O‘zbekiston | 20:36 / 28.07.2018
72786
3 daqiqa o‘qiladi

GM Uzbekistan yana mashina narxlarini oshirmoqdami?

Foto: GM Uzbekistan

GM Uzbekistan tomonidan O‘zbekiston bozori uchun ishlab chiqarilayotgan avtomobillar narxi oshiriladi. Bu haqda «Xalq so‘zi Online»ga «O‘zavtosanoat»dan manba ma'lum qilgan.

Qayd qilinishicha, yangi narxlar kutilayotgan yangi haftadan joriy qilinishi mumkin. Xabarda ta'kidlanishicha, narxlar taxminan 10-12 foizga qimmatlashishi kutilmoqda. 

Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan GM Uzbekistan rasmiy vakili Alisher Komilov ayni ma'lumotni  na tasdiqladi, na inkor etdi. 

«Bu masaladan bizning xabarimiz yo‘q. Ayni paytda mashina narxining oshirilishi borasida tarqatilgan xabarni tasdiqlay olmayman, lekin inkor ham etmaymiz», deydi u. 

Avvalroq, Rossiyada GM Uzbekistan’ning barcha avtomobillari narxi ancha oshirilgandi.

Xususan, Ravon Nexia sedani barcha komplektatsiyasida 20 ming rubl (deyarli 3 mln so‘m)ga qimmatlashdi. Endi u 499 000 – 599 000 rubl (taxminan 70 – 84 mln so‘m)dan sotilmoqda.

Ravon R2 hetchbeki narxi ham oshdi, endilikda uning narx diapazoni 489 000 - 559 000 rubl (taxminan 69 - 78 mln so‘m)ni tashkil etadi.

2018 yil yanvar oyida esa GM Uzbekistan aksiz solig‘i tushirilganiga qaramay, mashinalari narxini pasaytirmasligini ma'lum qilgandi

O‘zbekistonda joriy yildan GM Uzbekistan AJ yengil avtomobillari uchun aksiz solig‘i 5,4 barobarga kamaytirilgan. Oldin aksiz solig‘i 27 foizga teng bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 5 foizni tashkil etadi. 

Shunga qaramay, korporatsiya bu holat avtomobillar narxida aks etmasligini ma'lum qilmoqda. Xabarnomada bu chora kursdagi tafovut sabab xarajatlarning oshib ketishini qoplashga xizmat qilishi ta'kidlangan.

 «O‘zavtosanoat» va GM Uzbekistan AJ matbuot xizmati 2017 yil mahalliy avtomobillar narxi oshishi haqida tarqagan xabarlarni asossiz, deb topgandi. Biroq, oradan 1,5 oy o‘tib, haqiqatan narx siyosatida o‘zgarish bo‘lgan. ​

Mavzuga oid