Propaganda BRICS sammitidan geosiyosiy «qurol» sifatida foydalandi
BRICSʼning Qozonda bo‘lib o‘tgan sammiti noharbiy bo‘lsa-da, yangi dunyo tartibotiga intilish elementlari bilan yodda qoldi. BMT bosh kotibi Guterrishning BRICS+ da ishtirok etgani esa Putin uchun sovg‘a, G‘arb uchun esa kutilmagan sovg‘adek reaksiyalarga sabab bo‘ldi.
Rus mediasi esa mazkur tadbirni olamshumul hodisadek yoritdi. Xo‘sh, aslida Rossiyada o‘tgan BRICS uchrashuvlari mohiyati qanday edi?
«Geosiyosat» dasturida tahlilchilar Shuhrat Rasul, Kamoliddin Rabbimov va Abduvali Soyibnazarov mavzu yuzasidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashishdi.
Rossiya BRICS sammiti orqali G‘arb izolyatsiyasidan chiqdimi yoki birgina bu uchrashuv sabab bunday xulosa qilishga ertami?
Tahlilchi Shuhrat Rasulning ta’kidlashicha ushbu sammitda 36 ta davlat ishtirok etdi, bulardan 22 ta davlat liderlari, prezidentlar va bosh vazirlar qatnashgan bo‘lib, ayniqsa Hindiston va Xitoy davlatlarining ishtiroki sammit nufuzini oshirgan.
Siyosatshunos BRICSʼning asl maqsadi a’zo davlatlarning iqtisodiy manfaatlarini oshirish degan fikrni keltiradi, ammo 2014 yil Rossiya va Ukraina urushi boshlanganidan keyin tashkilot motivi geosiyosiy o‘lcham bilan almashtirilmoqda. Ya’ni, Rossiya BRICS tashkiloti orqali AQSh yoki G‘arbga qarshi siyosiy bir kuchni shakllantirishni maqsad qilgan, degan fikrni aytib o‘tadi.
Shuningdek tahlilchi BRICSʼga a’zo Rossiya va Eron tashkilotga a’zo bo‘lmagan Venusuela davlatlaridan tashqari boshqa sammitga taklif qilingan katta-kichik davlatlarining AQSh yoki Kollektiv G‘arb bilan hech qanday qarama-qarshiligi yo‘qligini ta’kidlab, mezbon Rossiya BRICSʼdan geosiyosiy qurol sifatida foydalanishga harakat qilmoqda, deydi.
Kamoliddin Rabbimov Rossiya siyosiy izolyatsiya to‘sig‘ini ma’lum bir ma’noda yorib o‘tyapti, degan fikrni keltirib o‘tadi:
«Chunki o‘tgan yili BMT Jinoyat sudi Putinga nisbatan urush jinoyatlari uchun qidiruv e’lon qilgan edi. Qolaversa, Rossiyaga va Putinga nisbatan tarixdagi eng katta sanksiyalar joriy qilingan edi. Ammo BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishning sammitga tashrifini Rossiya matbuoti yaxshigina propaganda qilmoqda. Bundan Ukraina g‘azabga kelayotgani aniq, chunki Guterrish Ukrainaga tashrifni rad etgan edi, shuningdek, Isroil ham BMTni o‘ziga dushman tashkilot sifatida tan olib, Guterrishni «persona non grata» deb ta’kidlamoqda. Bu yerda o‘ziga xos geosiyosiy maqsad ko‘zlangani aniq. Ammo G‘arb tahlilchilari ham Rossiya ma’lum izolyatsiya to‘sig‘ini yorib chiqmoqda, deya ta’kidlamoqda».
Siyosatshunos Abduvali Soyibnazarov BRICS o‘z ustaviga ega tashkilot emasligiga urg‘u berib, u siyosiy yoki iqtisodiy muammolarni hal qilish uchun maslahat organi sifatida tan olinishini aytib o‘tdi. G‘arbga qarshi qandaydir siyosiy kuch shakllantirishiga hech qanday asos yo‘qligi, chunki a’zo tashkilotlar o‘z manfaatlari uchun bir nuqtada ekanliklarini ta’kidlaydi. Buni Hindiston bosh vaziri Narendra Modi yoki Xitoy bosh vaziri Li Sin Pinning Rossiyaga tashrifida Ukraina bilan murosaga kelish borasidagi fikrlari isbotlaydi. Ya’ni, davlatlar o‘z manfaatlari uchun BRICSʼga a’zo bo‘lishgan. Shuning uchun BRICSʼni G‘arbga qarshi qaratilgan kuch sifatida baholash noto‘g‘ri, deydi tahlilchi.
Normuhammad Ali Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
23:08 / 31.10.2024
«Boshqa davlatlar ham Pxenyan kabi o‘z qo‘shinlarini Rossiyaga yuborishi mumkin» - ekspert
11:10 / 31.10.2024
AQSh Rossiya mudofaa vazirining besh o‘rinbosariga qarshi sanksiyalar kiritdi
10:30 / 31.10.2024
Borrel: YeI RFdagi siyosiy qatag‘on qurbonlarini unutmaydi
22:23 / 30.10.2024