Jahon | 21:53 / 11.05.2018
5516
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy kompaniyasi Total’ning dunyodagi eng katta gaz koni loyihasidagi ulushini sotib olishga tayyor

Foto: REUTERS/Benoit Tessier

Xitoyning milliy neft-gaz korporatsiyasi CNPC Fransiyaning Total kompaniyasi Eronning Janubiy Fors konidagi loyihadan AQSh sanksiyalari sababli chiqib ketadigan bo‘lsa, unda uning ulushini sotib olishga tayyor. 

Total’ga 50,1 foiz, CNPC’ga 30 foiz va Eronning Petropars kompaniyasiga 19,9 foiz aksiya tegishli bo‘lgan neft-gaz kompaniyalari konsorsiumi 2017 yil iyulda konning 11-hududini o‘zlashtirish uchun shartnoma imzolagan. Reuters axborot agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, shartnomada Total kelishuvdan chiqsa, CNPC uning ulushini sotib olishi optsiyasi ko‘zda tutilgan.

“Endi Total’ning loyihadan chiqishi ehtimoli katta, bunday ssenariyda CNPC hammasini o‘z nazoratiga olishga tayyor”, deb aytgan kelishuv detallaridan xabardor manba. Shartnoma shartlariga ko‘ra, CNPC o‘z ulushini 50,1 foizgacha oshirishi va loyihaning asosiy operatori bo‘lishi mumkin.

Janubiy Fors dunyodagi eng katta gaz koni bo‘lib, uning zaxiralari 13,8 trln kubmetrga baholanadi. Eron 20-asr oxiridan boshlab ushbu konni 28 ta hududga bo‘lib, sekin-asta o‘zlashtirib kelmoqda.

Mavzuga oid