O‘zbekistonda pochtalon Pechkinga yodgorlik o‘rnatildi
Xorazm viloyati markazi Urganch shahrida mashhur multfilm qahramoni pochtalon Pechkinga yodgorlik o‘rnatildi.
Pochtalon Igor Ivanovich Pechkin — bolalar yozuvchisi Eduard Uspenskiy qalamiga mansub asarlar qahramoni bo‘lib, keyinchalik bu asarlar asosida «Soyuzmultfilm» kinostudiyasi tomonidan bir necha seriyali multfilm ishlangan («Prostokvashinolik uch shovvoz», «Prostokvashinoda ta'til», «Prostokvashinoda qish», «Fyodor amaki, ko‘ppak va mushuk: Matroskin va Sharik»).
Pechkin yodgorligi Urganch shahrining markaziy al-Xorazmiy ko‘chasida, pochta xizmatlarini ko‘rsatuvchi kompaniya oldida o‘rnatilgan. Bu tadbirdan maqsad - mijozlarni jalb qilishga asoslangan marketing hiylasi ekani ko‘rinib turibdi. Biroq bu voqea shaharning sayyohlar uchun jozibasini ham biroz bo‘lsa-da, oshirishi shubhasiz.
Yodgorlik odam bo‘yi balandligida, bronzadan yasalgan. Unda pochta sumkasini osib olgan va velosiped minib olgan Pechkin gavdalangan. Uning yelkasida esa multfilm qahramonlaridan biri chumchuqcha ham bor.
Qizig‘i shundaki, bu Pechkinga o‘rnatilgan dunyodagi birinchi yodgorlik emas. Ayni paytda, Rossiyaning Luxovitsi, Kolpino, Ramenskoye va Tsivilsk shaharchalarida ham multfilmning tinib-tinchimas qahramoni haykallari bor.
Nurmuhammad Said
Mavzuga oid
14:01 / 13.10.2024
“Ko‘p narsa hokimlarning saviyasiga bog‘liq” - vatanga qaytgan investor qanday to‘siqlarga uchradi?
12:08 / 27.09.2024
Xorazmda MChJ mas’ul shaxslari ijtimoiy soha obektlariga beriladigan ko‘mir uchun ajratilgan pullarni o‘zlashtirdi
16:06 / 08.08.2024
Xorazm viloyatining ikki tumaniga yangi hokimlar tayinlandi
08:26 / 10.07.2024