Jahon | 12:37 / 27.10.2024
18584
8 daqiqa o‘qiladi

Neft – dunyo qirollari uchun endi toj emasmi?

Ba’zi tahlilchilar neftni 20-asrdagi mojarolarning asosiy sabablaridan biri deb hisoblaydi. Xo‘sh, 21-asrning uchinchi o‘n yilligiga kelib, dunyoda neftning statusi qanday? Arablar hozir ham dunyo neft bozorini qalqita oladimi? Mavzu borasidagi savollarga “Geosiyosat” dasturida tahlilchilar Shuhrat Rasul va Kamoliddin Rabbimov javob berishdi.

Rabbimovning so‘zlariga ko‘ra, neftning strategik tovarga aylanishi XX asr boshida G‘arbiy Yevropa, AQSh, Yaponiya mamlakatlari shiddatli sanoatlasha boshlagan davrlarga borib taqaladi.

“O‘sha davrda dunyodagi asosiy energetika mahsuloti ko‘mir edi. Ko‘mirni qazib olish, gazni esa tashish qiyin edi. Shunday paytda dunyo bozoriga neft kirib keladi. Keyingi 70 yilda eng ko‘p sotilgan mahsulot bu – neft. XX asrdagi eng katta kompaniyalar va eng boy shaxslar neft bilan bog‘liq edi. Hozir ham iqtisodiyotning ko‘plab tarmoqlari neftga bog‘langan. Shu sababli ham dunyoda qudrat masalasi aynan neft bilan bog‘liq.

AQSh – o‘tgan asrda ham, hozir ham eng katta neft ishlab chiqargan va ishlab chiqarayotgan, eng ko‘p neft iste’mol qilgan va iste’mol qilayotgan davlat. Xitoy esa neftga bo‘lgan ehtiyojining asosiy qismini import hisobidan qondiradi. Bugungi kunda katta miqdorda neft ishlab chiqaradigan, Amerika yoki G‘arbning nazoratidan tashqarida bo‘lgan davlatlar sanoqli: Eron, Venesuela, Rossiya.

Saudiya Arabistoniga kelsak, 1946 yilda AQSh va Saudiya Arabistoni o‘rtasida tarixiy kelishuv bo‘lgan. Amerikaning o‘sha davrdagi prezident Ruzvelt (u paytda yurolmay qolgan, aravachada edi) Saudiya podshohi Abdulaziz bilan Misrda tarixiy kelishuvga erishgan, ya’ni Saudiyaning xavfsizligini Amerika ta’minlaydi, Saudiyada chiqayotgan neftni Amerika sotib oladi, Saudiyaning ichki ishlariga aralashmaydi, demokratiya va inson huquqlari deb boshini og‘ritmaydi. Shuningdek, Saudiya Arabistoni Isroilga teginmasligi kerak bo‘ladi. Mana shu kelishuv Saudiyaning juda ham katta o‘sishiga, qudratli davlatlardan biri bo‘lishiga sababchi bo‘ldi.

AQShning neft ishlab chiqaruvchi davlatlar bilan diplomatiyasi – alohida diplomatiya. Chunki sovet ittifoqining qulatilishida ham Saudiya va Amerikaning ma’lum bir kelishuvlari rol o‘ynagan. Shu bilan birga, Saudiya va Amerika o‘rtasida ham neft bilan bog‘liq geosiyosiy inqirozlar bo‘lgan, buni 1973 yilgi voqealar misolida ko‘rish mumkin.

Ruzvelt va podshoh Abdulaziz o‘rtasidagi kelishuvni hozir qisman amalda deyish mumkin. Saudiya Arabistoni o‘zining neft bozorini anchagina diversifikatsiya qilyapti. Lekin neft erasi tugaydigan bo‘lsa yoki narxi juda ham tushib ketadigan bo‘lsa, Saudiya iqtisodiyotida inqiroz boshlanadi. Masalan, Qrim anneksiyasidan keyin Obama bilan Saudiya o‘rtasida Rossiyani jazolash uchun kelishuv bo‘lgandi, natijada neft narxi juda ham tushib ketdi. Keyinchalik Saudiya bir necha yil davomida narxni ko‘tarishga harakat qildi, lekin erisha olmadi, chunki qolgan neft ishlab chiqaruvchilar bozorga ko‘proq neft chiqardi, ikki o‘rtada Saudiyaning budjeti ko‘plab daromadlarga ega bo‘lmadi”, – deydi Rabbimov.

Shuhrat Rasulning ma’lumot berishicha, OPEC va OPEC+ formatlariga a’zo bo‘lmagan 40 dan ortiq neft eksportyor-davlatlari bor. Ulardan tashqari, o‘z ehtiyoji uchun o‘zi neft ishlab chiqaradigan davlatlar ham bor, masalan O‘zbekiston. OPEC'ning asosiy maqsadlaridan biri – neft eksport qilish salohiyatiga ega ana shu 40 dan ortiq davlatlar bilan raqobat qilish, iloji boricha dunyoda neft narxini o‘zlari xohlagan tarzda o‘ynatish. Boshqacha aytganda, oldindan til biriktirgan holda narx belgilash deyish mumkin.

“OPEC va OPEC+ formatlarining ichida ham o‘zaro kuchli raqobat ketyapti. Bir necha kun oldin Saudiya Arabistoni neft vaziri 1 dekabrdan boshlab kunlik neft qazib olishni 83 ming barrelga, yillik neft qazib olishni 1 million barrelga ko‘tarishini aytdi. 2020 yili, koronavirus davrida neftga talab keskin pasayganida neft qazib chiqarishni eng ko‘p – 30 foizga kamaytirgan davlat bu – Saudiya Arabistoni. Boshqa bir qator OPEC+ davlatlari – Eron, Iroq, Rossiya o‘zlariga berilgan neft qazib chiqarishni kamaytirish kvotalarini bajarmadi.

2020 yili Saudiya va Rossiya o‘rtasida katta insident bo‘lgan. Rossiyalik vazir Novak OPEC+ majlisida kvotalarni kamaytirishga rozi bo‘lmay, “bizning o‘z siyosatimiz bor, falon barrelga ko‘paytiramiz” degandan keyin, Saudiya Arabistoni ikki oy ichida neft qazib chiqarishni o‘z tarixidagi eng maksimal darajaga ko‘tardi. Va neft narxi 10 dollarga tushib ketdi, bir necha oy shu narx saqlanib qoldi. Men o‘shanda Facebook'dagi sahifamda uch oyga qolmasdan Rossiya borib Saudiyaga tiz cho‘kadi deb aytgandim, aytganimdek bo‘ldi, shaxsan Putinning o‘zi telefon qilib, kechirim so‘radi va Novakni vazirlikdan olib tashladi. To‘g‘ri, keyinroq uni bosh vazir o‘rinbosari qilib tayinladi, lekin o‘sha paytda ishdan olingandi.

Neft qazib chiqaruvchi asosiy davlatlar orasida mana shunaqangi ichki nizolar ham bor. Bugungi kundagi raqobat Saudiya Arabistonining 1 dekabrdan boshlab neft qazib chiqarishni oshirishiga va kelasi yil neft 50 dollarga tushadi deb prognoz berishiga olib keldi. Ayrim ekspertlar narx 40 dollarga ham tushib ketadi deyapti. Sababi Saudiya Arabistoni qazib chiqarishni 30 foizga kamaytirib, bozordagi shu ulushni boshqa o‘yinchilarga berib qo‘ygandi, endi narxni tushirish orqali bozordagi yo‘qotgan ulushini to‘liq qaytarib olmoqchi.

Saudiyaning bu bozordagi ustunligi shundaki, u yerda 1 barrel neftning tannarxi 20 dollarga tushadi. Eng ko‘p neft qazib chiqaruvchi AQSh bo‘lsa-da, lekin u yerdagi slanets neftining tannarxi 58 dollar. Narx 58 dollardan tushib ketsa, AQShda neft biznesi bilan shug‘ullanish manfaatsiz bo‘lib qoladi. Rossiyada bu qizil chiziq – 50 dollar. Demak, Saudiya bemalol narxni tushirib, ishlab chiqarish hajmini oshirish orqali bozordagi mavqeyini tiklashi mumkin.

1985 yildan 2002 yilgacha arzon neft davri bo‘lgan. 2025 yildan xuddi shunga o‘xshash davr boshlanishi mumkin. Bu – o‘zaro raqobat tufayli.

Bu yerda yana bir juda muhim trend bor. Bu – yashil texnologiyalarning rivojlanayotgani. Eng muhimi shundaki, yashil energetika texnologiyalari bozorida lider – bu Xitoy. Xitoy quyosh panellari orqali elektr energiyasi generatsiyasini 2030 yilga borib 4 barobarga ko‘paytirmoqchi bo‘lyapti. Yanagi yildan boshlab Xitoyda elektromobil ishlab chiqarish ichki yonuv dvigatelli avtomobillarni ortda qoldiradi. Jahonda neft iste’molining 45 foizi esa dizel va benzinga to‘g‘ri keladi. Mana shu ikkita trend 2025 yildan dunyoda arzon neft davri boshlanishi mumkin degan prognoz berishga asos bo‘lyapti”, – deya tushuntiradi Shuhrat Rasul.

Neftning geosiyosiy va geoiqtisodiy jihatlari va istiqbollari haqida tahlilchilarning fikri bilan to‘liq video orqali tanishishingiz mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid