Iqtisodiyot | 23:10 / 21.11.2018
69986
14 daqiqa o‘qiladi

Dunyo dollardan voz kechishi mumkinmi?

Foto: Flickr

Dollarning inqirozi va butkul qulashiga oid bashoratlar vaqti-vaqti bilan yangrab turadi. Qaysidir mutaxassis kelgusi o‘n yillikda AQSh dollari gegemon valyuta sifatidagi mavqeini yo‘qotishini bildirsa, yana biri yaqin kelajakda butunlay yangi va universal valyuta dollarni taxtdan ag‘darishi haqida bong uradi. Sir emaski, O‘zbekistonda ham aksariyat yirik shaxsiy oldi-berdilar AQSh dollarida amalga oshiriladi. Shunday ekan, dollarning qadrsizlanishi, o‘z o‘rnini yo‘qotishiga oid ma'lumotlar barcha uchun qiziq.

AQSh dollarining dunyo valyutasiga aylanishi o‘ziga xos tarixga ega. Ikkinchi Jahon urushida o‘sha payt dunyoda mavjud bo‘lgan 73ta davlatdan dunyo aholisining 80 foizi istiqomat qilgan 62tasi u yoki bu tomonni yoqlab ishtirok etgandi. Butun jahonni qamrab olgan bu urush yakuniga ko‘ra, iqtisodiy jihatdan deyarli zararsiz va hatto qisman iqtisodini ko‘targan holda chiqqan eng yirik davlat AQSh bo‘lgandi. Olti yillik urush qolgan yirik davlatlarning iqtisodini tang holatga keltirgan, endi hammasi avvalgiday davom etishi mumkin emasdi.

Shu paytga qadar dunyoning asosiy zaxira vositasi sifatida oltindan foydalanilar, har bir davlat imkon tug‘ilishi bilan shu qimmatbaho metallni ko‘paytirishga urinardi. Urush oxirlab, Germaniyaning yengilishi muqarrar bo‘lgan 1944 yilning iyul oyida AQShning Bretton-Vud kurortida dunyoning yetakchi moliyachilari va yirik davlatlar vakillari konferensiya o‘tkazishdi. Anjuman yakuniga ko‘ra, «Bretton-Vud» kelishuviga erishildi.

Foto: AP

Unga ko‘ra, bir Troya untsiyasi (31,1 gramm og‘irlikda) oltinning qat'iy va o‘zgarmas bahosi 35 AQSh dollari qilib belgilandi. Ayni shu anjumanda AQSh har doim shu qiymat evaziga bir untsiya oltin sotishni, ya'ni jahon zaxira valyutasiga aylanayotgan AQSh dollari qiymatini shu usul bilan saqlab turish kafolatini berdi. AQShning bu kafolatiga ishonmaslikning iloji ham yo‘q edi, chunki yigirmanchi asrning yarmiga kelib dunyo oltin zaxirasining taxminan 70 foizi shu davlat tasarrufida edi.

Dastlab, bir necha yil AQSh o‘z mas'uliyatini bajarib yurdi. Ammo har qanday valyuta singari AQSh dollari ham inflyatsiya, devalvatsiya ta'siridan chetda qola olmasdi, oltin bahosi esa o‘zgaruvchan edi. 1968 yilda oltin bahosi ikki xil kursda, ham oldingi kelishuv bo‘yicha, ham bozor bahosida belgilana boshladi. 1971 yilda prezident Nikson dollarning oltinga konvertatsiyasiga vaqtincha taqiq qo‘ydi. 1971 yilda oltin bahosi 38 dollarga, 1973 yilda 42 dollarga ko‘tarilib ketdi. Oltin shu baholarda sotilsa-da, dollarning oltinga almashtirilishi tiklanmadi.

Bunga qadar dollarning oltinga almashtirilishiga shubha qilgan Sharl de Goll boshliq Fransiya, uning ortidan Germaniya zaxiralaridagi dollarlarni kemalarga ortib AQShga jo‘natdilar va oltinga almashtirilishini talab qildilar. Bu ikki davlatning harakati AQSh uchun og‘ir zarba bo‘ldi va aynan o‘sha paytda dollarning inqirozi haqida ilk gaplar tarqaldi.

1973 yilga kelib Yamayka kelishuviga asosan dollarning oltinga aniq narx asosida konvertatsiya qilib berilishi bo‘yicha kelishuv bekor qilindi va oltin ham, dollar ham to‘laliligicha bozor prinsipilari asosda muomalaga qo‘yib yuborildi. Bu AQShning kafolatiga asosan dollarni zaxira qilgan davlatlar uchun go‘yoki zaxiralaridagi dollar quruq qog‘ozga aylanishi kabi edi.

Aynan mana shu payt juda ko‘pchilik endi dollarning qulashi aniqligi haqida bayonotlar berdi. Chunki har qancha harakat qilinmasin, foydalanish noqulay bo‘lsada, oltin kabi o‘z qadrini yo‘qotmaydigan vositani muomalaga kiritishning iloji bo‘lmagandi.

Ammo bu paytga kelib butun dunyo moliya tizimi dollarga qaram bo‘lib ulgurgan, har qanday xalqaro (va hatto ichki) iqtisodiy munosabatlarda eng qulay muomala vositasi AQSh dollariga aylanib qolgandi.

Yillar o‘tdi, dollarning dunyo bo‘ylab tarqalishi davom etdi va oxir-oqibat u kirib bormagan biror davlat, biror tizim qolmadi. Har qanday almashinuv nuqtalarining asosiy operatsiya manbai AQSh dollarining boshqa valyutalarga almashtirilishi bo‘lib qoldi.

Har qanday qudrat ham susayadi, hamma narsaning davri o‘tadi. AQSh hamon dunyoning eng qudratli davlati bo‘lsada, boshqa davlatlar ham rivojlanishda davom etdilar va turli ittifoqlar tuza boshladilar.

1999 yilning 1 yanvarida Yevropaning eng yirik davlatlari ishtirokida dastlab bankalararo muomalaga mutlaqo yangi va o‘ziga xos valyuta – yevro kiritildi.

Foto: Finance.UA

2002 yilning 1 yanvaridan boshlab esa bu valyutaning naqd shakli ham odamlar qo‘liga yetib bordi. 2013 yilga kelib dunyo bo‘ylab aylanayotgan naqd yevro maqdori 950 milliard yevrodan ortdi va bu jihatdan mazkur valyuta AQSh dollarini ortda qoldirdi.

28 davlatda erkin aylanish bilan birga o‘sha yirik davlatlarning milliy valyutasi o‘rnini egallashi yevroga bo‘lgan qiziqishni keskin oshirib yubordi.

O‘sha paytlarda dollarning aniq inqirozi haqidagi gaplar yana bolaladi.

Lekin bu safar ham «o‘xshamadi». Yevro qadrining dastlab dollarga nisbatan oshib borishi Yevropa davlatlari eksportini bo‘g‘di va asosiy hamkor bo‘lgan AQSh oldida kuchsizlantirib qo‘ydi. Keyinchalik iqtisodlar o‘rtasidagi tafovut, turli davlatlarning tashqi qarzlari haddan tashqari ortib ketishi Yevroittifoq iqtisodiga bo‘lgan ishonchni susaytirdi. Asta-sekin Yevroittifoq vakillari o‘z valyutalari qadrini tushirishga majbur bo‘lishdi va yevro ko‘pchilik davlatlar zaxirasiga yangi vosita sifatida kirgan bo‘lsada, dollarni siqib chiqara olmadi.

AQSh iqtisoddan tashqari siyosatda ham jilovlarni qo‘lga olishga urinar, bu tabiiyki Xitoy, Rossiya, ba'zan Turkiya kabi yirik davlatlarga yoqmas, Eron esa ochiqdan-ochiq yovlashishdan charchamasdi. Mana shu davlatlar o‘z iqtisodlarini dollardan xalos qilish uchun hech bo‘lmaganda o‘zaro oldi-berdilarda milliy valyutalardan foydalanish zarurligini ta'kidlashardi.

Eron o‘z hududida dollar konvertatsiyasini qattiq nazorat ostiga olgan bo‘lsa, Rossiya va Xitoy rubl va yuan almashinuvini kuchaytirishga urina boshladi. Keyinchalik siyosiy ziddiyatlar asosida bu safga Turkiya ham qo‘shildi.

Rossiya hukumatining bu boradagi harakatlari o‘z natijalarini bera boshladi. Masalan 2016 yilda aholining xorijiy valyutadagi bank omonatlari umumiy omonatlarning 37 foizini tashkil qilgan bo‘lsa, 2018 yilga kelib bu ko‘rsatkich 26 foizga tushdi. Rossiyaning AQSh bilan tovar ayirboshlash hajmi  2017 yilda 23,6 milliard dollarni tashkil qilgani holda Xitoy bilan bu ko‘rsatkich 85 milliard dollarga yetdi va eng qizig‘i bu oldi-berdilarda milliy valyutalar o‘rni bir necha karra oshdi.

Turkiyaning dollar qaramligidan qutilish istagi dastlab teskari samara berdi. Mahalliy valyuta – liraning qadri 1 dollarga  3-3,5 liradan 7-7,5 liragacha tushib ketdi. Butun Turkiya bo‘ylab AQSh dollarini olovda yoqish bo‘yicha fleshmoblar o‘tkazildi.

Xo‘sh, o‘zimizda nima gap?

O‘zbekistonda jismoniy shaxslar o‘rtasida barcha yirik oldi-sotdilar asosan AQSh dollarida amalga oshiriladi. Mamlakatimizda bankdan tashqari, cho‘ntaklararo aylanayotgan dollar ko‘lamini hisoblash, taxmin qilish qiyin. Lekin bu juda katta mablag‘ ekanligi aniq.

Albatta, xususiy mulk daxlsizligi konstitutsiya bilan himoyalangan va har bir fuqaro o‘z mulkini istagan tarzda sotishi mumkin. Ammo nima uchun biz ham barcha oldi-berdilarda AQSh dollariga bu qadar bog‘lanib qolganmiz?

1990-yillarda yurtimizda yashovchi boshqa millat vakillari, asosan ruslar uylarini va boshqa mulklarini sotib, ko‘chib keta boshladilar. Ko‘chmas mulk bahosi juda arzonligi bilan birga uning sotuvidan tushgan pulni boshqa davlatda ishlatish muammosi ham bor edi. Avvaliga MDH davlatlari bilan umumiy valyuta – rubl ma'lum muddat ishlab turdi. Ammo rublga mulk sotganlar o‘rniga nimadir xarid qilgunlaricha pul ancha qadrsizlanib ketaverdi. Shunday vaziyatda universal valyuta sifatida shu paytgacha ham dunyoda bu maqomni egallab kelgan AQSh dollari biz uchun ham «kashf qilindi».

Biz uchun xususiy mulkning ikkinchi yirik shakli asosan avtomobil bo‘lgan. Dastlab, o‘z avtosanoatimiz ishga tushmagan paytlarda xorijdan, asosan Rossiyadan yengil mashinalar olib kelib sotilardi. Bu bozorda ham dollar «beminnat» xizmatchi rolini o‘ynab berdi.

Bu jarayonlar izsiz ketmadi albatta. Xalq ongida naqd pul shaklidagi boylikni asrash, jamg‘arishda AQSh dollari tobora ko‘proq rol o‘ynay boshladi. Hozirgi davrdan farqli ravishda dollarning qadri u paytlar haqiqatan ham juda baland, shaharlarda 1000-2000 AQSh dollariga yaxshi kvartira sotib olish mumkin bo‘lsa, 100 dollarga ega inson ancha badavlat hisoblanardi.

Yillar o‘taverdi. O‘zbekiston iqtisodi ham qator omillar tufayli avval iziga tushdi, keyin tiklana boshladi. Ammo iqtisodning ko‘tarilishi ham «xorijiy valyutaga bo‘lgan muhabbatimiz»ni susaytira olmadi. Endi bunga asosiy sabab sifatida so‘mning kuchli inflyatsiyasi yuzaga chiqdi.

«Xorijiy valyuta qiymatini belgilash chog‘ida markaziy bank...» degan qiziqarli jumlalarni eshita boshlaganimizga ham 20 yildan oshdi. O‘zbekistonda xorijiy valyutaning – amalda AQSh dollarining uch xil kursi amal qildi. Jismoniy shaxslar orasida milliardlab dollar qo‘lma-qo‘l bo‘lib yuraversa-da, deyarli hech kim rasman – bank orqali valyutani naqd shaklda sotmadi va sotib olmadi.

Bu jarayonlar ham oddiy aholining dollarga qaramligiga, barcha yirik oldi-berdilar shu valyutada amalga oshirilishiga zamin yaratdi. Bundan tashqari uzluksiz davom etayotgan inflyatsiya tufayli so‘mimiz orqali naqd shaklda oldi-berdi qilishning iloji ham qolmagan, hali 5000, 10 000, 50 000 so‘mlik pullar muomalaga kiritilmagan yillarda buning uchun yuk mashinalari kerak bo‘lardi.

Dollarga qaramlikning yana bir muhim omili naqd pul va plastik kartalardagi mablag‘ o‘rtasidagi tafovut bo‘ldi. Naqd so‘m bo‘lganda ham dollar topish andak muammo bo‘lgan bir paytda plastik kartadagi mablag‘ dollarga aylangunicha ancha yo‘qotishlar bo‘lardi. Bu ham jamg‘arishning yagona varianti sifatida dollarning qadrini oshiraverdi. Lekin shu bilan birga dollar hajmi ham ko‘paygandan-ko‘paydi. Avtomobillar ham, ko‘chmas-mulk narxi ham keskin oshdi.

Hozirgi kunda bu muammolar asosan yechim topdi. Naqd va naqd bo‘lmagan pul o‘rtasidagi tafovut yo‘qoldi. Ya'ni, plastik kartadan naqd pul yechish, naqd pul orqali konversion kartaga AQSh dollari sotib olish imkoniyati tug‘ildi. Bu islohotlarning oxirgi halqasi bo‘lgan naqd shaklda xorijiy valyuta olish imkoniyati ham yaratildi.

«Demak O‘zbekistonda ham zaxira valyutasi sifatida so‘mga o‘tish mumkin ekanda, dollarning vaqti o‘tibdida», – deyishga hali erta. Ancha erta.

O‘zbekiston hali rivojlanayotgan davlatlar qatorida bo‘lsa, hatto rivojlangan davlatlar uchun ham dollarga muqobil valyuta hali mavjud emas.

2015 yilga kelib, dollar gegemonligiga chek qo‘yish bo‘yicha shuncha urinishlardan keyin ham dunyo yalpi ichki mahsulotining 76 foizi jamlangan 120dan ortiq davlatlarning asosiy zaxiralari AQSh dollarida ekani aniqlangan. O‘sha yilda xalqaro o‘tkazmalarning har 10tasidan 9tasida u yoki bu shaklda dollar ishtirok etishi, uning kunlik umumiy aylanmasi 5 trilliondan ortiqligi, markaziy banklar zaxirasidagi qiymati 11,5 trillion dollardan ortishi hisoblab chiqilgan. Hozirgi kunga kelib ham dunyo davlatlari zaxiralarining 60 foizi dollarda bo‘lsa, xalqaro bank operatsiyalarining deyarli yarmi aynan shu valyuta hissasiga to‘g‘ri keladi.

Buning o‘ziga xos sabablari bor albatta. AQSh iqtisodi mamlakatning shuncha qarzlariga qaramasdan bir asrki barqaror o‘sishni saqlab turgani holda bu davlat biror marta defolt e'lon qilmagan. Misol tariqasida iqtisodi o‘ta baquvvat va barqaror hisoblangan Germaniya yangi tarix davomida 8 marta defoltni tan olishga majbur bo‘lgan.

Xulosa qilish mumkinki, dollarning qulashiga oid har qanday xabarlar asossizligi bilan birga, bunday vaziyat yuzaga kelishidan biror yirik davlat manfaatdor emas.

Abror Zohidov

Mavzuga oid