Jahon | 14:22 / 21.09.2018
9537
2 daqiqa o‘qiladi

Peruda Gitler ismli shaxs merlikka nomzodini qo‘ydi, unga Lenin ismli vatandoshi qarshi chiqdi

Foto: RPP

Perulik Gitler Alba Sanches Ankash departamentidagi Yungar aholi maskani merligiga o‘z nomzodini qo‘ydi. Mahalliy RPP radiostansiyasining xabar berishicha, Lenin Vladimir Rodriges Valverde ismli yurtdoshi saylov organlariga uning nomzodini ro‘yxatga olmaslikni so‘rab talabnoma yozdi.

Alba Sanches "Biz - Peru" partiyasi a'zosi hisoblanadi. Uning fikricha, siyosiy raqiblari merlikka boshqa nomzodning g‘alabasini ta'minlash maqsadida Rodriges Valverdedan foydalanishmoqda.  

U 2011-2014 yillarda Yungar meri sifatida faoliyat olib borgan. Nomzodning so‘zlariga ko‘ra, raqiblari uni qoralash uchun uning ismidan ko‘p bor foydalanishgan. Gitler ismini o‘zgartirish haqida o‘ylaganini, ammo ota-onasiga hurmat yuzasidan bu fikrdan voz kechganligini aytgan.

Peru saylov bo‘yicha sudi uning saylovlarda ishtirok etishini rad etish uchun hech qanday qonuniy asos yo‘qligini bildirdi.

Lotin Amerikasi mamlakatlarida farzandlariga tarixiy shaxslar ismini qo‘yish keng tarqalgan. Masalan, Ekvador prezidentining ismi Lenin Moreno. Lotin amerikaliklar orasida Napoleon, Ilich va Stalin ismlari ommabop sanaladi.

Mavzuga oid