Sport | 01:36 / 30.10.2018
35630
3 daqiqa o‘qiladi

«Real» Lopetegini iste'foga chiqardi

Foto: AP

«Real» jamoa bosh murabbiyi Xulen Lopetegi bilan shartnomani bekor qildi. Bu haqda klub rasmiy sayti ma'lum qildi. 

Direktorlar kengashining bu qarorga kelishiga jamoaning so‘nggi vaqtlardagi qoniqarsiz natijalari sabab bo‘lgan. Bugungacha «Kastilya» shug‘ullantirgan Santyago Solari asosiy jamoada bosh murabbiy vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi. Argentinalik mutaxassis 30 oktabrdan o‘z vazifasiga kirishadi. 

«Real» 28 oktabr kuni La Liga doirasida «Barselona»ga qarshi o‘ynab, 5:1 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.

 Xulen Lopetegi klub prezidenti Florentino Peres davrida eng kam muddat ishlagan ikkinchi murabbiy bo‘ldi. Bunga qadar 2004 yilda jamoaga ustozlik qilgan Xose Antonio Kamacho tayinlovdan 117 kun o‘tib o‘z xohishi bilan lavozimidan ozod etilgandi.

Eslatib o‘tamiz, Xulen Lopetegi shu yilning 12 iyunida «Real» bilan 3 yillik shartnomaga imzo chekkan edi. U bu vaqtda Ispaniya terma jamoasini boshqarib turgan, ammo klub bilan bitim imzolangani ma'lum bo‘lgach, lavozimidan ozod etilgandi.

Lopetegi «qirollik klubi» ustozi sifatida ilk o‘yinini UYeFA Superkubogida «Atletiko»ga qarshi o‘tkazgan va qo‘shimcha bo‘limlarda o‘tkazib yuborilgan gollar sabab 2:4 hisobida mag‘lubiyatga uchragan edi. O‘tgan vaqt davomida ispaniyalik mutaxassis klubni 14 o‘yinda maydonga boshlab chiqib, 6 tadan g‘alaba va mag‘lubiyat, 2 ta durang natija qayd etdi.

La Liganing 10-turidan so‘ng «Real» yetakchi «Barsa»dan 7 ochkoga ortda qolgan holda 9-o‘rinda bormoqda.

Endilikda «Real»ni Santyago Solari vaqtinchalik bosh murabbiy sifatida boshqarib turadi. Ammo u, federal tartibga muvofiq, ushbu maqomda uzog‘i bilan 15 kun muddat faoliyat yuritishi mumkin. Matbuotda «qaymoqranglilar» rahbariyati italiyalik murabbiy Antonio Konte bilan tezkor kelishuvga erishishning imkonini topa olmagani, tayinlov kelasi haftaga qoldirilishi mumkinligi aytilmoqda.

Ma'lumot uchun, «qirollik klubi» ertaga Ispaniya kubogi doirasida «Melila» jamoasiga qarshi bahsda maydonga tushadi. Shundan so‘ng jamoa 3 noyabrda (shanba) «Valyadolid»ni qabul qilsa, 7 noyabr kuni YeChL doirasida Plzenning «Viktoriya» klubi mehmoni bo‘ladi.

Mavzuga oid