Sport | 18:39 / 12.01.2020
9278
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbek kurashining yangi jangovar yo‘nalishi ishlab chiqilmoqda

10-11 yanvar kunlari Toshkentda «O‘zbek kurashining tarixi, buguni va istiqboli» mavzusida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston kurash federatsiyasidan ma'lum qilishlaricha, anjumanda 3,5 ming yillik tarixga ega o‘zbek kurashining xalqaro maydondagi mavqeyi va uni ommalashtirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilingan.

Shuningdek, 2019 yil dekabr oyida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan «Kurash milliy sport turining xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni loyihasi yuzasidan ham fikrlar bildirildi.

Milliy gvardiya bilan memorandum

Tadbirda, shuningdek, O‘zbekiston kurash federatsiyasi va O‘zbekiston Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Memorandumda hamkorlikda o‘quv-metodik adabiyotlar va ilmiy-tadqiqotlar amalga oshirish,  birgalikda darsliklar yaratish ko‘zda tutilgan.

Maqsad – olimpiya o‘yinlari tasnifiga kirish

Zamonaviy kurash qoidalari asoschisi, O‘zbekiston kurash federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Komil Yusupov so‘zga chiqib, kurash an'analarini saqlab qolgan holda unga zamonaviy texnologiyalarni joriy etib, baholash mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha fikr bildirdi.

«Bir paytlar biz kurashni dunyoga olib chiqamiz, deganda ko‘pchilik kulgandi. Bugun Xalqaro sportga aylandik. Endi asosiy maqsad – olimpiya o‘yinlari oilasiga kirish. Bu ham hozir boshqalar uchun guyoki erishib bo‘lmas orzuga o‘xshaydi. Lekin muhtaram prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning qo‘llab-quvvatlashi bizga kuch beradi. Bunga albatta erishamiz.  Kurashning vatani – O‘zbekiston va bugun biz dunyoga kurashni targ‘ib qilish va xalqimizning qadriyatlarini yetkazishimiz kerak» – degan Yusupovning so‘zlarini keltirmoqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati.

Yangi jangovar kurash

Konferensiyada o‘zbek kurashiga doir dolzarb masalalar yuzasidan soha mutaxassislari, federatsiya vakillari va faxriy kurashchilarning ilmiy ma'ruzalari tinglandi. Xususan, kurashning jangovor yo‘nalishini ishlab chiqish va jamoatchilik e'tiboriga havola qilish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

Bu takliflar bo‘yicha 11 yanvar kuni «Sag‘bon» sport majmuasida amaliy mashg‘ulotlar va mahorat saboqlari o‘tkazildi. Unda terma jamoa a'zolari, murabbiylar, hakamlar va boshqa mutaxassislar qatnashdi.

Mashg‘ulotlar davomida yangi jangovar kurash yo‘nalishining qoidalari ham tushuntirildi.  Unda ham jangovar usullar qo‘llangan holda kurashning insonparvarlik g‘oyalariga rioya qilinishi shartligi, yuzga urmaslik, tizzalab kurashmaslik kabi qoidalar asosiy mezon bo‘lishi tushuntirildi.

Mavzuga oid