Jismoniy mashqlar Alsgeymer kasalligining oldini olishi aniqlandi
Kolumbiya Universiteti (AQSh) va Tauba Instituti olimlari inson jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanayotganida miyasida ajraluvchi irizin gormoni xotirani yaxshilashi va Alsgeymer kasalligi (demensiyaning o‘lim bilan tugovchi bedavo shakli) rivoji xavfini kamaytirishini aniqlashdi. MedicalXpress shu haqida xabar berdi.
Olimlar Alsgeymer kasalligiga chalingan bemorlarning miya to‘qimalari namunalarini tahlil qilib, bemorlar gippokampida (bosh miyaning xotira uchun javob beruvchi bo‘limi) gormon tarkibi kamayishini aniqlashdi.
Sichqonlardagi tajribalar kemiruvchilar miyasidagi irizin sinapsislar (neyronlar o‘rtasidagi aloqalar)ni xotiraga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan zarardan himoyalashini ko‘rsatdi. Jonivorlar gippokampida irizin yetishmasa, xotira bilan bog‘liq muammolar va sinapsislarning zaiflashuvi kuzatiladi.
Tadqiqot natijalari gormondan insonlarda demensiyani davolashda foydalanish mumkinligini ko‘rsatmoqda. Olimlar irizin ishlab chiqarishga turtki beruvchi yoki gormonga o‘xshash ta'sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan preparatlarni tayyorlashni rejalashtirishmoqda.
Mushaklar faoliyati kuchayganda irizin hosil bo‘ladi. Shu bilan birga, birikma metabolizmda rol o‘ynashi, xususan, oq yog‘ni jigarrang yog‘ga aylantirishga yordam berishi aniqlangan. Biroq yaqinda mutaxassislar irizin gippokampda asab hujayralari o‘sishida ishtirok etishini isbotlashdi.
Bugunga kelib 26 milliondan ziyod kishi demensiyaning halokatli shakliga chalingan va 2050 yilga borib ularning soni to‘rt baravarga ko‘payishi kutilmoqda. Sekin-asta bemorlarda uzoq muddatli xotira yo‘qolishi ro‘y beradi, nutq va kognitiv funksiyalarda buzilishlar paydo bo‘ladi va oxir-oqibat bemorlar o‘zlarini parvarish qilish xususiyatlarini yo‘qotishadi.
Mavzuga oid
00:05 / 26.10.2024
Italiyada komadan uyg‘ongan 63 yoshli erkak qariyb 40 yillik o‘tmishini eslay olmayapti
15:18 / 17.09.2024
Nima uchun hozirgina o‘ylagan narsamizni unutib qo‘yamiz?
15:38 / 12.09.2024
O‘qishda qanday qilib muvaffaqiyatga erishish mumkin? Olimlar javob berdi
15:18 / 29.08.2023