Jahon | 22:08 / 23.08.2018
13962
2 daqiqa o‘qiladi

Rasmiy Kobul «Tolibon» bilan muzokaralar uchun shartini ma'lum qildi

© RIA Novosti / V. Kiselev

Afg‘oniston hukumati rasmiylari Moskvada yoki boshqa joyda «Tolibon» harakati vakillari bilan faqat tinchlik muzokaralariga tayyorlik namoyish etilgandagina uchrashadi. Bu haqda RIA Novosti agentligi Afg‘oniston tashqi ishlar vazirligi bayonotiga asoslangan holda xabar tarqatgan.

Bundan avvalroq Afg‘oniston TIV rasmiysi Sibg‘atulla Ahmadiy rasmiy Kobul «Moskva formati»dagi muzokaralarda ishtirok etmasligi, bu qaror AQSh pozitsiyasidan mustaqil ravishda qabul qilingani haqida aytib o‘tgandi.

«Afg‘oniston hukumati delegatsiyasi «Tolibon» harakati to‘g‘ridan-to‘g‘ri tinchlik muzokaralariga tayyorliklarini namoyish etishsa, uchinchi joyda muzokaralarda qatnashishga rozi bo‘ladi», deyilgan bayonotda.

Qayd etilishicha, «Tolibon» hozirda tinchlik muzokaralariga tayyor emas, ular xalqaro va mintaqaviy prinsiplarga zid ish tutishmoqda.

Afg‘oniston tomoni «Moskva formati»dagi muzokaralarda «Tolibon» harakati vakillari ishtirok etishiga zarurat yo‘q, deb hisoblamoqda.

Bundan avvalroq Reyter agentligi o‘z manbalariga asoslangan holda «Tolibon» vakillari 4 sentabr kuni Moskva shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Afg‘oniston bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etishi haqida xabar tarqatgandi.

RF Tashqi ishlar vazirligi esa «Moskva formati» bo‘yicha muzokaralarga jami 12 davlat vakillari, jumladan, AQSh ham taklif etilganini bildirdi. Qayd etilishicha, muzokaralarga toliblarning Dohadagi vakolatxonasi taklif qilingan.

AQSh Davlat departamenti vakili ma'lum qildiki, AQSh Moskvadagi uchrashuvda ishtirok etmoqchi emas, chunki bunday format samarali bo‘lishiga ishonch yo‘q.

Mavzuga oid