Jahon | 20:59 / 11.08.2018
19215
3 daqiqa o‘qiladi

Gretsiya TIV Kreml tomon qat'iy bayonot berdi

Foto: REUTERS/Michalis Karagiannis

Gretsiya tashqi ishlar vazirligi Kremlga nihoyatda aniq-tiniq qilib, o‘z ichki ishlariga aralashish va surbetlarcha xatti-harakatlarga aslo toqat qilmasligini shama qildi.

11 iyulda Gretsiya ikki nafar rossiyalik diplomatni mamlakatdan chiqarib yuborishi va Rossiya TIVning yana ikki nafar xodimini mamlakatga kiritmasligini e'lon qilgan edi. Gretsiya hukumati ularni mamlakat ichki ishlariga aralashishda, milliy xavfsizlikka tahdid va mahalliy amaldorlarni sotib olishga urinishda ayblagandi.

Qayd etib o‘tmoq joizki, so‘nggi oylarda Moskva va Afina munosabatlari keskin yomonlashgan. Bu hol yunonlar rossiyalik diplomatlarning mamlakat oliy ruhoniyati vakillarini sotib olishga urinishlarini fosh qilishganidan so‘ng ro‘y berdi. Rossiyaliklar bunday sharmandagarchilikka keskin javob berib, «aks» choralarini qo‘llashdi — Gretsiya diplomatik missiyasining bir necha xodimlarini mamlakatdan chiqarib yuborishdi.

Afinada bu harakatlarga chidab o‘tirishmadi va ikki xil tushunish mumkin bo‘lmagan bayonot bilan chiqish qilishdi. Greklar o‘z mamlakatida demokratiya hukmron ekanligini eslatib qo‘yib, rossiyaliklardan o‘zlarini hurmat qilishlarini talab qilishdi.

«Aftidan, Rossiya Gretsiyaning o‘z milliy manfaatlari mavjudligini tushunmaydigan ko‘rinadi», — deyishdi greklar Rossiya Federatsiyasi Turkiya bilan harbiy sohada hamkorlik qlishni boshlab, «sirpanchiq yo‘lga chiqqani»ni ta'kidlab.

Gretsiya TIV Kremlning «aks choralari» mutlaqo o‘zboshimchalik bo‘lganini ta'kidlab o‘tdi. Grek diplomatlari hech bir aybsiz aziyat chekishdi. Rossiyaning mamlakatdan chiqarib yuborilgan diplomatlari haqida bunday deb bo‘lmaydi, ularning mamlakat ichki ishlariga aralashgani aniqlangan. Ularning aybiga isbot-dalillar astoydil to‘plangan va hujjatlashtirilgan. Xususan, ularning «Imperator pravoslav falastin jamiyati»dagi faolligi ham.

Greklar Kremlga o‘z mulozimlarini sotib olib, o‘z tashqi siyosatini barbod qilishga yo‘l qo‘yib bermasligini ta'kidlab o‘tishdi. Ular rossiyaliklarga javob choralari qo‘llashni va'da qilishmoqda.

Mavzuga oid