Iqtisodiyot | 09:34 / 17.12.2018
8496
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni ma'lum qilindi

Foto: EPA

2018 yil 1 dekabr holatiga faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni 7371tani tashkil etdi, deb xabar bermoqda Davlat statistika qo‘mitasi.

Qayd etilishicha, bu raqam o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1863taga yoki 33,8%ga o‘sgan. Shuningdek, xorijiy kapital ishtirokidagi faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalardan 3923tasi qo‘shma korxonalar, 3448tasi esa xorijiy korxonalar hisobiga to‘g‘ri keladi.

Xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalarning asosiy qismi Toshkent shahar (4643ta yoki jamidagi ulushi 63,0%), Toshkent viloyati (825ta yoki 11,2%) va Samarqand viloyatlari (391ta yoki 5,3%) hissalariga to‘g‘ri keladi. 

Eng kam xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar Xorazm viloyati (70ta yoki 0,9%), Qashqadaryo viloyati (78ta yoki 1,1%), Navoiy viloyati (100ta yoki 1,4%) va Qoraqalpog‘iston Respublikasi (116ta yoki 1,6%) hissalariga to‘g‘ri keladi.

2018 yilning yanvar-noyabr oyida xorijiy kapital ishtirokidagi yangi tashkil etilgan korxonalarning soni 2129tani tashkil qilgan. Bu ko‘rsatkich esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1334taga ko‘paygan.

Bunda, Rossiya Federatsiyasi rezidentlari kapitali ishtirokida – 391ta, Turkiya Respublikasi – 329ta, Xitoy Xalq Respublikasi - 302ta, Qozog‘iston Respublikasi – 222ta, va Koreya Respublikasi – 153ta yangi korxonalar ro‘yxatdan o‘tgan. Shuningdek, 2018 yil davomida Afg‘oniston Islom Respublikasi, Hindiston Respublikasi, Germaniya Federativ Respublikasi, Ukraina, Ozarboyjon Respublikasi va boshqa davlatlar rezidentlari qo‘shma faoliyatga qiziqish bildirdilar.

Mavzuga oid