, Sharqiy Osiyoda mimikaka deb atalgan buyumdan foydalanish mumkin. Bambuk cho‘plaridan farqli o‘laroq, undan ko‘p marta foydalanish mumkin.

Plastik tish cho‘tkasi o‘rnini nima bosadi?

Plastik ishlatishda nimalar ketishini yuqorida ko‘rib chiqdik. O‘sha chirimas material, suv va h.k. Uning muqobili ham bor. Rossiyada bambukdan yasalgan cho‘tkalarini tavsiya etishmoqda. U ham yuqorida ta'kidlanganidek, biologik jihatdan yemiriluvchi modda. Bambuk yetishtirish uchun suv talab etilmaydi, mineral o‘g‘itlar va pestitsidlardan ham foydalanilmaydi. Plastik tish cho‘tkasining yemirilish davri bir necha asrlarni tashkil etadi, bambuk cho‘tkasi esa yarim yilda tabiat qa'riga singib ketadi.

Mavzuga oid