Sport | 19:50 / 26.03.2019
10153
2 daqiqa o‘qiladi

Usmon Toshev: «Jamoalar o‘rtasidagi farq sezildi»

23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo Chempionati saralashi doirasidagi O‘zbekiston hamda Tojikiston jamoalari o‘rtasidagi o‘yindan (0:0) so‘ng har ikki jamoaning bosh murabbiylari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Anjumanning birinchi qismida Tojikiston milliy olimpiya jamoasi bosh murabbiyi Usmon Toshev qatnashdi. Unda ishtirok etgan Tribuna.uz muxbiri Toshevning so‘zlarini yozib oldi.

«Bu o‘yin biz hali o‘z ustimizda ishlashimiz kerakligini ko‘rsatdi. Futbolchilarda bosim bor va o‘sha bosim xohlagan o‘yinimizni ko‘rsatishga xalaqit berdi. Futbolchilarimning maydondagi harakatlaridan mamnun bo‘ldim.

Albatta, jamoalar o‘rtasidagi farq sezildi. Biz top darajadagi jamoalar o‘yiniga yaqinlashishimiz kerak. Muhimi, biz buni anglayapmiz. Men ham, rahbariyatimiz ham. Bugun amaldagi chempionga qarshi o‘ynadik va yomon harakat qilmadik deb o‘ylayman. Lekin farq chindan ham sezildi.

O‘yindan qoniqdim degani xohlaganimizdek o‘ynadik degani emas. Biz hujumkorroq o‘ynashimiz kerak edi. Hujumda ishlarimiz yurishmadi. Bugun o‘ynagan futbolchilar to‘liq asosiy tarkib a'zolari, deya olmayman. Jamoaga jalb qilishimiz mumkin bo‘lgan futbolchilar bor. Lekin bugun maydonga tushgan yigitlar qolganlardan ko‘ra kattaroq xalqaro tajribaga ega»,- deydi Usmon Toshev.

Mavzuga oid