Saudiya Arabistoni podshohi valiahd shahzodani bir qator vakolatlardan mahrum qildi - The Guardian
Saudiya Arabistoni podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud valiahd shahzoda Muhammad bin Salmonni ba'zi bir vakolatlardan mahrum qilgan bo‘lishi mumkin, deya xabar beradi The Guardian.
Valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon Ol Saud oxirgi ikki hafta davomida, iqtisodiyot va moliya sohasidagi ba'zi bir vakolatlaridan mahrum qilinganidan so‘ng, podshohlikdagi vazirlar va diplomatik darajadagi qator muhim yig‘ilishlarda ishtirok etmadi.
Nashr ma'lumotiga ko‘ra, valiahd shahzoda vakolatlarini vaqtinchalik bo‘lsa ham cheklab qo‘yish to‘g‘risidagi qaror uning otasi, podshoh Salmon bin Abdulaziz Ol Saud tomonidan o‘tgan hafta yuqori darajali vazirlarga e'lon qilingan.
Manbaning ta'kidlashicha, podshohning ishonchli maslahatchilaridan biri, yaqinda milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi etib tayinlangan Musayd Al Aybon endi podshoh nomidan investitsiya qarorlarini norasmiy ravishda nazorat qiladi.
The Guardian ma'lumotiga ko‘ra, valiahd shahzoda podshoh boshchiligidagi vazirlar mahkamasining so‘nggi ikki haftalik yig‘ilishida qatnashmagan, shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbari, Livan bosh vaziri va Hindiston hamda Xitoy elchilari bilan uchrashuvlarda ishtirok etmagan. Podshohlik hukumatining Vashingtondagi rasmiy vakili bu ma'lumotni izohlashdan bosh tortgan, shuningdek, Saudiya valiahd shahzodasi qayerda ekani bo‘yicha ma'lumot bermagan.
Muhammad bin Salmon avval ham uchrashuvlarni o‘tkazib yuborganiga qaramay, podshohlik saroyi ishi bilan tanish bo‘lgan manbaning nashrga ma'lum qilishicha, valiahd shahzodaning so‘nggi ikki hafta ichida ko‘rinish bermagani katta syurprizga aylangan. Taxminlarga ko‘ra, podshoh seshanba kuni vazirlar mahkamasi yig‘ilishida o‘g‘li ishtirok etmaganidan juda darg‘azab bo‘lgan, unda podshohlik oldida turgan ko‘plab muammolar muhokama qilingan. Podshoh ikki soatlik murojaatida, gazetaning ta'kidlashicha, Saudiya Arabistoni iqtisodiyotiga yo‘qotilgan investitsiyalar bo‘yicha tashvish bildirgan.
Gazetaning qayd etishicha, podshoh va valiahd shahzoda o‘rtasidagi munosabatlar saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchi 2018 yilda o‘ldirilganidan so‘ng diqqat markazida bo‘lib turibdi. Muhammad bin Salmonning bunga aloqasi borligi to‘g‘risida taxminlar paydo bo‘lgan, biroq Saudiya hukumati bu ma'lumotlarni rad etgandi.
Ar-Riyod siyosatini tanqid qilgan Qoshiqchi 2018 yil 2 oktyabrda Saudiya Arabistonining Istanbuldagi bosh konsulligiga tashrif buyurganidan keyin g‘oyib bo‘ldi. Saudiya hukumati 20 oktabr kuni jurnalist diplomatik missiya binosida «mojaro oqibatida» o‘ldirilganini xabar qildi. Jurnalistning jasadi hali ham topilmagan.