Iqtisodiyot | 22:29 / 17.03.2019
63572
11 daqiqa o‘qiladi

Monopoliyalar haqida yosh bola bilan suhbat

Bolaligimda yurmay qolganim bois, aravachada harakatlanaman. Biroz ko‘ngil yozish uchun gohida 5-sinfda o‘qiydigan jiyanim bilan ko‘cha aylanamiz. Aylanish asnosida jiyanimga atrofdagi olam haqida gapirib beraman. Bu safar unga monopoliyalar haqida so‘zlab berdim...

5 daqiqalik hikoya

Hayron qoldirgani — monopoliyalar haqida jiyanimga gapirib bergan 5 daqiqalik hikoyam monopoliyaning deyarli barcha jihatlarini qamrab oldi. Yanada hayratlantirgani — 11 yoshli jiyanim 5 daqiqada monopoliyalarning mohiyatini juda yaxshi anglab oldi. Boshqacha qilib aytganda, endi jiyanim har qanday katta odamga monopoliyaning oqibatlarini masalani tushungan holda, ishonch bilan barmoq bukib sanab bera oladi.

Jiyanim bilan suhbatimiz davomida sun'iy monopoliyalar jamiyat uchun, iqtisodiyot uchun turgan-bitgani zarar ekaniga amin bo‘ldik.

Birinchidan, sun'iy monopolist, ya'ni, raqobatdan himoyalangan sub'yekt o‘z mahsuloti sifatini yaxshilashga urinmasligi — o‘zi ustidan ishlamasligi kundek ravshan bo‘ldi. “Raqobatchisi bo‘lmasa mahsulotini yaxshilamaydi-da!” — oddiy xulosaga keldi 5-sinf o‘quvchisi.

Ikkinchidan, monopolist o‘z mahsuloti narxini imkon qadar oshirishga urinadi — bu yana bir xulosamiz bo‘ldi. Tabiiyki, “kim ham ko‘proq foyda ko‘rishni xohlamaydi?!” – xitob qildi jiyanim. Mahsulot tannarxini tushirishga va texnologik yangilanishga esa urinmaydi.

Monopol tashkilot narxni ko‘proq mehnat qilgani, ko‘proq xarajat qilgani yoki mahsulotiga ko‘proq ishlov bergani uchunmas, balki MONOPOLIST bo‘lgani uchungina oshirishga moyil bo‘lishini yosh bola darrov tushundi — kam mehnat qilib ko‘p foyda qilish istagi bu — tabiiy istak, biologik pragmatik istak. Monopolistni bu uchun malomat qilish kerak emas.

Uchinchidan, raqobatsiz muhitda ishlaydigan korxona xaridorning ko‘nglini olishga moyil bo‘lmaydi — “o‘zi shundoq ham xaridor mening mahsulotimni olishga majbur bo‘lsa, nima qilaman ter to‘kib unga mulozamat ko‘rsatib!?” — mulohaza qiladi monopolist.

Yo‘q, monopolist emas, balki uning ichki mantiqiy “qurilmasi” shunday xulosa qiladi. Zero, har bir insonda quvvatni iqtisod qilish tabiiy dasturi ishlab turibdi: “quvvatingni imkoni boricha teja, kim bilsin, ertaga kerak bo‘lib qolar”, — deydi o‘sha ichki dastur, inson bu tabiiy dasturga qarshi turishi qiyin.

Jiyanim bilan xulosa qildik — yuqoridagi holatlar barchasi jamiyatga zarar:

  • mahsulot sifati ustida ishlamaslik (rivojlanmaslik);
  • narxning sababsiz ko‘tarilishi;
  • servisni yaxshilashga urinmaslik —

bular monopoliyaning shundoq ko‘rinib turgan, har kim oson tushunib olsa bo‘ladigan salbiy jihatlari. Sal “kovlasak” boshqa – chuqurroq salbiy jihatlari ham chiqib keladi va ularni ham 11 yoshli bolaga oddiy so‘zlarni ishlatib osongina tushuntira oldim.

Xo‘sh, ular nimadan iborat?

Monopolistning o‘z maqomidan foydalanib topgan ortiqcha mablag‘i mo‘may daromad bo‘ladi. Mo‘may (ishlab topilmagan) daromad esa o‘z mohiyatiga ko‘ra to‘g‘ri — samarali sarflanmaydi. Nega? Chunki pul mehnat natijasi — mehnat ekvivalenti bo‘lsagina uning qadri bo‘ladi.

Qadr nima u?

“Qadr” so‘zini iqtisodiyot tiliga “tarjima” qiladigan bo‘lsak, ma'nosi quyidagicha bo‘ladi:

Puxta rejalashtirish va qattiq mehnat evaziga erishiladigan daromad hali qo‘lga tushmasidan avval qayerga sarflanishi rejaga kiritilgan bo‘ladi. Ya'ni bunday pul tizimli rejalar zanjirining bir qismi. Shu bois uning har bir so‘mi qadrlidir. U nojo‘ya sarf etilsa rejalar barbod bo‘ladi.

Reja va qattiq mehnat orqasidan kelgan pul noratsional (havoga) sarflanishi ehtimoli o‘ta past. Bunday pulni “odamning jigaridan bo‘lgan” deyishadi.

Mehnatsiz qo‘lga kiritilgan pul esa hech narsaning ekvivalenti emas. Uni “odamning jigariga” o‘xshatib bo‘lmaydi. Reja va mehnatga evaz bo‘lmagan bunday pulning keyingi taqdiri o‘zining kelib chiqishiga mos bo‘ladi — hech bir rejalar zanjirining uzviy qismi bo‘lmagan, “havodan kelgan” pul yuqori ehtimol bilan “havoga” sarflanadi. Mamlakat va korxona iqtisodiyotining o‘sishiga bunday pul xizmat qilishi amri mahol.

Davlat chiqargan qog‘oz pullar — banknotalar mamlakat boyliklari (tilla zaxiralari) bilan ta'minlanadi. Buni hamma shart deb biladi. Qog‘oz pullar mamlakat boyliklariga muvofiq kelishi kerak.

Xuddi shu tarzda odamlar va korxonalar topadigan pul ham mehnat bilan “ta'minlanishi” (mehnat “ekvivalenti” bo‘lishi) shu darajada muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, bu muhim jihat pulning keyinchalik qanday (samarali yoki samarasiz) sarflanishiga bevosita ta'sir etadi.

Bundan qoida kelib chiqadi: pul imkon qadar aqliy va jismoniy urinishlarning doimiy obekti bo‘lib turishi kerak. Zero, iqtisodiyot ichida aylanadigan pulning aynan shu qismi iqtisodiyotning o‘sishiga xizmat qiladi. Chunki bunday daromad, takror aytamiz, hali qo‘lga kirmasidan avval samara keltirayotgan tizimli rejalarning bir bo‘lagi bo‘ladi.

Baraka

Mo‘may pul — o‘z mohiyatiga ko‘ra “quvvatsiz” puldir. Xususan, monopolist topgan mo‘may pul. Zero, u raqobat muhitida “tug‘ilmagan”, korxonaning rivojlanish strategiyasining uzviy qismi bo‘lmagan, aqliy va jismoniy urinishlar bilan “sug‘orilmagan” puldir. Boshqacha qilib aytganda bu pul — barakasiz.

Mo‘may daromad korxona egalari va xodimlarining ichki zaxiralarini so‘ndiradi. Inchunun, korxonani bebarakalikka mubtalo qilib, “o‘ldirmoqchi” bo‘lsangiz, unga monopol imtiyozlar bering.

Raqobat esa, aksincha, insonning barcha ichki zaxiralarini qo‘zg‘atuvchi, iste'dodlarini uyg‘otib, kulminatsion nuqtasiga keltiruvchi omildir. Bularni ham jiyancham yaxshi tushundi.

Taqsimot

Demak, masalan, avtomobillarni ishlab chiqaruvchi korxona monopolist (raqobatdan himoya etilgan) bo‘lsa u, tabiiyki:

a) mashinalari sifatini yaxshilash uchun bosh qotirmaydi (“shundoq ham sotib olishyapti”),

b) narxni ko‘tarishga intiladi (“qimmatroq sotsam ham olishadi”),

v) iste'molchi uchun kurashmaydi (“kim bilan kurashsin?”)

g) mashina narxini tushirish bo‘yicha harakat va izlanishlar qilmaydi (“kimga kerak ortiqcha dahmaza?”).

Narxni oshirish evaziga monopolist qo‘shimcha (mo‘may) daromadga ega bo‘ladi. Bu kabi daromad “korxonani rivojlantiradi”, degan xulosani qilish mumkin. Ammo yuqorida qilgan tahlilimiz ko‘rsatyaptiki, unday emas — butun boshli rivojlanish konsepsiyasi mahsuli bo‘lmagan mo‘may daromad rivojga xizmat qilmasligi ayon bo‘lib turibdi.

Aksincha, mashina xaridi uchun monopolistga ortiqcha to‘langan pul egasida qolganda edi, iqtisodiyot uchun foydaliroq bo‘lardi, zero, bu pulga odamlar boshqa narsalarni sotib olishardi, ya'ni pullarini mo‘may daromad topayotgan (tekinxo‘r)ga emas, balki boshqa bir — raqobat sharoitida faoliyat yuritayotgan, raqobat sharoitida rivojlanish konsepsiyasiga ega bo‘lgan korxonalarni qo‘llab-quvvatlashga berishardi.

Ma'naviy buzilish

Monopoliyalarning iqtisodiy salbiy oqibatlaridan-da kattaroq — salbiy ma'naviy oqibatlari ham bor. Mo‘may daromad o‘z mohiyatiga ko‘ra birovdan noo‘rin olingan, birovni norozi qilib olingan pul bo‘ladi. Monopolist narxni sababsiz oshirganda, sifatsiz molini (odamlar uning molini olishga majbur ekanligini bilib) sotayotganda, xaridorni mensimaslikka borganda uning ma'naviy dunyosi zarar ko‘rmay qolmaydi. Bunday ishlar, bunday “model” monopolist korxona boshliqlari uchun odat tusiga kiradi va bu ularni xudbin va badnafs qilib qo‘yadi.

Boshqacha qilib aytadigan bo‘lsak, monopoliyalarning paydo bo‘lishi uchun muhitni yaratish jamiyatning ma'naviy ustunlariga zarar keltiradi. Bunday noo‘rin holat jamiyatdan pinhon bo‘la olmaydi — odamlarning ko‘z o‘ngida bo‘ladi va ommaning ezgulikka bo‘lgan ishonchiga, o‘zaro ishonch muhiti vujudga kelishiga to‘siq bo‘ladi.

Xotima o‘rnida – “Ronalduni kim Ronaldu qildi?”

Messi kabi futbolchi bo‘lmaganda Krishtianu Ronaldu kabi iste'dod sohibi futbolchilar ichida “monopolist” bo‘lib qolardi va uning ichki zaxirasi – potensiali to‘laligicha yuzaga chiqmasdi, biz hozir boshqa saviyadagi Ronalduning o‘yinini kuzatayotgan bo‘lardik. “Oltin to‘p” uchun kurash bu ikki futbol daholarini o‘z ustidan ko‘p ishlashga undab kelyapti.

Korxonalar ham shunday — raqobat muhitida har qanday korxona egasi va xodimlarining ichki iste'dodlari – salohiyati yuzaga chiqadi. Korxona alohida imtiyozlar bilan himoyalansa — teskarisi bo‘ladi. Mazkur – yosh bola ham tushuna oladigan haqiqatlarni, nihoyat, tan olmog‘imiz lozim.

Shokir ShARIPOV.

Mavzuga oid