Jahon | 22:50 / 27.02.2019
66482
9 daqiqa o‘qiladi

Pokiston va Hindiston o‘rtasida havo urushi. Kashmirda nimalar bo‘lmoqda?

Foto: Reuters

27 fevral kuni Pokiston harbiylari Hindiston harbiy-havo kuchlarining ikkita qiruvchi samolyoti urib tushirilganini ma'lum qildi. Pokiston Qurolli kuchlari vakili Asir G‘ofurning so‘zlariga ko‘ra, hind samolyotlari mamlakat havo kengligiga kirgach hujumga uchragan.

Bungacha Pokiston bosh vaziri Imron Xon pokistonlik harbiylar Kashmirdagi hindlar nazoratida bo‘lgan Badgam okrugidagi obektlarga 6 marta zarba berganini tasdiqlagandi.

Pokistonlik harbiylar MiG-21 qulagan joyda
Foto: AFP

Asir G‘ofurning aytishicha, samolyotlardan biri Kashmirning Hindiston qismiga qulagan, ikkinchisi esa Pokiston tarafga. Uchuvchilar katapulta qilishga ulgurgan va ulardan biri yerga tushishi bilan Pokiston politsiyasi tomonidan qo‘lga olingan.

Uchuvchining asir olinishi
Foto: Defence blog

Brifing vaqtida u isbot sifatida hind uchuvchilaridan olingan hujjatlar va qurollarni taqdim etdi. Aynan qanday rusumdagi samolyotlar urib tushirilganiga aniqlik kiritilmadi. Keyinroq Asir G‘ofur ikki uchuvchi qo‘lga olingani, biri shifoxonaga yotqizilgani, ikkinchisi qamoqdaligini ma'lum qildi.

O‘zini hind uchuvchisi deb atagan Abdinandan
PAKISTAN INFORMATION MINISTRY

Pokiston Axborot vazirligi avvaliga ko‘zi bog‘langan, yuzi qontalash bo‘lgan odam o‘z familiyasi va lavozimini aytgani, u Hindiston Harbiy-havo kuchlari bo‘limi qo‘mondoni Abdinandan ekani ma'lum qilindi. Keyinroq bu video o‘chirib yuborildi.

Hindistonning javobi

Hindistonlik harbiylar Jammu va Kashmirda Pokiston samolyoti urib tushirilgan joyda
Foto: epa/vostock-photo

Keyinroq rasmiy Dehli bir harbiy samolyot yo‘qotilganini tasdiqladi. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, Kashmirda MiG-21 rusumli qiruvchi samolyot urib tushirilgan. Xabarda qayd etilishicha, bu samolyot Pokiston tomoni hujumini qaytarish chog‘ida halokatga uchragan.

«Afsuski, to‘qnashuv vaqtida biz MiG-21 samolyoti va uchuvchini yo‘qotdik», deyilgan xabarda.

Ko‘p o‘tmasdan Hindiston Harbiy-havo kuchlari Pokistonning o‘z hududiga kirgan F-16 rusumli qiruvchi samolyoti urib tushirilganini ma'lum qildi. ANI agentligining tvitterida yozilishicha, samolyot ikki mamlakat chegarasidan 3 km masofada, Jammu va Kashmir shtati hududida urib tushirilgan. Qayd etilishicha, uchuvchi katapulta qilishga ulgurgan, ammo uning taqdiri noma'lumligicha qolgan.

Pokiston tomoni o‘z harbiy samolyotlari Kashmir hududidagi obektlarga hujum qilganini tasdiqladi, lekin bu amaliyot davomida qurbonlar bo‘lishidan qochish maqsadida harakat qilingani, bu hujumdan maqsad, «mudofaa qobiliyatini ko‘rsatib qo‘yish bo‘lgani»ni ta'kidladi.

Mamlakatlar havo kengliklarini yopdi

MiG-21
Foto: Jagadeesh Nv / EPA

Bu voqealardan keyin Pokiston o‘z havo hududini yopdi, mamlakatdagi eng katta aeroportlar ham yopildi va bu mamlakat osmonidan o‘tuvchi reyslar bekor qilindi. O‘z navbatida, Hindiston ham mamlakat shimolidagi aeroportlarni yopishga kirishdi. Ikki mamlakat ham reyslar uchun muqobil variantlarni o‘rganib chiqmoqda.

Tinchlikka da'vat

Pokiston bosh vaziri Imron Xon
Foto: Athit Perawongmetha / Reuters

Pokiston bosh vaziri Imron Xon tomonlarni muzokaralar stoliga chorladi. U mahalliy televideniye orqali chiqish qilib, vaziyatni muhokama qilishga tayyorligini bildirdi.

«Tarix guvoh, barcha urushlar siyosatchilar o‘ylaganidan uzoqroq vaqt davom etgan. Men Hindistondan so‘rayman: bizda va sizda bor qurollarni hisobga olgan holda, shunday xatoga yo‘l qo‘yamizmi? Biz muzokaralar stoliga o‘tirishimiz kerak», deya ta'kidlagan Pokiston bosh vaziri.

Imron Xon shu ketishda vaziyat izdan chiqishidan ogohlantirgan.

«Agar bunga yo‘l qo‘ysak, men ham, u (Narendra Modi) ham vaziyat ustidan nazoratni qo‘ldan chiqaramiz. Bizning maqsadimiz ular bizning hududga bostirib kirgani kabi biz ham ularning hududiga bostirib kirishimiz mumkinligini ko‘rsatib qo‘yish edi», deya qo‘shimcha qilgan u.

Pokiston Hindistonga eskalatsiya kelib chiqishiga sabab bo‘lgan Pulvam shahridagi terakt bo‘yicha tekshiruvlarda o‘z yordamini taklif qildi.

Kashmirdagi terakt

GETTY IMAGES

14 fevral kuni Kashmirda Hindiston armiyasi kolonnasi yaqinida Pokistonda harakatlanuvchi «Jayishi Muhammad» guruhi tomonidan sodir etilgan portlash oqibatida 46 nafar hindistonlik harbiy halok bo‘lgandi.

Hindiston hukumati bu hujumdan keyin Pokiston ushbu teraktga aloqadorligi haqida dalillarga egaligini ma'lum qildi. Pokiston TIV buni rad etdi, 16 fevral kuni Pokiston Hindistondagi elchisini maslahatlashuv uchun chaqirib oldi. Ko‘p o‘tmay, Hindistonning Pokistondagi elchisi ham Dehliga chaqirildi.

«Jayishi Muhammad» tashkilotining bosh maqsadi Kashmirni Hindistondan ajratib olish hisoblanadi. Bu tashkilot Hindiston va Pokistondan tashqari, AQSh hamda G‘arbning ko‘plab davlatlari, shuningdek, BMT tomonidan terrorchi tashkilot sifatida tan olingan.

26 fevral kuni ertalab Hindiston harbiy-havo kuchlari 12ta «Miraj» 2000 (Dassault Mirage 2000) rusumli harbiy qiruvchi samolyotlari orqali Kashmirning Pokiston qismidagi «Jayishi Muhammad» guruhining yirik mashg‘ulot lageriga zarbalar berdi. Samolyotlar mashg‘ulot lageriga har biri bir tonna keladigan bir nechta bomba tashlagan. Havo hujumi oqibatida ko‘plab jangarilar, ularga tegishli transport, qurol va o‘q-dori yo‘q qilingan. Hindiston tashqi ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari Vijay Gokxale bu zarba zarur bo‘lgani, chunki guruh Hindistonning turli hududlariga xudkushlar ishtirokida hujumlar tayyorlayotganini, Pokiston o‘z hududida terrorchilar infratuzilmasini yo‘q qilishga qaratilgan hech qanday amaliy choralar ko‘rmaganini aytgan.

Bu voqeadan keyin Pokiston prezidenti Arif Alvi Hindiston chegaradagi vaziyat bo‘yicha «pashshadan fil yasayotgani» haqida gapirib, hindistonlik harbiylarning harakatlari urush keltirib chiqarishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Hindiston Tashqi ishlar vaziri Shushma Svaraj «Hindiston mas'uliyat va vazminlik bilan» harakat qilishini ma'lum qildi. Hindiston bosh vaziri Narendra Modi hozircha vaziyat yuzasidan rasmiy munosabat bildirmadi.

1971 yildan buyon ilk marta

Jammu va Kashmir shtati Pokiston bilan chegaradosh bo‘lib, Hindistonning eng notinch hududi sanaladi: chegara orqali jangarilar bir necha marta bostirib kirib, teraktlar sodir etishgan.

26 fevral kuni hind samolyotlari keyingi 40 yil ichida ilk marta Kashmirning Pokistondagi qismiga harbiy zarbalar berdi. Hindistonlik harbiylar chegaraning u qismiga oxirgi marta 1971 yilda, Hindiston-Pokiston urushi vaqtida o‘tishgandi.

2017 yilda ham Kashmirda taranglik yuzaga kelgandi. O‘shanda ayirmachilar federal parlamentning quyi palatasi uchun o‘tkazilgan saylovlarni boykot qilishgan, buning ortidan tartibsizliklar boshlanib ketgandi. Politsiya va namoyishchilar o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda 8 kishi halok bo‘lib, yuzlab kishilar qo‘lga olingandi. Saylovlar barbod bo‘lgandi: 70dan ortiq saylov uchastkalari hujumlar tufayli muddatidan avval yopilgan, ovoz berish jarayonida saylovchilarning atigi 7 foizi ishtirok etgandi. Politsiya namoyishchilarni tarqatib yuborishga uringan, ular esa tartib posbonlarini toshbo‘ron qilishgandi. Natijada, politsiya ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz qo‘llagan, ayrim holatlarda o‘t ochilgandi.

Kashmir mojarosi 1947 yildan buyon davom etib keladi, o‘shanda Britaniya Hindistoni ikki qismga bo‘lingan, musulmon diniga e'tiqod qiluvchilar alohida davlat - Pokistonni tashkil etishgandi. O‘shanda chegaralar shoshilinch o‘tkazilgan, musulmonlar Pokiston hududiga, hindular va sikhlar Hindiston hududiga tartibsiz ko‘chirilgan, bu jarayon qonli xunrezliklar bilan birga kechgan, yuz minglab kishilar halok bo‘lishgan, 12 milliondan ortiq kishi boshpanasiz qolgandi. Mamlakat ikkiga bo‘lingach, musulmonlarning uchdan ikki qismi Pokistonga o‘tgani, uchdan bir qismi Hindistonda qolgani ma'lum bo‘ldi. Musulmonlar yashovchi Kashmir o‘lkasi mustaqillik talab qila boshladi - tan olinmagan Kashmir o‘zini Pokistonning bir qismi sanaydi.

Mavzuga oid