Sport | 13:10 / 04.02.2019
9163
10 daqiqa o‘qiladi

Agueroning gollari «Arsenal»ni «ko‘mdi». Ammo u uchinchi golni qo‘l bilan urdi

Foto: Clive Mason/Getty Images

Kun Agueroning het-trigi Angliya chempionatining 25-turida «Arsenal» ustidan g‘alabani ta'minladi (3:1).

«Manchester Siti» - «Arsenal» - 3:1 (2:1)
Gollar: Aguero, 1 (1:0). Koselni, 11 (1:1). Aguero, 44 (2:1). Aguero, 61 (3:1).
«Manchester Siti»: Ederson, Uoker, Otamendi, Lyaport, De Bryuyne (Mahrez, 88), Fernandinyu, Gundo‘g‘an, Silva, Bernardu Silva, Aguero (Gabriel Jyezus, 81), Sterling.
«Arsenal»: Leno, Lixshtayner, Koselni, Mustafi (Mavropanos, 79), Monreal, Kolashinats (Suares, 66), Torreyra, Genduzi, Obameyang, Ivobi (Remzi, 66), Lyakazett.
Ogohlantirishlar: Torreyra, 40. Gundo‘g‘an, 65.
Hakam: Atkinson.
3 fevral. Manchester. «Etihad stedium» stadioni.

To‘rt yil g‘alabasiz
«Arsenal» oxirgi marta kuchli oltilik vakilini APL doirasida safar uchrashuvida mag‘lub etganidan buyon to‘rt yil vaqt o‘tdi. Bu vaqt ichida «Chelsi»da 5 marta bosh murabbiy o‘zgardi, «Lester» tarixiy chempionlikni nishonladi, «Real» qatorasiga 3 marta YeChL g‘olibi bo‘ldi, «Arsenal»ning o‘zida ham murabbiy almashib ulgurdi.

Qiziq tomoni, to‘rt yil avval «Arsenal» aynan «Manchester Siti»ni safarda mag‘lubiyatga uchratgandi. O‘shanda «shaharliklar» hozirgidek ambitsiyalarga egamasdi, tarkib ham hozirgidek qudratlimasdi, jamoani Manuel Pellegrini boshqarardi, Gvardiola erasi boshlanishiga hali 1,5 yil vaqt bor edi.

Endi Pep va «Siti» Angliyaning amaldagi chempionlari, «Arsenal»ni Unai Emeri - Gvardiolani shu vaqtga qadar hech qaysi chempionatda biror marta ham mag‘lubiyatga uchratolmagan mutaxassis boshqarmoqda. Yakshanba kungi o‘yingacha bask murabbiyi kataloniyalik raqibiga qarshi 11 uchrashuv o‘tkazgan va 7 marta mag‘lub bo‘lib, 4 bor durang o‘ynagandi. Unda bunday yomon ko‘rsatkich Diyego Simeonega qarshi o‘yinlarda qayd etilgan: 5 durang va 7 mag‘lubiyat.

«Men ko‘plab jamoalar va mutaxassislarni tahlil qilganman. Gvardioladan kuchliroq murabbiyni topish qiyin. Uning tajribasi juda katta. Biz bir vaqtda boshlaganmiz, u «Barselona»ning ikkinchi jamoasida, men «Lorka»da va «Almeriya»da. Uning jamoasi o‘yinlarini kuzatib, ko‘p narsa o‘rganganman», dedi Emeri Manchesterga safardan oldin. U Gvardioladan ko‘p narsa o‘rgangan bo‘lsada, unga qarshi qanday o‘ynashni hamon o‘rganolmagan.

Chalkash sxemalar
«Etihad»dagi o‘yinning ilk o‘n daqiqasida ko‘pchilik ko‘p narsani tushunmadi. Birinchidan, jamoalar qanday taktikani tanlaganini tushunish mushkul edi, Gvardiola ham, Emeri ham uch markaziy himoyachini maydonga tushirgandi. Ammo aslida bunday emasdi, Gvardiolani chalg‘itish uchun Emeri jamoani 4-4-2 sxemasida maydonga tushirdi, Siyod Kolashinats chap qanot yarimhimoyachisiga aylantirildi. Emeri bosniyalik futbolchiga «Manchester Siti»ning o‘yin uslubidan va Gvardiola bu o‘yinga tanlagan sxemadan, tarkibdagi futbolchilarning funksiyalaridan kelib chiqqan holda vazifalar bergandi. Ammo Gvardiola hammani aldadi, jumladan, ispaniyalik hamkasbini ham. U kutilganidek, 3-1-4-2 yoki 3-4-3 sxemasida emas, «Barselona»da muvaffaqiyat qozongan 4-3-3 sxemasida o‘ynashga qaror qildi. Pep Fernandinoga juda moslashuvchan rol topshirgandi. Raqib pozitsion hujumga o‘tganida Fernandino markaziy himoyachiga aylandi, «Man Siti» to‘pga egalik qilganida esa braziliyalik futbolchi tayanch yarimhimoyachi vazifasiga qaytdi va maydon markazida qo‘shimcha ishlarni bajardi. Ortda faqat Otamendi, Laport va Uoker qoldi. 

Tashqaridan ikki jamoa ham 3tadan markaziy himoyachi bilan o‘ynayotgandek edi, ammo maydonda bunday bo‘lmadi.

Gvardiola Emerining xayolini avvaldan o‘qiy oldi, «Arsenal» esa Pepning ayyorliklariga chora ko‘rishga ulgurmadi. «Shaharliklar» «kanonirlar»dan taktik jihatdan ham, ruhiy jihatdan ham ustun edi. «Arsenal» futbolchilarining tizzalari qaltirayotgandek edi. Martin Atkinson o‘yin boshlangani haqidagi hushtagini chalishidan 48 soniya o‘tiboq Aguero hisobni ochdi. Bu vaziyatda Aleks Ivobi o‘z jamoasi jarima maydoni hududida raqibni aldashga kirishdi, undan to‘pni olib qo‘ygan Emerik Laport to‘pni darhol Serxio Agueroga uzatdi. 

Ko‘pchilik bir oycha oldin «Liverpul»ga qarshi o‘yindagi 1:5 hisobi takrorlanishini taxmin qila boshladi. Yoddan chiqarmaslik kerakki, «Manchester Siti» o‘tgan turda «Nyukasl»ga qarshi o‘yinning 1-daqiqadayoq aynan Serxio Agueroning goli evaziga (26 soniya) hisobni ochgan, ammo yakunda 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lgandi.

«Manchester Siti» hujum qilishda davom etdi, Aguero londonliklar jarima maydonida yiqilib, penalti so‘radi, ammo Atkinson Mustafining foliga e'tibor qaratmadi, Laportning o‘zi ham darvozani ishg‘ol qildi, ammo hakam bu vaziyatda ofsayd qayd etdi. 

11-daqiqada «Arsenal» birinchi imkoniyatdanoq gol urdi. Burchak zarbasi amalga oshirilganida, Nacho Monreal to‘pni o‘zidan qulayroq vaziyatda turgan Loran Koselniga yetkazdi va hisob tenglashdi.

Shundan so‘ng, «Siti» ham ehtiyotkorroq o‘ynay boshladi va o‘yindagi vaziyat tenglashdi, bu statistikada ham aks etdi. Birinchi bo‘limda mezbonlar zarbalar berish borasida katta ustunlik qayd eta olishmadi - 6:4 (aniq zarbalar bo‘yicha 5:2). Emeri jamoasi durang hisobda tanaffusga yo‘l olmoqchi bo‘lib turganida Gvardiola shogirdlari o‘quv darsliklariga kiritish mumkin bo‘lgan kombinatsiya uyushtirishdi. Barchasini «himoyachi» vazifasidagi Fernandino boshladi, u oldinroqqa chiqib, tayanchyarimhimoyachisi hududidan qanotga to‘p uzatdi, u qanotdan bu qanotga olib o‘tilgan to‘p oxiri darvoza qarshisida bo‘sh qoldirilgan Agueroga to‘p uzatilishi bilan yakunlandi. Mezbonlar «Arsenal» himoyachilarini yosh bolalarga aylantirishdi, «Arsenal» muxlislarida bu mavsumda o‘ng qanot himoyasida Ektor Bellerin o‘rnida harakat qilayotgan Stefan Lixshtaynerga savollar ko‘p. 

Argentincha qo‘l
«Arsenal» birinchi bo‘limda nisbatan yaxshi o‘ynadi, aniqrog‘i raqib shunga qo‘yib berdi. Ikkinchi bo‘limda esa «Siti» dahshatli kuchga aylandi, «Arsenal»ning hech narsaga kuchi yetmay qoldi, mezbonlar to‘pni va maydonni nazorat qilishdi. Ikkinchi bo‘limda darvozaga zarbalar bo‘yicha ko‘rsatkich - 13:0 ko‘rinishini oldi. «Kanonirlar»ga shunchaki hujum uchun g‘oyalar yetishmadi, Emeri jamoasi juda kuchsiz pressing uyushtirdi. APLning ikkinchi to‘purari bo‘lib turgan Per-Emerik Obameyangga to‘p «Liverpul» bilan o‘yindagidan ko‘proq tekkan bo‘lsada, u Ederson darvozasiga xavf sololmadi.

Ikkinchi bo‘lim davomida Aguero uchinchi golni ham urdi. Yana to‘p Lixshtaynerning qanotidan darvoza sohasiga uzatildi va Aguero orqali darvozaga yo‘naldi. U het-trik bilan faxrlanishi... shu bilan birga uyalishi mumkin. Takroriy lavhalarda ko‘rindiki, argentinalik futbolchi to‘pni Bernd Leno qo‘riqlayotgan darvozaga yelkasi bilan emas, qo‘li bilan kiritib yuborgan. Agar APLda tizimi joriy etilganida, Atkinson bu golni bekor qilgan bo‘lardi.

O‘yindan keyin Aguero golni qo‘li bilan urganini tan oldi.

Mersi daryosi sohilidagi fanatlar esa Martin Atkinsonga g‘azablarini sochishmoqda. Bu hakam o‘tgan davrada «Vest Hem» va «Liverpul» o‘yinini boshqargan, o‘shanda ham mersisaydliklar zarariga qarorlar qabul qilgandi.

«Arsenal» hakamning xatosini to‘g‘rilay olmadi, qolaversa na jismoniy va na emotsional kuch qolgandi. O‘yinning oxirgi 20 daqiqasida o‘yin faqat bir tomonga bo‘ldi, Leno esa yana bir necha marta jamoasini gollardan qutqarib, hisob yirik ko‘rinish olishiga yo‘l qo‘ymadi. «Manchester Siti» bu g‘alaba evaziga hali 25-tur o‘yinini o‘tkazmagan «Liverpul» (Klopp shogirdlari bu turda «Vest Hem»ga qarshi o‘ynaydi) bilan oradagi farqni 2 ochkoga qisqartirdi, «Arsenal» «Chelsi» va «MYu»ni oldinga o‘tkazib yuborib, oltinchi o‘ringa tushib ketdi.

Mavzuga oid