O‘zbekiston | 14:10 / 05.07.2018
88058
3 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuratura bayonoti: Tahqirlangan ayol IIBning bir necha xodimi ustidan shikoyat qilgan

O‘zbekiston respublikasi Bosh prokuraturasi matbuot xizmati Kattaqo‘rg‘on shahar IIB tezkor vakili S.Umarovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan rasmiy ma'lumot berdi

«2018 yil 22 iyun kuni fuqaro N.T. ariza bilan murojaat qilib, 03.06.2018 yilda Kattaqo‘rg‘on shahar IIB tezkor vakili S.Umarov va boshqalar uni shahar IIB binosida haqorat qilib, yechintirishga majbur qilishganligini bildirgan.

Holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, 03.06.2018 yil soat 10:00 larda fuqaro N.T. Kattaqo‘rg‘on shahrining «Dehqon bozori»da bo‘lgan vaqtida shahar IIB xodimlari uni o‘g‘rilik qilganlikda gumon qilib, shahar IIB ma'muriy binosiga olib kelishganligi aniqlangan. Shahar IIB tezkor vakili S.Umarov unga o‘g‘rilik qilish maqsadida bozorga kelganligini aytib, uni haqorat qilgan. So‘ng IIB ma'muriy binosining koridorida N.T. ning egnidagi barcha kiyimlarini yechishga majbur qilib, bu holatni o‘zi videotasvirga olgan.

2018 yil 4 iyul kuni Samarqand viloyat prokuraturasi tomonidan Kattako‘rg‘on shahar IIB tezkor vakili S.Umarovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda S.Umarov ushlangan va unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Shuningdek, Kattaqo‘rg‘on shahar IIBda mazkur holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda», deyiladi axborotda.

4 iyul kuni «Ozodlik» nashri Kattaqo‘rg‘ondagi voqea videosini tarqatdi — unda Kattaqo‘rg‘onda militsiya xodimi o‘g‘irlikda gumon qilingan bir ayolni qip-yalang‘och yechinishga majbur qilgani tasvirlangandi. Ichki ishlar xodimi ayolni shu ahvolda ko‘chaga haydamoqchi bo‘ladi va bu jarayonni videoga oladi. Keyinroq gumondor ayol qo‘yib yuborilgan.

Bosh prokuraturada ushbu jinoyat inson sha'niga daxl qilishiga urg‘u qaratilgan.

«Bu kishini g‘azablantiruvchi holat. Mansabi va vakolatidan qat'i nazar bunday ishga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Mazkur ish bosh prokurorning alohida nazoratiga olingan», — degan Bosh prokuratura jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Surayyo Rahmonova.

Mavzuga oid