O‘zbekiston | 23:17 / 28.11.2018
22786
3 daqiqa o‘qiladi

Vazirlar, o‘rinbosarlar va hokimlar Chirchiqda. Boshqaruv organlari rahbarlari poligonda harbiy yig‘in o‘tashdi

Toshkent harbiy okrugining “Chirchiq” dala-o‘quv maydonida 25 noyabrdan 28 noyabrga qadar davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari ishtirokida yig‘in o‘tkazildi. Bu haqida Kun.uzʼga Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev 2017 yili Samarqandda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlat organlari, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, korxona, muassasa, tashkilotlar katta-kichik rahbarlarining mudofaa sohasidagi ishtirokiga tanqidiy baho bergandi.

Muammoga yechim sifatida 2017 yil 12 dekabrda Prezidentning harbiy-ma'muriy sektorlar xususida farmoni imzolandi.

Bo‘lib o‘tgan mazkur yig‘in shu ma'noda ham muhim va dolzarb hisoblanadi.

Prezident farmoyishiga ko‘ra, joriy yildan boshlab Mudofaa vazirligining harbiy qismlarida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa davlat tashkilotlari rahbarlarining yillik yig‘ilishi o‘tkazilishi belgilandi.

Farmoyishda ta'kidlanishicha, Qurolli Kuchlar faoliyatining ochiqligini ta'minlash, mamlakat mudofaa sohasida davlat siyosatini shakllantirishda fuqarolik va nodavlat notijorat institutlar, boshqa tashkilotlarni keng jalb qilishning samarali mexanizmlari ishlab chiqildi va amalga oshirilmoqda.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

O‘tkazilgan yig‘inda vazirlar, ularning o‘rinbosarlari, hokimlar va boshqa darajadagi rahbarlarga O‘zbekiston Prezidentining 2018 yilning 4 avgustida imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining ma'naviy-ma'rifiy saviyasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroridan, Mudofaa doktrinasidan, mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyatdan kelib chiqadigan vazifalar bo‘yicha ma'ruzalar o‘qildi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Shuningdek, malakali harbiy mutaxassislar mamlakat mudofaa salohiyatini oshirishda zarur bo‘lgan ko‘plab yo‘nalishlar bo‘yicha chiqishlar qildi. Amaliy harbiy mashg‘ulotlar, milliy armiyamiz qurol-aslahasi, harbiy texnika namoyishida ishtirok etdi. Xullas, rahbar xodimlar poligonda, harbiy hayot ichida to‘rt kun yashab, nazariy va amaliy mashg‘ulotlarni kuzatdi, turli qurol namunalaridan amalda o‘q otishdi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

28 noyabr kuni ertalab O‘zbekiston mudofaa vaziri, general-mayor Abdusalom Azizov yig‘in yopilishiga bag‘ishlangan tadbirda ishtirokchilarga tantanali ravishda sertifikatlar topshirdi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Mavzuga oid