Jamiyat | 11:40 / 01.07.2018
15510
11 daqiqa o‘qiladi

Davlat tili to‘g‘risidagi qonunga qat'iy amal qilinishi uchun yana nimalar kerak? Mushtariydan taklif

Men «Kun.uz» saytida berib borilayotgan yangiliklar, xabar va maqolalarni doimiy ravishda kuzatib boraman. Avval ham bir marta saytga murojaat qilganman. So‘zlardagi xatoliklar aniqlanganda, xatoni ko‘rsatuvchi tugmalar ishlamayotgani to‘g‘risida. Bu ikkinchi murojaatimdir.

Ma'lumki, O‘zbekistonda «Davlat tili to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilingan va mazkur qonun hozirgi kunda qonuniy kuchga ega.

Endi savol tug‘iladi: Ishlamaydigan yoki deyarli hech kim amal qilmaydigan va ushbu qonunni buzganlik uchun javobgarlikka tortilish belgilangan bo‘lsa-da, hech kim javobgar bo‘lmaydigan Qonunning keragi bormikan?!

Meni anchadan buyon qiziqtirayotgan mavzu bu — o‘zbek tili muammosi. Bizga ma'lumki, hozirgi vaqtda deyarli barcha viloyatlarda davlat muassasalari, korxona va tashkilotlarida ish yuritish o‘zbek tilida amalga oshiriladi. Men bu holatni viloyatlardan birida to‘rt yil mobaynida ishlab, guvohi bo‘ldim. Lekin Toshkent shahrida buning teskarisi. Biror-bir davlat tashkilotiga ishingiz tushadigan bo‘lsa — o‘zbek tilida murojaat qilsangiz ham sizga rus tilida javob qaytarishadi.

Yoki juda ko‘p holatlarda davlat idoralari so‘rovlarni rus tilida beradi. Qonun hujjatlari loyihalari ham rus tilida. Bu bilan millatchilik qilmoqchi yoki rus tilini bilmaslik kerak, degan fikrni ilgari surayotganim yo‘q. Inson qanchalik ko‘p tilni bilsa, o‘ziga shunchalik yaxshi bo‘ladi.

Gap shundaki, viloyatlarda istiqomat qiluvchi fuqarolar tomonidan qonun hujjatlari loyihalari bo‘yicha beriladigan takliflar juda ham ko‘p. Lekin ular rus tilini bilmagani yoki yaxshi bilmagani tufayli o‘zlarining takliflarini bera olmaydilar yoki rus tilida bo‘lgan loyihani hattoki o‘qib ham chiqmaydilar.

«Kun.uz» saytida o‘zbek tili maqomi, uning jamiyatdagi roli haqida bir necha bor maqolalar nashr qilingan hamda sayt ushbu mavzuga befarq emasligini ko‘rsatib kelmoqda. Lekin mazkur mavzu bir necha bor muhokama qilinsa-da, biror-bir o‘zgarish kuzatilmayapti.

Mavzu o‘zbek tili haqida borar ekan, biz o‘z tilimizni hurmat qilmasak va himoya qilmasak, jar yoqasiga kelayotgan tilimiz tez orada jarga qulaydi. Keyin ortga yo‘l yo‘q. Bu holatdan chiqishning yagona yo‘li — keskin chora ko‘rishdir. To‘g‘ri, quyida ko‘rsatib o‘tayotgan holatlarim ko‘pchilikka umuman yoqmasligi mumkin. Lekin ushbu ish uddalansa, kelajak avlod bizdan faqat va faqat minnatdor bo‘ladi. Zero, O‘zbekistonimizda yashayotgan har bir fuqaro o‘zining o‘zbekistonlik ekanligidan faxrlanishi va o‘z davlatining tilini bilishi lozim.

Boshqa tillarni, jumladan rus, tojik, turkman, qozoq, ingliz, yapon va boshqa tillarni bilish emas, fuqarolarning yutug‘i sifatida qaralishi kerak (Hozirda Toshkent shahrida rus tilini bilmaslik esa kamchilik sifatida qaraladi va biror joyga ishga kirishga, davlat tashkilotlariga ham, juda katta to‘siq hisoblanadi).

Menda bir taklif bor. Agar «Kun.uz» sayti ushbu mavzuga oid maqolalari va yordami bo‘lsa, «Mening fikrim» portaliga til to‘g‘risida qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritish yoki yangi tahrirda qabul qilish bo‘yicha taklif kiritsak. Loyiha qisqacha ravishda quyidagilarni o‘z ichiga olsa:

1. O‘zbekiston Respublikasi davlat tili — o‘zbek tilidir.

2. O‘zbekiston Respublikasida barcha normativ huquqiy hujjatlar loyihalari o‘zbek tilida muhokama qilinadi va o‘zbek tilida qabul qilinadi (imzolanadi). (Til to‘g‘risidagi Qonunning 8-moddasi).

Ushbu qoidani shart sifatida belgilash lozim. Bunda zaruriyatga qarab qonun hujjatlarining boshqa tildagi tarjima nusxasi ham e'lon qilinishi mumkin. Lekin ushbu qonun talabining qonunchilar tomonidan buzilishini kechirib bo‘lmas hol sifatida baholash zarur.

3. Barcha davlat idoralarida (tashkilotlar, korxonalar, muassasalar) ish faqat o‘zbek tilida yuritiladi. Zarurat bo‘lgan hollarda (masalan, boshqa davlatlar yoki ularning idoralari) yozishmalar boshqa tillarda amalga oshirilishi mumkin, bunda ushbu yozishmalarning o‘zbek tilidagi tarjima nusxasi ilova qilinadi va saqlanadi (Qonunning 9-moddasi talablariga rioya etilishini ta'minlash). Hozirda birorta uy-joy shirkatiga borsangiz, o‘zbek tilida gaplashsangiz, biron-bir ishingiz bitmaydi. Zo‘r-a?!

4. Davlat idoralari tomonidan beriladigan barcha rasmiy hujjatlar (ma'lumotnomalar, izohlar va hokazo) faqat o‘zbek tilida beriladi.

Zarurat bo‘lganda hamda imkoniyatlar mavjud bo‘lsa o‘zbek tilida berilayotgan rasmiy hujjatlar boshqa tilda ham taqdim etilishi mumkin. Bunda barcha hujjatlar avval o‘zbek tilida berilishi shartligi, talabga ko‘ra uning boshqa tildagi tarjimasi berilishi mumkinligi ko‘rsatilishi zarur.

5. Barcha notarial harakatlar (shartnomalar) o‘zbek tilida tuzilishi shart. Agar notarial harakat taraflari boshqa tilda shartnoma tuzishni talab qilishsa, bunda notarial harakat tarjimon ishtirokida o‘zbek tilida amalga oshirilishi hamda talabga ko‘ra boshqa tildagi tarjimasi berilishi mumkinligi belgilab qo‘yilishi lozim (Qonunning 12-moddasi).

6. Barcha sud ishlarini yuritish o‘zbek tilida amalga oshirilishi shart (Qonunning 11-moddasi). Bunday qoida sudlarga berilayotgan da'vo arizalariga ham taalluqli bo‘lishi lozim. Ya'ni, da'vogar sudga ariza bilan murojaat qilganda, ariza o‘zbek tilida yozilgan bo‘lishi shart. Da'vo arizalarga ilova qilinayotgan hujjatlar boshqa tilda tuzilgan bo‘lsa, ularning o‘zbek tiliga qilingan tarjima nusxasi ilova qilinishi shartligini belgilash. Bunda, agar ishni boshqa tilda ko‘rish haqida javobgarning (ikkinchi taraf) yozma roziligi bo‘lsa hamda ishni ko‘ruvchi sud tanlayotgan tilni mukammal bilsagina, ishni boshqa tilda ko‘rishi mumkinligi to‘g‘risida qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritish kerak. Ish boshqa tilda yuritilgan holatda ham qaror o‘zbek tilida qabul qilinishi hamda taraflarga ish ko‘rilgan tildagi nusxasi berilishi mumkinligi belgilanishi shart.

Qonunchilik muvofiq davlat tili qoidalariga rioya qilinmasdan berilgan arizalar qaytarilishi yoki ko‘rmasdan qoldirilishini belgilash lozim.

Shuningdek, tarjimon xarajatlari boshqa tilda sud ishini o‘tkazishni talab qilgan shaxs zimmasiga yuklatilishini nazarda tutish lozim.

7. Sud qarorlari bo‘yicha beriladigan ijro varaqalari ham o‘zbek tilida chiqarilishi shart. Taraflarning iltimosi bilan boshqa tildagi tarjima nusxasi berilishi mumkinligi belgilanishi lozim.

8. Maqsad boshqa tilda so‘zlashuvchi fuqarolarning huquqlarini poymol qilish emas. Shu sababli, fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun talablari bo‘yicha har bir shaxs xohlagan tilda ariza, shikoyat, taklif yoki boshqa turdagi murojaat qilishga haqlidir. Bundan boshqa tilda berilgan murojaat davlat idoralari tomonidan ko‘rib chiqilishi shartligi, murojaatni ko‘rib chiqqan organ ichki imkoniyati mavjud bo‘lsa, murojaat qilingan tilda javob berilishi lozimligi ko‘rsatilishi kerak.

Lekin mazkur holatda ham boshqa tilda berilgan murojaat ko‘rish uchun qabul qilgan davlat idorasi murojaatni ko‘rishdan oldin o‘zbek tilidagi tarjima nusxasini olishi (yoki o‘zi qilishi-yozma), murojaatni ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha boshqa tilda javob berilgan bo‘lsa, javob xatining o‘zbek tilidagi nusxasi ham bo‘lishi shartligi belgilanishi lozim.

9. Bu qanchalik muhim bilmayman-u, lekin OAV, jumladan, televideniyeda tildan foydalanish qoidalariga rioya etilishini qattiq nazorat qilish yoki bunday qoidani buzganlik uchun katta miqdorda jarima belgilash. Ma'lumki, hozirgi ayrim «zamonaviy» kimsalar o‘zbek tilida gapirayotib, juda ko‘p rus va ingliz tillaridagi so‘zlarni qo‘shib ishlatishadi. Bu holat endi o‘sib kelayotgan yoshlarga qanday ta'sir ko‘rsatishi ma'lum.

Bu yerda qo‘yiladigan talab, ko‘rsatuv o‘zbek tilida bo‘lsa, demak faqat o‘zbek tilida olib borilishi shart. Boshqa tilda ishlatilgan so‘zlar yoki intervyular o‘zbek tilida tarjima qilinishi lozim.

Rus tilida berilayotgan ko‘rsatuv esa faqat rus tilida, qozoq, qoraqalpoq, ingliz yoki boshqa tillarda berilayotgan ko‘rsatuvlarda ham faqat o‘sha tildagi so‘zlardan foydalanish to‘g‘risida talab joriy etish.

10. Reklamalar, ko‘chalardagi ofis, idora yoki boshqa sub'yektlar nomlarini o‘zbek tilida yozib qo‘yish shartligini belgilash. Bunda joy nomlarini boshqa tilda ham yozilishi mumkin. Lekin o‘zbek tilida ham boshqa tildagidan kichik bo‘lmagan kattalik va hajmda yozilishi shartligini belgilash.

Mening fikrim qisqacha mana shulardan iborat. Sizlardan iltimosim, ushbu turdagi qonun qabul qilinishi to‘g‘risida «Mening fikrim» portaliga taklif kiritilsa. Yoki agar ushbu takliflarni o‘rganib chiqib, qo‘shimchalar bo‘lsa, menga ma'lum qilsalaringiz va lozim deb bilgan maslahatlaringizni ayamasangiz, men o‘zim ham kiritardim. Bunda ham menga sizlarning yordaminglar juda ham kerak bo‘ladi. Chunki bu to‘g‘risidagi qonunchilik tashabbusi bilan chiqilganligini xalqimizga yetkazish uchun mening imkoniyatim yetarli emas. Shuningdek, ushbu mavzuni jurnalistika hamda oddiy til bilan maqola orqali xalqqa yetkazish ham ma'lum bir tajriba hamda malakani talab qiladi.

Marat HAYITOV.

Mavzuga oid