Jamiyat | 18:57 / 27.03.2019
6490
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda dori vositalari va poroxning yashirincha olib kirilishi oldi olindi

Amaldagi tartiblarga ko‘ra, jismoniy shaxslarga shaxsiy foydalanish uchun turli nomdagi 10tagacha dori preparatlaridan iborat dori vositalari (har biri uchun 5 o‘ramdan ortiq bo‘lmagan) va 5 birlikdan ortiq bo‘lmagan tibbiy buyumlarni olib kirishga ruxsat etiladi.

«O.N.ni ushbu me'yor qoniqtirmagan ko‘rinadi. «Moskva-Dushanbe» yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezdi orqali yurtimizga kirib kelar ekan, «Qoraqalpog‘iston» temir yo‘l chegara bojxona postida ushbu ayol yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida va bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida ma'lum qilmasdan turib, qiymati 5 mln so‘mlik 50ta o‘ramda 1250 tabletka «Konkor 5 mg» nomli dori vositalarini olib kirmoqchi bo‘lgani fosh etildi», deyiladi Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabarida.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.

Shuningdek, mazkur post xodimlari yana bir holatda kontrabanda ashyolaridan biri – poroxning yashirincha olib kirilishini fosh qilishgan.

Qo‘shni davlatdan respublikamizga kirib kelgan yuk poyezdini bojxona ko‘rigidan o‘tkazish davomida vagonlaridan birining ko‘z ilg‘amas bo‘shliqlariga 1 dona polietilen o‘ram yashirilgani fosh bo‘lgan. Ushbu o‘ram xolislar ishtirokida ochib ko‘rilganida esa, uning ichiga 240 gr. og‘irlikdagi porox yashirilgani aniqlangan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Mavzuga oid