“700 ga yaqin umumiy ovqatlanish korxonalarining 75 foizida taomnoma o‘zbek tilida emas” – Raqobat qo‘mitasi
Raqobat qo‘mitasi 700 ga yaqin umumiy ovqatlanish korxonalarida o‘rganish o‘tkazdi. O‘rganish natijalariga ko‘ra, tanlab olingan restoran, kafe, oshxona va bufetlarning 75 foizida taomnoma davlat tilida emasligi, 69 foizida ish rejimi ko‘rsatilmagani, 65 foizida narxnomalar mavjud emasligi aniqlangan.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga joriy yilning o‘tgan davri mobaynida iste’molchilardan umumiy ovqatlanish korxonalarida (restoran kafe, oshxona va bufet) ko‘rsatilayotgan xizmatlarda sanitariya-gigiyena talablari buzilayotgani, narxlarni oshirib qo‘llash hamda taomnomalarning davlat tilida taqdim etilmayotgani yuzasidan 250 ga yaqin murojaatlar kelib tushgan.
Qayd etilishicha, mazkur murojaatlar yuzasidan respublikada faoliyat yuritayotgan 700 ga yaqin ovqatlanish korxonalarida tanlanma asosida o‘rganish ishlari olib borilgan.
Olib borilgan o‘rganishlarda umumiy ovqatlanish sub’yektlari tomonidan iste’molchilarga xizmat ko‘rsatishda ovqat tayyor bo‘lish vaqti, narxi va to‘lash shartlari haqida to‘g‘ri tushunarli ma’lumot taqdim etmaslik, taomnomalarda tayyor ovqatlarning hajmlari ko‘rsatilmagani, yo‘l bo‘yida sanitar qoidalariga nomuvofiq joylarda ovqat tayyorlash, tayyor ovqatni yetkazib berish, tashish va saqlashdagi muammolar ma’lum bo‘lgan.
Shuningdek, o‘rganish ishlarida qamrab olingan 700 ga yaqin umumiy ovqatlanish korxonalarining:
- 524 tasida - (75 foiz) taomnoma davlat tilida emas;
- 480 tasida - (69 foiz) ish rejimi ko‘rsatilmagan;
- 449 tasida - (65 foiz) narxnomalar mavjud emas;
- 429 tasida - (62 foiz) avtoturargohlar mavjud emas;
- 519 tasida - (74,6 foiz) favqulodda vaziyatlar uchun chiqish yo‘laklari mavjud emasligi aniqlangan.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan yuqoridagi aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan vakolatli organlarga (Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi va O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi) tegishli tartibda ma’lumotlar kiritildi.
Qo‘mita umumiy ovqatlanish korxonasida qoida va talablar buzilishiga oid muammolar uchrasa, Raqobat qo‘mitasining yagona ishonch (1159) raqamiga murojaat qilishni so‘ramoqda.
Mavzuga oid
20:02 / 31.10.2024
Ishdan bo‘shatilgan xodim yashirin ravishda Disney restoranlaridagi menyularni o‘zgartirib qo‘ydi
14:25 / 29.10.2024
Davr bank jarimaga tortildi – Raqobat qo‘mitasi
14:06 / 26.10.2024
Taom yetkazib berish xizmatlari bozori monopollashdi
21:43 / 22.10.2024