Sport | 21:30 / 28.08.2018
16515
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston kurashchilarida 6 medal. Polvonlar o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashishdi

Indoneziyada o‘tayotgan yozgi Osiyo o‘yinlarining 28 avgust kuni bo‘lib o‘tgan bahslari O‘zbekiston delegatsiyasi uchun omadli keldi. Osiyo o‘yinlari tarixida ilk bor milliy kurash bo‘yicha bahslar o‘tkazildi va unda o‘zbekistonlik polvonlar 6ta medal qo‘lga kiritishdi.

Jumladan, ayollar o‘rtasida -52 kg vazn toifasida turnirga kelgan Gulnora Sulaymonova finalda hindistonlik Pinski Balharani 10:0 hisobida yengdi va oltin medalga ega chiqdi. Erkaklar o‘rtasidagi bahsda -66 kg vazn toifasida Ma'ruf G‘aybulloyev hamda +90 kg vazn toifasida Muhsin Hisomiddinov ham oltin medal sohibiga aylanishdi. Shuningdek, -66 kg vazn toifasida Ruslan Bo‘riyev kumush medal oldi. +90 kg vazn toifasida yarim finalda eronlik raqibiga yutqazgan Nurbek To‘rayev hamda -52 vazn toifasida yarim finalda hindistonlik Pinski Balharaga mag‘lub bo‘lgan Oysuluv Abdumajidova esa bronza medallar bilan kifoyalanishdi.

Ayni paytda Indoneziyada bo‘lib turgan KUN.UZ jamoasi medal sohiblarini suhbatga tortdi.

«Musobaqada ishtirok etgan raqiblarim kuchli tayyorgarlik ko‘rishgani bahslar davomida ma'lum bo‘ldi. Eng kuchli polvonlar mongoliyalik sportchilar ekan, desam yanglishmagan bo‘laman. Kurash vatani O‘zbekiston bo‘lgani uchun oltin medallar bizga nasib etdi. Chempion bo‘lish har bir sportchining orzusi va o‘ylaymanki, men orzuimga erishdim. Aytib o‘tishim lozimki, bugun milliy kurashimiz jahon bo‘ylab yuqori sura'tlarda rivojlanmoqda. Eron va Hindistondan kelgan sportchilarning milliy kurash sirlarini puxta egallashgani bunga yaqqol misol bo‘la oladi», - deydi Gulnora Sulaymonova. 

«Avvalambor, O‘zbekiston mustaqilligining 27 yillik to‘yi bilan barcha yurtdoshlarimni tabriklayman. Bugungi musobaqa, albatta, oson bo‘lmadi. Orzularimdan biri, Osiyo o‘yinlarida shohsupaning yuqori o‘rinlariga chiqish edi. Mana, bugun niyatimga yetib turibman. Shohsupada turgan holatni til bilan ta'riflab berib bo‘lmaydi. Ayniqsa, madhiya yangraganida butun tanangizni o‘zgacha hissiyot qamrab oladi. Milliy kurashning Osiyo o‘yinlariga kirishiga sababchi – prezidentimizdir. Shu bois g‘alabamni davlatimiz rahbariga bag‘ishlayman», deydi Muhsin Hisomiddinov.

Shuningdek, finalda o‘zbekistonlik boshqa kurashchi Ma'ruf G‘aybulloyevga yutqazib, kumush medal bilan taqdirlangan Ruslan Bo‘riyev ham o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi: «Musobaqa taassurotlari juda a'lo. Ochig‘ini aytsam, Xitoy Taypey vakili bilan kurash og‘ir kechdi. Oltin medal O‘zbekiston vakiliga nasib etdi, bundan umuman xafa emasman. Shu fursatdan foydalanib, barchani O‘zbekiston mustaqilligi bayrami bilan muborakbod etaman».

Foto: Hasan Pirmuhammedov

66 kg vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritgan Ma'ruf G‘aybulloyev shunday deydi: «Mana bugun oltin medal sohibi bo‘ldim. Bu juda kuchli musobaqa bo‘ldi. Xursand bo‘lganim, o‘zimizning polvon bilan finalda kurashishim undan ham yaxshi bo‘ldi. Lekin gilamda har qanday raqib – raqib hisoblanadi. hayotda esa barchamiz do‘stmiz».

Ma'lumot uchun, bugungi medallardan so‘ng O‘zbekiston delegatsiyasi Osiyo o‘yinlarida umumiy reytingda 38 medal bilan (9 oltin, 15 kumush va 14 bronza) bilan to‘qqizinchi o‘ringa joylashdi.

Mavzuga oid