Gaz yo‘q bo‘lsa: uy isitishning muqobil vositalari
Har yili sovuq kunlar boshlanishi bilan aksariyat odamlarning e'tibori bir narsaga: uyni isitish masalasiga qaratiladi. Zero eng asosiy isitish vositasi bo‘lgan gaz hammada ham mavjud emas. Uyni isitishning qanday yo‘l va vositalari bor, ulardan qay biri samarali va arzon tushadi?
Avvalo, magistral gazdan foydalanmasdan isitish mumkin bo‘lgan manbalarni ko‘rib chiqsak.
Qattiq yoqilg‘i. Bu guruhga ko‘mir, o‘tin, briketlar, bioyoqilg‘i kiradi.
Suyuq yonilg‘i. Solyarka va ishlatilgan motor moyi.
Elektr energiyasi.
Quyosh elektrogeneratorlari.
Suyultirilgan (ballonli gaz).
Uyni gazsiz isitish masalasini hal qilishda quyidagilarga e'tibor qaratish kerak bo‘ladi:
Issiqlik manbai beradigan issiqlik energiyasi kilovatt-soatining narxi;
uskunaning narxi va uni o‘rnatishga ketadigan xarajat;
isitish tizimining qulayligi.
Mana shu ko‘rsatkichlarni tahlil qilish orqali muqobil isitish manbaini tanlash mumkin bo‘ladi.
Agarda issiqlik energiyasining kilovatt-soati narxi solishtirilsa, u holda issiqlik manbalari arzonligi jihatidan quyidagi tartibda joylashadi:
Arzonlik borasida birinchi o‘rinda quyosh kollektorlari turadi. Ulardan olinadigan energiya tekinga tushadi. Ammo kollektorlardan doimiy issiqlik manbai sifatida foydalanish qiyin, sababi ular quyoshli kun va ob-havo sharoitlariga bog‘liq.
Ikkinchi o‘rinda o‘tin turadi. O‘tin barcha turdagi qattiq yoqilg‘ilar orasida arzonligi bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi.
Keyingi o‘rinlarda ko‘mir, suyuq yonilg‘i turadi. Yirik avtoparkka ega xo‘jaliklarda ishlatilgan motor moyidan foydalanish arzonga tushadi.
Elektr eng qimmatga tushadigan issiqlik manbai hisoblanadi.
Shunday qilib, agarda issiqlik energiyasi kilovatt-soatining narxidan kelib chiqadigan bo‘lsak, eng arzoni quyosh kollektorlari, eng qimmati esa elektr bo‘ladi.
Masalaning ikkinchi tomoni shundaki, quyosh kollektorlari tejamkorlik bo‘yicha yetakchi bo‘lsa-da, uskuna narxi va o‘rnatish ishlari bo‘yicha eng qimmatga tushadigani ham aynan quyosh kollektorlari hisoblanadi. Hattoki Xitoyda ishlab chiqarilgan eng sodda va arzon kollektorlar ham boshqa isitish manbalariga nisbatan qimmat yuradi.
Uskuna narxi va o‘rnatilishi bo‘yicha ro‘yxat tuziladigan bo‘lsa, u quyidagicha ko‘rinish oladi:
quyosh kollektorlarini o‘rnatish boshqa isitish manbalariga nisbatan bir necha barobar qimmat turadi;
so‘ngra suyuq yonilg‘ida ishlaydigan qozonxonalar turadi (solyarka va ishlatilgan motor moyi);
ko‘mir va o‘tin yordamida ishlaydigan qozonxonalar arzonroqqa tushadi;
elektr qurilmalar esa narx bo‘yicha barchasidan arzon turadi (o‘rnatish ham unchalik katta xarajat talab qilmaydi).
Muqobil isitish manbalarining afzallik va kamchiliklari
Pechka yordamida isitish
Uyni pechka yordamida o‘tin yoki ko‘mirdan foydalanib isitish quyidagi afzalliklarga ega:
O‘rnatishning osonligi. Pechka qurish uchun alohida mahorat talab qilinmaydi.
Narxining arzonligi. O‘tin va ko‘mirni topish unchalik qiyin emas va narxi ham boshqa yoqilg‘ilarga nisbatan arzon.
Elektr energiyasining keragi yo‘q.
Pechka ustida ovqat qilish imkoni ham mavjud.
Biroq uning o‘ziga yarasha kamchiliklari ham bor: pechkaning foydali ish koeffitsiyenti boshqa isitish qurilmalariga nisbatan ancha past, chunki issiqlikning katta qismi mo‘ri orqali chiqib ketadi.
Pechka qizishi uchun uzoq vaqt talab qilinadi. Bir marta qalangan o‘tin uch soat ichida yonib tugaydi va muntazam ravishda unga o‘tin qalab turish kerak bo‘ladi.
Uy ko‘mir bilan isitilganida o‘tinga nisbatan yaxshiroq isiydi va uzoq vaqt yonib turadi.
Kamchiliklarga keladigan bo‘lsak, o‘tin va ko‘mir ishlatilganida xona ichi tez iflos bo‘ladi, doim kul hamda o‘tin va ko‘mir qoldiqlarini tozalab turish kerak bo‘ladi, xonaga tutun to‘ladi, devorlar qorayadi, is gazi bilan zaharlanish va o‘t ketish xavfi yuqori bo‘ladi.
Quyosh kollektorlari yordamida isitish
Quyosh kollektori quyosh nurini energiyaga aylantiradi va bu energiya issiqlik yetkazib beruvchini isitishga yo‘naltiriladi. Quyosh kollektori eng ekologik, xavfsiz isitish manbai hisoblanadi.
Uning eng katta kamchiligi qurilma va uni o‘rnatish narxining yuqoriligidir.
Elektr yordamida isitish
Elektr orqali isitish ekologik, qulay va samarali yo‘l hisoblanadi. Elektr konvektorlar, konditsionerlar, moyli radiatorlar, infraqizil isitgichlar va elektr pol uyni tez va oson isitish imkonini beradi. Elektr isitgichlar boshqa isitish manbalariga nisbatan arzonligi va o‘rnatish uchun deyarli xarajat bo‘lmasligi bilan ajralib turadi.
Elektr bilan isitishning eng katta kamchiligi elektr energiyasi uchun to‘lovning qimmatligidir. Bir nechta xonani isitish uchun ko‘p miqdorda elektr quvvati talab qilinishi isitish xarajatining o‘sishiga olib keladi.
Ikkinchi kamchiligi esa to‘laligicha elektr ta'minotiga bog‘liqligi. Turli sabablar oqibatida elektr ta'minotida uzilish sodir bo‘lsa, har qanday elektr isitgich befoyda buyumga aylanadi.
Moyli isitgich haqida
Bugungi kunda bozorlarda moyli isitgich eng keng tarqalgan va sotib olish mumkin bo‘lgan isitish qurilmasi bo‘lgani uchun uni sotib olish istagida bo‘lganlarga quyidagi maslahatlarimiz asqotadi.
Moyli isitgich statsionar batareyani eslatib yuboradi. U metall korpus, maxsus mineral moy va isitish unsuridan tashkil topgan.
Qurilma elektr manbaiga ulanganidan so‘ng uning ichidagi moy kerakli darajada qiziydi. So‘ngra moy metallga issiqlik beradi va o‘z navbatida xona isiy boshlaydi.
Bu isitgichlar qizib ketmasligi uchun ularga maxsus datchik o‘rnatilgan bo‘ladi.
Taymer haroratni boshqarishga yordam beradi: xona harorati belgilangan darajaga yetganida qurilma o‘chadi va xona soviganida yana ishga tushadi.
Ayrim qurilmalar ventilyator bilan jihozlangan bo‘lib, issiq havo oqimini xona bo‘ylab tarqatadi.
Isitgich sotib olayotganda avvalo uning quvvatiga e'tibor qaratish kerak. Odatda isitgichlar quvvati 1dan 3 kVtgacha bo‘ladi.
Isitgich tanlashda quyidagi formula asqotadi: masalan, xonaning bo‘yi 5, eni 4 metr. Umumiy maydon 20 kvadrat metr. Uni xona balandligiga ko‘paytiramiz: 20x2,75=55. Bu isitish lozim bo‘lgan hajm.
1 kVt energiya 25 kub metrga sarflanishi hisobga olingani uchun chiqqan sonni 25ga bo‘ling – 55/25=2,2. Hosil bo‘lgan son xonani isitish uchun zarur bo‘lgan quvvatdir – 2,2 kVt.
Isitgich sotib olayotganda yorug‘lik indikatori, haroratni boshqarish, taymer kabi xususiyatlariga e'tibor bering.
Moyli isitgichning seksiyalari (qovurg‘alari) 5tadan 14tagacha bo‘lib, radiator seksiyalari qancha ko‘p bo‘lsa, xona tezroq isiydi va ko‘proq energiya sarflanadi. O‘rtacha kattalikdagi xonani isitish uchun 6-8 seksiyali isitgich eng maqbuli hisoblanadi. Isitgich seksiyalari qanchalik ensiz bo‘lsa, ular tezroq isiydi va xonani tezroq isitadi.
Sektsiyalari keng isitgichlar isishi uchun uzoqroq vaqt ketadi va uzoqroq vaqtda soviydi, ammo ko‘proq elektr xarajatini talab qiladi.
Isitgich ustiga quritish maqsadida kiyim yoki turli matolarni tashlab qo‘yish mumkin emas.
Isitgich sovuq davrda sotib olinsa, uy ichiga olib kirilganida xonada kamida 3 soat turganidan keyingina ishlatish kerak.
Konvektor haqida qisqacha
Xonani isitish uchun shuningdek, elektr konvektorlardan ham foydalaniladi. Konvektorlar odatda devorga mahkamlanadi, lekin polga qo‘yiladigan modellari ham bor.
Konvektorlar xonani havo konveksiyasi hisobiga isitadi. U havoni harakatga keltiradi, issiq havo yuqoriga ko‘tariladi, sovuq havo pastga tushadi. Konvektor sovuq havoni yutadi va uni isitib tashqariga chiqaradi. Tashqariga chiqarilgan issiq havo o‘rnini yana sovuq havo egallaydi va jarayon shu tarzda xona isiguniga qadar davom etadi. Konvektor moyli radiatorga nisbatan kamroq elektr iste'mol qiladi.
Infraqizil pol haqida qisqacha
Plyonkali infraqizil pol to‘shamalari boshqa isitish manbalariga nisbatan ideal bo‘lmasa ham, o‘ziga yarasha afzalliklari bor.
Isitish hududini tanlash imkoniyati. Infraqizil to‘shamani istalgan o‘lchamdagi maydonga yotqizish mumkin va nisbatan arzon turadi.
U xonadagi havoni quritmaydi va yoqilishi bilanoq issiq harorat baxsh etadi.
Mutaxassislarning aytishlaricha, u konvektsion isitish vositalariga nisbatan 20-25%ga tejamliroq.
Issiq pol xonani bir xilda isitadi va birinchi navbatda oyoqqa issiqlik beradi.
Infraqizil to‘shama 220V elektr tarmog‘i orqali ishlaydi va uning eng katta xavfi ham mana shunda – tok urish ehtimoli bor.
Elektrga bog‘liq bo‘lgani uchun elektr ta'minotida uzilish bo‘lganida infraqizil to‘shamadan foydalanish imkoniyati yo‘qqa chiqadi.
Bilib qo‘ygan yaxshi
- Issiq pol o‘rnatish konvektsion isitgichlarga nisbatan isitish xarajatini 35-40%ga pasaytirish imkonini beradi.
- Plyonkali infraqizil pol 1 kvadrat metrga 50-70 vatt elektr energiyasi sarflaydi. Agarda uyni isitish manbai infraqizil isitgich bo‘lsa, uning quvvati bir kvadrat metrga 150-180 Vtni tashkil etishi lozim. Issiq pol xona umumiy maydonining kamida 70-80%ini qamrab olishi darkor, aks holda uning isitish samaradorligi past bo‘ladi.
- Infraqizil nur havoni emas, inson badanini, kiyim va buyumlarni isitadi.
- Uy yaxshi isishida issiqlik izolyatsiyasi muhim ahamiyatga ega. Deraza va eshik tirqishlari, teshiklar yaxshi berkitilsa, issiqlik tashqariga chiqib ketmaydi.
- Qora rangdagi radiator (moyli isitgich) issiqlikni yaxshi ajratadi.
Ozgina e'tiborsizlik, qo‘lbola isitish moslamalaridan foydalanish noxush oqibatlarga olib kelishi, nafaqat moddiy zarar yetkazishi, balki insonlar hayotiga xavf solishi mumkin. Shuning uchun har qanday isitish vositasidan foydalanganda eng avvalo hushyorlik, yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilishni aslo unutmaslik darkor. Xonadoningiz hamisha charog‘on, sovuq kunlarda issiq bo‘lishini tilaymiz.
Mavzuga oid
11:07 / 07.11.2024
Tadbirkorlarga gaz bo‘yicha hisoblangan asossiz 3,7 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ qayta hisob-kitob qilindi
13:36 / 06.11.2024
Surxondaryoda Cobalt'ning gaz quvuriga urilishi oqibatida avariya holati sodir bo‘ldi
11:50 / 01.11.2024
Yevropa gaz omborlari deyarli to‘liq to‘ldi
07:32 / 01.11.2024