Sport | 17:20 / 12.10.2018
27744
2 daqiqa o‘qiladi

Nurmagomedov va Makgregor jangdan keyingi mushtlashuv uchun vaqtinchalikka diskvalifikatsiya qilindi

Foto: Sport Ekspress

UFC’ning ikki vazn toifasidagi sobiq chempioni irlandiyalik Konor Makgregor va yengil vazn toifasidagi chempion, rossiyalik Xabib Nurmagomedov vaqtinchalik diskvalifikatsiya qilindi. Bu haqda ESPN nashri Nevada shtati sport komissiyasi ijrochi direktori Bob Bennetga asoslangan holda xabar tarqatdi.

Jangchilar 15 oktabrdan 24 oktabrgacha bo‘lgan muddatga chetlatilgan, 24 oktabr kuni komissiya 7 oktabr kungi jangdan keyin yuzaga kelgan mojaro bo‘yicha tekshiruvlari natijasini ma'lum qiladi, unga ko‘ra sportchilarga jiddiyroq jazo tayinlanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 7 oktabr kuni Las-Vegasdagi UFC 229 turnirida yengil vazndagi chempion Xabib Nurmagomedov Konor Makgregorga qarshi himoya jangi o‘tkazdi va to‘rtinchi raundda raqibni bo‘g‘ish usulida ushlab, g‘alaba qozondi. Jang tugagach, Xabib Nurmagomedov oktagondan tashqariga chiqib, raqibi tarafdorlari bilan janjallashdi. Bu vaqtda esa Xabibning tarafdorlari oktagon ichiga kirib, Konorga hujum uyushtirdi. Vaziyatga politsiya aralashib, janjalni bartaraf etdi.

Oktagondan tashqariga chiqib ketib, qoidalarni buzgani uchun Nurmagomedovga chempionlik kamari topshirilmadi, lekin u jang g‘olibi va UFC chempioni sifatida e'lon qilindi. Keyinroq rossiyalik sportchi 4-6 oyga diskvalifikatsiya qilinishi, unga gonorar to‘lanmasligi mumkinligi haqida xabar berildi.

Mavzuga oid