O‘zbekiston | 20:00 / 20.08.2018
64175
2 daqiqa o‘qiladi

Abdulla Aripov videoselektor o‘tkazdi

Bugun, 20 avgust kuni Vazirlar Mahkamasida Qurbon hayitini munosib nishonlash masalasiga bag‘ishlangan videoselektor majlisi bo‘lib o‘tdi. «Kun.uz»ga ma'lum qilishlaricha, majlisni O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov olib borgan.

«Majlisda xalqimizning ma'naviy hayotida alohida o‘rin tutadigan, muqaddas islom dinining ezgu g‘oyalarini yaqqol ifoda etadigan, qadimiy bayramimiz Qurbon hayitini keng bayram sifatida nishonlash bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi», deyiladi xabarda.

Qurbon hayitini joylarda ko‘tarinki ruhda, tartibli va xalqning milliy qadriyatlariga mos ravishda o‘tkazish, hayit namozi o‘qiladigan barcha masjidlarda fuqarolarning ibodat qilishlari uchun zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlarni yaratish, erta tongdan jamoat transport qatnovini tashkil etish, masjidlar atrofida avtomobillar vaqtincha turar joylarni hozirlash yuzasidan mutasaddi rahbarlarga tegishli ko‘rsatmalar berilgan.

Shu bilan birga, bosh vazir tomonidan har bir tuman, mahalla, ovul va qishloqlardagi yordamga muhtoj nogironlar, yolg‘iz keksalar, boquvchisini yo‘qotgan fuqarolar, kam ta'minlangan oilalarga hamda «Mehribonlik», «Muruvvat», «Saxovat» uylariga moddiy va ma'naviy yordam ko‘rsatish yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklarga topshiriqlar berilgan.

Shuningdek, bozorlarda savdo xizmatini yuqori saviyada tashkil etish, istirohat bog‘lari, odamlar gavjum bo‘ladigan joylarda aholi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish lozimligi ta'kidlandi.

Majlisda hukumat a'zolari, viloyat hokimlari, tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari hamda mas'ul xodimlari ishtirok etgan.

Mavzuga oid