Jahon | 00:16 / 23.07.2018
15500
3 daqiqa o‘qiladi

Dunyoda 40 million  qul borligi ma'lum qilindi 

Foto: getty images

Walk Free notijorat tashkiloti qullikning turli shakllariga uchrayotgan odamlar bo‘yicha ma'lumot taqdim qildi. Tashkilotning hisob-kitobiga ko‘ra, ayni vaqtda dunyoda bunday odamlar 40,3 mln nafarni tashkil qiladi.

Tashkilot zamonaviy qullik deganda “odam rad eta olmagan yoki zo‘ravonlik, yo‘q qilish, hukumatni suiiste'mol qilish yoki aldov sababli keta olmaydigan ekspluatatsiya hodisalari”ni tushunadi. Bu tushuncha majburiy mehnat, jinsiy ekspluatatsiya, bolalar mehnati, majburiy nikohni ham qamrab oladi. Tadqiqotda 167 ta davlat, notijorat tashkilotlar rasmiy ma'lumotlari va 71 mingdan ko‘proq kishining so‘rov natijalaridan foydalanilgan. 

Ayni vaqtda qullarning 71 foizini ayollar va qizlar tashkil etadi. Ulardan 24,9 mlni tutqunlikda mehnat qilishga majburlar, 15,4 mlni majburiy nikoh qurgan. Oxirgi 5 yil ichida 89 mln kishi bir necha kun, hafta yoki yillar davomida qullikning u yoki bu shakliga uchragan.

“Zamonaviy quldorlik – chegara, iqtisodiyot tarmog‘i va qonun bilmaydigan jinoyatdir. Bu katta ko‘lamli va serdaromad jinoiy industriyadir”, deb ta'kidlab o‘tilgan xabarda. 

Ma'lum qilinishicha, qullik Shimoliy Koreyada eng keng tarqalgan bo‘lib, mamlakatning 25 mlnlik aholisidan 2,64 mln nafari davlat tomonidan amalga oshiriluvchi majburiy mehnat bilan shug‘ullanadi.

Shimoliy Koreyadan tashqari, qullik eng keng tarqalgan davlatlar o‘ntaligiga Eritreya (1000 kishiga 93 nafar qul), Burundi (39,95 kishi), MAR (22,25), Afg‘oniston (22,25), Mavritaniya (21,43), Janubiy Sudan (21,43), Pokiston (16,82), Kamboja (16,81) va Eron kiradi. 

Shuningdek, rivojlangan davlatlarda ham bu borada vaziyat maqtagulik emas. Buyuk Britaniya antireytingning 132-o‘rnidan joy olgan bo‘lib, qullar ming kishiga 2,08 kishini tashkil qiladi. Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, Britaniyada 136 ming qul bor, bu esa mamlakat ichki ishlar vazirligining ko‘rsatkichlaridan 10 barobar ko‘proqdir.

AQSh 158-o‘ringa qo‘yilgan. Bu davlatda 403 ming kishi, ya'ni har 800-kishi qullikda yashaydi. Rossiya antireytingda 64-o‘rinni egallagan. Walk Free’ning baholashicha, Rossiyada 794 ming qul bor.

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, AQSh, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Shvetsiya, Belgiya, Xorvatiya, Ispaniya, Norvegiya, Portugaliya va Chernogoriya qullik muammosini hal qilish uchun boshqa davlatlardan ko‘ra ko‘proq ishni amalga oshirib kelmoqda.

Mavzuga oid