Jamiyat | 20:40 / 12.03.2019
43993
5 daqiqa o‘qiladi

«Toshkent viloyati fojiasi». ​Biz qanday suv ichyapmiz?

Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatdan o‘tgan umumiy aholi soni 2,8 milliondan ortiq. Shunga qaramay, 2,3 milliondan ortiq aholi vakillari yoxud 86 foiz viloyat fuqarolari oqava suv tarmog‘iga ulanmagan.

Viloyat 6ta yirik tuman va shaharlari oqova suv tizimiga ulangan bo‘lsa-da, bu yerda yashaydigan aholining faqat 42 foizi tarmoqqa ulanish imkoniyati ega.

12 mart kuni Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi​da «Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining suv obektlariga oqindi suvlarni oqizishga yo‘l qo‘yish shartlariga oid qismi Toshkent viloyatida ijro etilishini o‘rganish yakunlariga bag‘ishlangan tanqidiy ruhda bo‘lib o‘tgan majlisda mutasaddilar ayrim masalalarga e'tibor qaratishi lozimligi ma'lum bo‘ldi.

«Viloyatda 620 mingga yaqin xonadon hamda 36 mingdan ortiq turli tashkilot mavjud bo‘lib, ulardan markazlashgan kanalizatsiya tizimiga faqat 22 foizi ulangan. Viloyatdagi barcha tashkilotlarning faqat 4 foizi markazlashgan kanalizatsiyaga ulangan», — deya ta'kidladi qo‘mita raisi Bahodir Tojiyev.

​Tabiiyki, kanalizatsiyaga ulanmagan korxona va xonadonlarning oqindi tashlanmalari qayerga ketyapti degan savol paydo bo‘ladi.

Ma'lum qilinishicha, tashlanmalarning katta qismi Chirchiq, Bo‘zsuv suv kanallariga oqiziladi. Shuningdek, oqava suv inshootlarini tegishli ravishda saqlash va muhofaza qilish, belgilangan talablarning buzilishiga yo‘l qo‘yilmoqda. Inshootlarni tiklash, ta'mirlash va butlashga oid ishlarni bajarish muddatlariga rioya etilmayapti.

Suv inshootlarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan inson ularga tutash maydon sanitariya qoidalari va gigiyena normalariga javob bermasligiga amin bo‘ladi.

Prezident farmoniga ko‘ra, suv ta'minoti va kanalizatsiya obektlarini zamonaviylashtirish va ta'mirlash, mazkur soha faoliyatini muvofiqlashtirish, boshqaruvni ta'minlash Uy-joy va kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi​ning asosiy vazifasi hisoblanadi. Ammo vazirlik ham o‘z vazifalarini yetarli uddalay olmayapti.

Senator Tojiyevning qayd etishicha, vazirlik Prezident qarorida belgilangan Yangiyo‘l, Chinoz va Bo‘stonliq tumanlarida oqava suv quvurlarini rekonstruksiya qilishga doir tadbirlar ko‘rsatilgan muddatlarda bajarilmagan.

«Viloyat Suvoqava DUK tasarrufidagi 9ta oqava suv tozalash inshootining birontasi ham ishlamaydi. Kanalizatsiya tarmoqlari hisobidan viloyat Suvoqava DUK balansiga 28 milliard so‘m kelib tushgan. Lekin rekonstruksiyaning haqiqiy ahvolni ko‘rib, biz ajablandik», — deydi senator. 

​Ta'kidlanishicha, har yili 80 million kubometr oqindi biologik va kimyoviy tozalashdan o‘tmasdan, ochiq suv havzasiga tashlanishiga yo‘l qo‘yilmoqda.

Parrandachalik va ishlab chiqarish korxonalar tomonidan oqizilayotgan rangli suvlarni tozalashga texnik bazaning o‘zi yo‘q. Lekin oqindi Chirchiq daryosiga qo‘shilib ketmoqda.

«45 mingdan ziyod aholiga xizmat qilayotgan Olmaliq suv oqava tozalash inshootining faqat bitta tashlanmalarni ushlab qoluvchi qurilmasi mavjud. Unda biologik yo kimyoviy tozalanish bo‘lmagani tufayli, suv to‘g‘ridan-to‘g‘ri keyingi manzilga qarab oqadi», — deydi Tojiyev.

Vazirlik vakili Muhammad Aliyevning aytishicha, soha faoliyati o‘nglanishni boshladi, ammo rahbariyat samarali natijaga erishish uchun yana vaqt zarurligini ta'kidlaydi.

«Hokimiyat tasarrufida bo‘lgan tashkilotlar bizning nazoratimizga o‘tganda, bu ish darrov bo‘lmasligini tushundik. Qiyinchilik —​ joylarda korxonalarni tartibga solish», — deydi vakil.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologiya nazorati bosh boshqarmasi rahbari Dilmurod Mirzaboyevning aytishicha, aynan suv orqali yuqumli kasalliklar tarqalishi oson kechadi. 

«Oshqozon, ichak kasalliklari viloyat aholisi orasida ko‘paygan. Bir payt kasallik ko‘pligidan, aholi orasida vabo tarqalganidan shubha qilib qoldik», — deydi u. 
Oqin suv tozalash inshootlaridan o‘tgach, aholining iste'moli uchun yetkazib beriladi. Ammo inshoot va suvning sifati talab va standartlarga umuman javob bermasligi yig‘ilish ishtirokchilarini o‘ylantirdi. 

​Senat qo‘mitasi ushbu masala yuzasidan 1 oy muddat ichida tegishli taklif va yechimlarni ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritishni, 2 oy muddat ichidan hukumatdan umumlashgan hisobot berilishini so‘radi.

Mavzuga oid