Ishdan bo‘shatilgan xodim yashirin ravishda Disney restoranlaridagi menyularni o‘zgartirib qo‘ydi
Sudga kiritilgan da’vo arizasida keltirilishicha, sobiq xodim ba’zi mahsulotlarni yeryong‘oqqa allergiyasi bor insonlarga xavfsiz deya o‘zgartirib chiqqan - bu hatto mijozlarning o‘limiga olib kelishi mumkin edi.
Disney kompaniyasining sobiq xodimi Maykl Shoyyer ishdan bo‘shatilganidan keyin Walt Disney World ko‘ngilochar bog‘i restoranlaridagi menyuni boshqarish tizimiga kirib, tarkibida allergen mahsulotlar mavjud ayrim taomlarga oid ma’lumotlarni o‘zgartirib qo‘yganlikda gumonlanmoqda.
Hujjatlarda gap qaysi kompaniya haqida ketayotgani ochiqlanmagan, ammo Shoyyerning advokati bu aynan Disney ekanini tasdiqlagan. Da’vo arizasida qayd etilishicha, Shoyyer bir necha bor tizimga kirgan va menyuga oid «ma’lumotlarni boshqargan». Ya’ni u ba’zi mahsulotlarni yeryong‘oqqa allergiyasi bor insonlarga xavfsiz deya o‘zgartirib chiqqan — bu hatto mijozlarning o‘limiga olib kelishi mumkin edi. Bundan tashqari, Shoyyer taomlar narxini o‘zgartirib, menyudagi ayrim bandlarga haqoratli so‘zlarni qo‘shgan. Da’voda keltirilishicha, bir safar u dasturiy ta’minotni bir necha haftaga ishdan ham chiqargan.
Shuningdek, Shoyyer restorandan tashqaridagi reklama bannerlariga joylashtirilgan QR-kodlarni o‘zgartirib, uni boycott-israel.org saytiga yo‘naltirgan.
Disney’dagilar ma’lumotlari o‘zgartirilgan menyu chop etilganidan keyin, ammo ular hali restoranlarga tarqatilmasidan oldin payqab qolishgan.
Menyu inventarizatsiya tizimi Disney uchun maxsus ishlab chiqilgan. Da’voda ta’kidlanishicha, Shoyyer o‘zida qolib ketgan parollardan foydalanib, unga kirgan. Shundan keyin Disney kompaniyasi tizimga kiradigan barcha parollarni o‘zgartirgan.
Shoyyerni himoya qilayotgan advokatning so‘zlariga ko‘ra, mazkur holat oqibatida hech kimga zarar yetmagan. Kompaniyadagilar esa vaziyatga izoh bermagan.
Disney kompaniyasiga nisbatan Nyu-Yorkda yashaydigan fuqaro tomonidan kiritilgan alohida da’vo ham ko‘rib chiqilmoqda. Uning rafiqasi Walt Disney Parks and Resors kurortida joylashgan Raglan Road pabidagi kechki ovqatda yuz bergan allergiyadan keyin vafot etgan. Ayolning yong‘oq va sut mahsulotlariga allergiyasi bo‘lgan va u taomlanishdan oldin ofitsiantdan buyurtma qilingan ovqatda allergenlar bor-yo‘qligini aniqlashtirib olgan. Ofitsant allergiya qo‘zg‘atuvchi mahsulotlar yo‘qligini aytgan, ammo kechki ovqatdan keyin ayolning ahvoli og‘irlashgan va shifokorlar uning hayotini saqlab qola olmagan.
Mavzuga oid
12:48 / 21.10.2024
“700 ga yaqin umumiy ovqatlanish korxonalarining 75 foizida taomnoma o‘zbek tilida emas” – Raqobat qo‘mitasi
23:58 / 11.09.2024
Toshkentdagi restoranlardan birida ommaviy zaharlanish yuz berdi
10:00 / 09.09.2024
Belgiyaning mashhur restoranlar tarmog‘i O‘zbekiston bozoriga kirib kelmoqda
17:27 / 22.06.2024