Sport | 17:09 / 21.09.2018
64926
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston ilk marta Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qilishi mumkin

O‘zbekiston yirik sport turnirlariga mezbonlik qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda bugun, 21 sentabr kuni Osiyo o‘yinlari sovrindorlarini taqdirlash marosimida qatnashgan O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov ma'lum qilgan.

«Kun.uz» muxbirining xabar berishicha, hukumat rahbari tadbir yakunida so‘zga chiqib, 20 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan shu to‘g‘risida topshiriq bo‘lganini aytgan.

«Kecha, muhtaram Shavkat Miromonovich sport mutasaddilari va hukumat rahbarlari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda kelgusida yirik sport klasteri qurishga tayyorgarlik ko‘rish va bu klaster bizga jahon darajasidagi eng jiddiy musobaqalarni o‘tkazish imkonini berishi kerakligi to‘g‘risida vazifa topshirdi», - deya ma'lum qilgan Abdulla Aripov.

«Kelgusida turli sport turlari bo‘yicha Osiyo va jahon chempionatlarini o‘tkazish, shuningdek vaqti kelib Osiyo o‘yinlari mezbonligi uchun kurashish bo‘yicha topshiriq olganmiz», - deya qo‘shimcha qilgan O‘zbekiston bosh vaziri.

20 sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazib, unda sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha istiqboldagi muhim vazifalar belgilab berilgan edi.

Yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan va Toshkent viloyatlarida tashkil etilayotgan olimpiya tayyorgarligi markazlarini 2020 yilga qadar foydalanishga topshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.

Shuningdek, O‘zbekistonda sportni ommalashtirish bo‘yicha besh yillik milliy konsepsiya ishlab chiqish zarurligi ham ta'kidlangan.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston shu vaqtgacha yozgi Osiyo o‘yinlarga ham, qishki Osiyo o‘yinlariga ham mezbon bo‘lmagan.

Mavzuga oid