O‘zbekiston | 12:30 / 07.03.2019
5964
4 daqiqa o‘qiladi

Vaqtincha saqlash hibsxonalari va ma'muriy qamoqqa olingan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi tasdiqlandi

Foto: Shutterstock

Ichki ishlar organlarining vaqtincha saqlash hibsxonalari hamda ma'muriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxonalarda saqlanayotgan shaxslarga davlat sog‘liqni saqlash muassasalarida tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.

Norma’ning yozishicha, vaqtincha saqlash izolyatoriga jinoyat sodir etishda gumon qilinayotgan va muayyan asoslar mavjud bo‘lganda qo‘lga olingan shaxs, maxsus qabulxonaga esa – ma'muriy huquqbuzarlik sodir etgan va buning uchun 3 sutkadan 15 sutkagacha ma'muriy qamoqqa olingan shaxs joylashtiriladi.
 
Maxsus muassasalarda saqlanayotgan shaxslarga statsionar sharoitda tibbiy yordam ko‘rsatilishi, tibbiy kuzatuv, homilador ayollarga esa – tug‘ish uchun yordam kerak bo‘lsa, ular davlat sog‘liqni saqlash muassasalariga yuboriladi. Ular ichki ishlar organlari xodimlari kuzatuvi ostida tibbiy muassasalarga boradilar.

Maxsus muassasada saqlanayotgan shaxs tibbiyot xodimlariga kameralarni har kungi ko‘zdan kechirish vaqtida, shoshilinch va kechiktirib bo‘lmaydigan hollarda esa istalgan xodimga tibbiy yordam ko‘rsatilishini so‘rab murojaat qilishi mumkin. Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish jarayonida shaxsga shoshilinch yoki kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam ko‘rsatilishi zarur deb hisoblanganda, tibbiyot xodimi telefon yoki boshqa aloqa vositalari orqali tez tibbiy yordam brigadasini chaqirishi lozim.
 
Tez tibbiy yordam brigadasi yetib kelganidan keyin shaxs tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi va unga zarur tibbiy yordam ko‘rsatiladi, shoshilinch yoki kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam ko‘rsatilishi zarur deb topilganda esa tegishli davlat sog‘liqni saqlash muassasasiga olib boriladi. Shaxsni olib borish tez tibbiy yordam mashinasida IIO xodimlari nazorati ostida amalga oshiriladi.
 
Shifoxonada shaxs navbatchi shifokor tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi, zarurat tug‘ilganda instrumental va laborator tekshiruvlardan o‘tkaziladi, tor soha mutaxassislari jalb etiladi. Barcha xatti-harakatlar IIO xodimlari nazorati ostida o‘tkaziladi. Shifokor ko‘rikdan va tekshiruvdan o‘tkazish natijalari asosida shaxsni statsionar sharoitda davolash zarurligi yoki bunga zarurat yo‘qligi haqida qaror qabul qiladi.  
 
Shaxsni statsionar sharoitda davolash uchun u maxsus xonaga joylashtiriladi, u:

• derazalari xonaning ichki tomonidan temir panjaralar bilan qoplangan bo‘lishi (qaysi qavatda joylashganligidan qat'i nazar), kirish eshigi esa temir qoplama bilan qoplangan (yoki temir panjara o‘rnatilgan) bo‘lishi;
• karavot, stol-stullar va oziq-ovqat mahsulotlarini saqlashga mo‘ljallangan jihozlar (sovutgich) polga mahkamlab qotirilgan bo‘lishi;
• ko‘zga ziyon yetkazmaydigan holda o‘qish yoki yozish uchun yetarli tabiiy va sun'iy yorug‘likka ega bo‘lishi lozim. 
 
Maxsus xonada bir qavatli karavot, stol va stul, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlashga mo‘ljallangan jihozlar, kiyim-bosh uchun ilgich, axlat qutisi, ventilyatsiya va isitish tizimi bo‘lishi kerak.
 
Shaxs tibbiy muassasaga joylashtirilganda, maxsus muassasaning mas'ul xodimi bu haqda shaxsning qarindoshlarini xabardor qiladi hamda himoyachisi, qonuniy vakili, qarindoshlari va boshqa shaxslar bilan uchrashuvlar berilishini ta'minlaydi. Shaxsning iltimosiga ko‘ra ko‘rsatilgan shaxslarni u shifoxonadan qaytarib olib kelinganligi va ahvoli haqida xabardor qiladilar. 
 
Hujjat 4.03.2019 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid