Iqtisodiyot | 07:22 / 14.08.2018
17668
2 daqiqa o‘qiladi

Oq uy turk lirasining qulashiga izoh berdi

Foto: Fotolia / Hayati Kayhan

Oq uyning iqtisodiy maslahatchisi Kevin Xassett Turkiya bozoridagi tebranishlarga Amerika sanksiyalari va import bojlari oshirilishi bilan emas, balki demokratiyadan chetlashish bilan izoh berdi.

«Mamlakat liberal demokratiya bilan aloqani yo‘qotsa, unda iqtisodiyot bilan nima bo‘lishini hech kim aniq bilmaydi. Menimcha, juda katta noaniqliklar bor», - dedi Xassett MSNBC efirida.

«Valyuta 40%ga qulasa - bu mamlakatda iqtisodiyotning ko‘plab asosiy ko‘rsatkichlari tartibga solinmaganligining belgisi», - deya qo‘shimcha qildi Xassett. Uning so‘zlariga ko‘ra, import bojlari faqat po‘latga tegishli bo‘ldi, bu soha esa Turkiya iqtisodiyotining «juda kichik qismi» sanaladi. Shuningdek, Xassettning xabar berishicha, AQSh ma'muriyati lira kursini jiddiylik bilan kuzatib bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyani valyuta inqirozi qamrab olgani, lira rekord darajagacha qulagani xabar berilgandi.

Yil boshidan buyon turk lirasi o‘z qiymatining 27 foizini yo‘qotdi. Kecha 1 AQSh dollari 7,1 turk lirasiga sotilgan.

Mavzuga oid