O‘zbekiston | 12:52 / 18.06.2018
95445
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda qo‘lga olingan AQSh fuqarosi terroristik faoliyatda gumonlanmoqda

Foto: Facebook

O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizligi xizmatidan olingan ma'lumotlarga ko‘ra, joriy yil 16 iyun kuni Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida DXX organlari tomonidan dunyoning ko‘plab mamlakatlari, jumladan, Rossiya Federatsiyasi va AQShda terroristik tashkilot sifatida tan olingan «O‘zbekiston islom harakati» faoliyatiga aloqadorligi uchun qidiruvda bo‘lgan, 1972 yilda Chiroqchi tumanida tug‘ilgan, 2014 yilda AQSh fuqaroligini olgan Zokir Abdullayevich Aliyev qo‘lga olindi.

Qo‘lga olish jarayonida Zokir Aliyev noqonuniy faoliyatiga iqror ekani to‘g‘risida ko‘rsatma berdi. Xususan, u 2000 yilda «O‘zbekiston islom harakati»ga sodiq bo‘lishga qasamyod qilgan, Afg‘oniston Islom Respublikasi hududida harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan hamda Afg‘oniston Islom Respublikasi hukumat kuchlari va koalitsiya qo‘shinlariga qarshi jangovar harakatlarda ishtirok etgan. 

«O‘zbekiston islom harakati»ning boshqa a'zolari bergan ko‘rsatmalarga asosan, diniy-ekstremistik va terroristik faoliyatni amalga oshirgani uchun 2005 yilda DXX tergov bo‘limlari tomonidan Zokir Aliyevga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159, 223 va 244-2-moddalari bo‘yicha 646-sonli jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. 

Ayni paytda Aliyevga nisbatan ehtiyot chorasini qo‘llash masalasi ko‘rib chiqilmoqda. 

Bundan oldinroq Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumanida militsiya asli o‘zbekistonlik AQSh fuqarosi, tadbirkor Zokir Aliyevni qo‘lga olgani haqida xabarlar tarqalgandi. Amerikalik biznesmenning 90 kunlik vizasi bo‘lgani, u Toshkentdan Chiroqchigacha hech bir to‘siqqa uchramay borgani aytildi.

Keyinroq Qashqadaryo viloyati ichki ishlar organlari viloyatda amerikalik tadbirkor qo‘lga olingani haqida ma'lumotga ega emasligini bildirishdi. 

Mavzuga oid