Jamiyat | 17:08 / 18.02.2019
105165
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Burak O‘zchivit O‘zbekistondagi bir ziyofatda qatnashib, 2 million lira ishlab oldi

Turkiya informatsion saytlari ma'lumotlariga ko‘ra, 14 fevral kuni O‘zbekistonga kelgan taniqli turk aktyori Burak O‘zchivit muxlisalari bilan o‘tgan bir tanovuldan 2 million lira ishlab olgan.

O‘zchivitning 2,5 soatlik kechki ovqat marosimida qatnashishi tashkilotchilarga 2 million lira – 377 ming AQSh dollariga tushgan.

«Olmazor Biznes Siti» turarjoy majmuasining reklama kampaniyasi yuzi bo‘lmish Burak O‘zchivit O‘zbekistonga turarjoy majmuasi taqdimoti uchun kelgandi. Turarjoy majmuasi vakillarining ma'lumotiga ko‘ra, yirik loyihaning investori  - Turkiyaning «Mesa» kompaniyasi tarkibiga kiruvchi «Ozun Tashkent Construction» xorijiy korxonasi hisoblanadi.

Ma'lumot uchun, Burak O‘zchivit o‘zbek tomoshabiniga «Sevgi iztirobi», «Muhtasham 100 yil», «Choliqushi» seriallari va «Jon fido» filmi orqali tanilgan. Aktyor va model 1984 yilda Istanbulda tug‘ilgan. Aktyor taniqli turk aktrisasi Fahriya Evjyenga uylangan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston san'at arbobi, rejissyor Zulfiqor Musoqov Kun.uz bilan suhbatda turk seriallari to‘g‘risida o‘z munosabatini bildirib o‘tgandi va seriallar xalqni dolzarb masalalardan chalg‘itishini aytgandi.

Mavzuga oid