Jamiyat | 23:09 / 11.08.2018
30112
4 daqiqa o‘qiladi

Qalbaki so‘m pullarni o‘tkazmoqchi bo‘lganlar qonun oldida javob berdi

Mamlakatning iqtisodiy ahvoli uning pul-moliya tizimi bilan chambarchas bog‘liq. Moliya sohasi iqtisodning qon-tomirlari, axir. Pul massasi esa pulning qadrini belgilab beradi. Pul massasiga eng ta'sir qiluvchi omil qalbaki pullardir. Jamiyat uchun eng zararli jinoyatlardan biri bizning mamlakatda ham aniqlandi.  

Joriy yilning 7 avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Bektemir tuman sudi binosida B. Utamurodov raisligida ochiq sud majlisi o‘tkazildi. Unda ayblanuvchi B. I., F.A. ustidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi 176-modda (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) 2-qismi “v” bandi (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan holda), Sh.I. ustidan 241-modda (jinoyat haqida xabar bermaslik yoki uni yashirish) 2-qismi (og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlarni oldindan va'da bermasdan yashirish) jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

Ma'lum bo‘lishicha, sudlanuvchi F.A. jinoiy sherigi B. I. bilan til biriktirgan va 6 fevral kuni Qo‘yliq markaz 2-shoh bekati oldida sigaret sotuvchi ayoldan 1 dona “HD Kent”sigareti va 1 dona nosvoy xarid qilgan. Tabiiyki, pullarni qalbaki pulda to‘lagan. Gumonlanuvchilar voqea joyida qo‘lga olingan. O‘sha joyda tekshirilganda 27 dona 50 ming so‘mlik kupyuralar aniqlangan. Bu kupyuralar ekspertiza natijasida qalbakiligi aniqlangan. 

Qalbaki pullarning qanday ularning qo‘liga tushib qoldi? Gap shundaki, B. I. shu yilning 22-23 yanvar kunlari kechasi soat 24-00 lar chamasida ariq chekkasida yotgan mast odamni ko‘rib qolgan. Bu odamning qo‘l sumkasi (barsetkasi)ni olgan va ichidan shu pullar chiqqan.

Ularning tanishlari bo‘lgan Sh.I. esa yuqoridagi ayblanuvchi shaxslarda qalbaki pullar borligini bila turib, bu og‘ir jinoyat haqida hech kimni xabardor qilmagan. 

Sud, sudlanuvchi B. I. ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 176-modda 2-qismi “v” bandiva Jinoyat Kodeksi 60-moddasi (bir necha hukm yuzasidan jazo tayinlash), 61-moddalari (jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari) bilan 5 (besh) yil 4 (to‘rt) oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni qattiq tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi. 

Sudlanuvchi A.F. ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 176-modda 2-qismi “v” bandi bilan 5 (besh) yil va Jinoyat Kodeksi 60-61-moddalari bilan 5 (besh) yil 1 (bir) oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazo umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.

Sudlanuvchi I.B. ga nisbatan Jinoyat Kodeksining 241-moddasi 2-qismi bilan ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 3 (uch) yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Ammo, 2018 yil 10 fevraldan 2018 yil 7 avgustgacha 5 oy 27 kun qamoqda saqlangan kunlarini hisoblab jazodan ayirib tashladi. Natijada 1 (bir) yil 6 (olti) oy 9 (to‘qqiz) kun axloq tuzatish ishlari jazosi qoldirildi. 

Qalbaki pul ishlab chiqaruvchilar kimlar ekanligi esa hali aniqlanmagan.

Hukmdan norozi taraflar shikoyat yoki protest bildirishga haqliligi tushuntirildi.

Mavzuga oid