O‘zbekiston va Pokiston imtiyozli savdo bitimiga kiruvchi mahsulotlar bo‘yicha muzokara olib bormoqda
Pokistonning markaziy Associated Press of Pakistan – APP axborot agentligi O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov bilan suhbat e’lon qilindi.
Unda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlarning joriy holati, amaldagi ko‘rsatkichlarni yangi bosqichga ko‘tarish uchun ko‘rilayotgan choralar, qo‘shma investitsiya loyihalarining amalga oshirilish holati to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berilgan.
Suhbat avvalida vazir Laziz Qudratov 2024 yilning 9 oyi yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi tovar aylanmasi 311,1 million dollarni tashkil etganini, bu ko‘rsatgich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,8 foizga oshganini ta’kidlagan. Shunga qaramasdan ikki mamlakat o‘rtasida ishga solinmagan ulkan salohiyat mavjudligi qayd etilgan. "Shu maqsadda mamlakatlarimiz o‘rtasida amal qiluvchi Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim doirasiga kiruvchi mahsulotlar ro‘yxatini kengaytirish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda", – deyiladi nashrda.
Ta’kidlanishicha, tomonlar o‘rtasida bojxona to‘lovlari stavkalarini pasaytirish va mahalliy mahsulotlar eksporti uchun qulay sharoit yaratish orqali o‘zaro savdo hajmlarini oshirishni rejalashtirilgan.
"2021 yilda imzolangan Tranzit savdo to‘g‘risidagi bitim ikki davlat savdo munosabatlarining yana bir muhim ustuni sifatida e’tirof etilib, uning bojxona jarayonlari soddalashtirilishiga, janub yo‘nalishidagi transport koridori rivojlanishiga xizmat qilayotganiga e’tibor qaratilgan", – degan Laziz Qudratov.
Intervyuda O‘zbekiston va Pokiston o‘z geostrategik joylashuvini ishga solgan holda Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi samarali transport yo‘laklarini shakllantirishlari shartligi alohida ta’kidlangan. Vazir mana shu imkoniyatning birgina o‘zi davlatlar o‘rtasida tranzit savdo sohasida ulkan salohiyat mavjudligini ko‘rsatishini, mintaqalararo savdo aloqalarini mustahkamlash esa O‘zbekiston tashqi savdo siyosatining negizi ekanligini qayd etgan.
"Biz qo‘shni davlatlar bilan savdo hajmini oshirish maqsadida ikki va ko‘p tomonlama formatdagi keng qamrovli hamkorlikni jadal rivojlantiryapmiz. Bu borada ko‘rilayotgan choralar O‘zbekistonning ishlab chiqarish quvvatlarini mintaqaviy bozorga integratsiya qilish bo‘yicha muhim sa’y-harakatlarni ham o‘z ichiga oladi", – deya ta’kidlagan ISSV rahbari.
Vazir Lazir Qudratov yana bir muhim jihat – o‘zaro savdo amaliyotlarini soddalashtirishga to‘xtalib, mamlakatimiz hukumati elektron deklaratsiya tizimlarini joriy qilayotganini va bojxona jarayonlarini raqamlashtirayotganini ma’lum qilgan.
Intervyuda, shuningdek, "O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston" temiryo‘li loyihasi mintaqalar o‘rtasidagi yirik infratuzilmaviy va keng ko‘lamli ijtimoiy loyiha ekanligini ta’kidlangan. Mazkur loyiha foydalanishga topshirilgach, savdo-iqtisodiy va investitsion jarayonlarni yangi bosqichga olib chiqishi urg‘ulangan.
Mavzuga oid
18:21 / 04.11.2024
Pokistonda havo ifloslanishi me’yordan 60 baravar oshgani sababli maktablar yopildi
17:42 / 04.11.2024
Xavfsizlik chegarasidan 80 barobar yuqori: Lahor dunyoning havosi eng iflos shaharlaridan biri
15:10 / 02.11.2024
O‘zbekistonning yangi elchisi Pokiston prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi
17:51 / 01.11.2024