O‘zbekiston | 09:30 / 15.07.2018
120087
3 daqiqa o‘qiladi

Po‘lat Bobojonov Samarqandda. Kattaqo‘rg‘ondagi voqea yuzasidan yana 7 xodim ishdan bo‘shatildi

Kattaqo‘rg‘ondagi holat yuzasidan bir qator xodimlar ichki ishlar organlari xizmatidan bo‘shatildi. IIV jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xabarida Kattaqo‘rg‘ondagi voqea bo‘yicha vazirlik tomonidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijalari ma'lum qilindi.

Bugungi kunda tekshiruv yakunlangan bo‘lib, natijasiga ko‘ra, xizmat vazifalarini ijro etishda qo‘pol kamchiliklarga yo‘l qo‘yib, xodimlarning xizmat olib borish faoliyatini tegishli tartibda nazorat qilmagan hamda shaxsiy tarkib bilan yakka tartibdagi tarbiyaviy ishlar olib borilishini yetarli darajada tashkil etmaganliklari uchun Kattaqo‘rg‘on shahar IIB boshlig‘i Ilyos Abduqahhorov, uning birinchi o‘rinbosari Izzatillo Xo‘jamqulov hamda kadrlar bo‘yicha o‘rinbosari Zafar Sheraliyev, shahar IIB JQB boshlig‘i Alisher Shukurov Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan ichki ishlar organlari xizmatidan bo‘shatildi. Viloyat IIB va shahar IIBning bir qator rahbar xodimlariga nisbatan boshqa intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.

Bundan tashqari, yuqoridagi voqea sodir etilishi bilan bog‘liq holatlarda xizmat vazifalarini bajarmagan Kattaqo‘rg‘on shahar IIB katta inspektor navbatchisi Nasim Aliyev va navbatchi yordamchisi Jahongir Shodiyev egallab turgan lavozimlaridan ozod etildi, ushbu IIB profilaktika inspektori Shamshod To‘xtayev esa ichki ishlar organlari safidan bo‘shatildi.

Yuqoridagi videolavhani tasvirga olgan va unda aks etgan holatlarni keltirib chiqargan San'at Umarov ichki ishlar organlari safidan bo‘shatilishi bilan birga, unga nisbatan Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olingan. Jinoyat ishi bo‘yicha hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Kelgusida bu kabi salbiy holatlar sodir etilishining oldini olish maqsadida o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi xulosasi barcha darajadagi ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi orasida keng muhokama qilinmoqda.

Shuningdek, bunday holatlarga qat'iyan yo‘l qo‘ymaslik hamda ichki ishlar organlarida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta'minlash borasidagi faoliyatning ahvolini har tomonlama o‘rganish, aniqlangan kamchiliklarni joyida bartaraf etish va tegishli chora-tadbirlar ko‘rish maqsadida Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligining qo‘shma farmoyishi bilan ishchi guruh tuzildi.

Bugungi kunda Ichki ishlar vaziri general-mayor Po‘lat Bobojonov rahbarligidagi ushbu ishchi guruh Samarqand viloyati ichki ishlar organlari faoliyatini o‘rganmoqda. Mazkur o‘rganishlar respublikaning barcha hududlarida bosqichma-bosqich o‘tkazilishi belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Farhod Jo‘rayev Kattaqo‘rg‘on shahar Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i etib tayinlangani haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid